add

Dmitriy Kozak chet elga ketishidan avval Putinga urushni tanqid qilib maktub yozgani aytilmoqda

29.11.2025 | 09:3816122 daqiqa

Dmitriy Kozak Rossiyaning Ukrainaga hujumiga qarshi keskin tanqid yozgan maktubni Putinga topshirgani, shundan so‘ng iste’foga chiqib, bir necha bor chet elga chiqqanini manbalar tasdiqlamoqda.

Dmitriy Kozak chet elga ketishidan avval Putinga urushni tanqid qilib maktub yozgani aytilmoqda

Rossiya prezidenti ma’muriyati rahbari o‘rinbosari lavozimidan sentabr oyida iste’foga chiqqan Dmitriy Kozakning ketishi ortida jiddiy siyosiy mohiyat turgani ma’lum bo‘lmoqda. «Agentstvo» nashri manbalariga ko‘ra, Kozak ishdan bo‘shatilishidan avval Vladimir Putinga shaxsiy maktub yozib, Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinini o‘ta keskin tanqid qilgan.

Manbalar aytishicha, Kozak ikki hujjat tayyorlagan: rasmiy ariza va Putinga yo‘llangan shaxsiy maktub. Ayni shu maktubda u hujum qarorini «strategik xatolik» sifatida atagan va uning oqibatlari Rossiyani uzoq yillar davomida zaiflashtirishini ta’kidlagan.

Shundan so‘ng Kozak bir necha marta chet elga chiqqan. To‘rtta manbaning tasdiqlashicha, u ayniqsa Isroilda ko‘p bo‘lgan, ammo bunga xavfsizlik emas, sog‘ligi bilan bog‘liq masalalar sabab bo‘lgan. U doim Rossiyaga qaytib kirib chiqayotgani ham qayd etilgan.

Kozak Vladimir Putin atrofidagi eng yaqin amaldorlar orasida Ukrainadagi urushni ochiq tanqid qilgan yagona shaxs sifatida tilga olinadi. The New York Times ma’lumotlariga ko‘ra, u bu yil prezidentga bir necha bor urushni to‘xtatish va mamlakat ichida islohotlar o‘tkazishni taklif qilgan. Reuters ham Kozak 2022 yilgi hujum qaroriga qarshi chiqqanini yozgan edi.

Kozakning siyosiy karerasi Putin bilan Leningrad davridan boshlangan. U hukumat apparati rahbari, vazir, Kavkaz bo‘yicha prezident vakili, bosh vaziri o‘rinbosari va Kreml administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. Urushdan oldin esa Kremlda LXR va DXR bilan ishlashni muvofiqlashtirgan.

Manbalarning ta’kidlashicha, u Ukraina masalasidan chetlatilgandan keyin amalda ish yuritmagan, Moldova va Abxaziyadagi Kreml strategiyasi ham samarasiz bo‘lgach, uning ta’siri yanada kamaygan. 18-sentabrdagi iste’fodan so‘ng Kozakka hech qanday yangi lavozim berilmadi.

Teglar

Mavzuga oid