Logo

Dollar bilan endi nima bo‘ladi?

Kecha 22:105 daqiqa

Dollar kursi 9-sentabr uchun 23,88 so‘mga ko‘tarilib, 11 813,21 so‘m qilib belgilandi. Biroq u hamon 2023-yil avgustidan beri eng past daraja atrofida yuribdi. Bu dollar «sindi» yoki endi doimiy arzonlashadi, degani emas.

Dollar bilan endi nima bo‘ladi? © Foto: Bloomberg

Dollar kursi bir necha haftadan beri 11 800 so‘m atrofida yuribdi. Markaziy bank 9-sentabr uchun rasmiy kursni 11 813,21 so‘m etib belgiladi. Bu avvalgi kunga nisbatan 23,88 so‘mga ko‘p.

Shunga qaramay, dollar yil boshidan beri 191,2 so‘mga yoki qariyb 1,6 foizga arzonlagan.

Ayrim ommaviy kanallar esa vaziyatni odatdagidek bo‘rttirib, «Dahshat!», «Dollar sinib ketdi!», «Dollar olmang!» kabi xabarlarni tarqatmoqda.

Bunday sarlavhalar vaziyatni tushuntirmaydi. Aksincha, faqat odamlarni vahimaga solishi mumkin.

Keling, dollar nega tushgani va endi nima bo‘lishi mumkinligini oddiy qilib ko‘rib chiqamiz.

Dollar qanday shakllanadi?

Avvalo, 11 800 so‘m dollar uchun belgilangan maxsus chegara emas. Bu shunchaki odamlar e’tibor beradigan raqam.

O‘zbekistonda dollar kursi valuta birjasidagi talab va taklif asosida shakllanadi. Shuning uchun kurs ma’lum bir raqamga yetgach avtomatik ravishda to‘xtab qolmaydi.

Dollar 26-avgustda 11 778,52 so‘mgacha tushib, 2023 yil 10-avgustdan beri eng past darajani qayd etgandi. 9-sentabrga kelib kurs 11 813,21 so‘mni tashkil qildi. Ya’ni dollar eng past nuqtadan 34,69 so‘mga ko‘tarilgan.

Bundan tashqari, iyul oyining o‘zida kurs 11 910 so‘mdan pastga tushib, keyin 12 101 so‘mgacha ko‘tarilgandi. Demak, kurs bir tomonga to‘xtovsiz harakatlanayotgani yo‘q.

Avgustda so‘m dollarga nisbatan 1,7 foizga mustahkamlandi. Shu oyning o‘zida kuzatilgan 39 ta valutaning 25 tasi ham dollarga nisbatan qimmatlagan. Demak, jarayonning bir qismi dollarning jahon bozorida zaiflashishi bilan ham bog‘liq.

Biroq O‘zbekistonda kursning tushishiga ichki omillar ham kuchli ta’sir qilmoqda.

Nega dollar tushdi?

Markaziy bank dollarning so‘nggi tushishini bitta aniq sabab bilan izohlagani yo‘q. Lekin valuta bozoridagi raqamlar vaziyat haqida yetarlicha tasavvur beradi.

1

2026 yilning yanvar—iyul oylarida chet el valutasiga talab 17,7 foizga oshib, 38,2 mlrd dollarga yetgan. Valuta taklifi esa 28 foizga o‘sib, 33 mlrd dollarni tashkil qilgan.

Ya’ni dollarga talab oshgan. Lekin mamlakatda sotuvga chiqarilayotgan dollar undan ham tezroq ko‘paygan.

Shu sababli talab va taklif o‘rtasidagi farq 6,7 mlrd dollardan 5,2 mlrd dollarga qisqargan. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, jismoniy shaxslar yetti oyda banklarga 14,6 mlrd dollar sotgan va 8,2 mlrd dollar sotib olgan.

Oddiy qilib aytganda, aholi sotib olganidan 6,4 mlrd dollar ko‘proq valuta sotgan.

Pul o‘tkazmalari ham oshgan. Birinchi yarim yillikda O‘zbekistonga 9,3 mlrd dollar kelib tushgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 13 foiz ko‘p. Mamlakatdan tashqariga esa 1,3 mlrd dollar o‘tkazilgan.

Natijada pul o‘tkazmalari orqali mamlakatga sof hisobda qariyb 8 mlrd dollar kirib kelgan. Bu ham ichki bozorda dollar taklifini ko‘paytirgan.

Qisqasi, hozir mamlakatga dollar ko‘proq kiryapti. Taklif talabdan tezroq o‘sgani uchun dollar arzonlashmoqda.

Dollar endi faqat tushadimi?

Yo‘q.

9-sentabr uchun kursning 23,88 so‘mga ko‘tarilgani ham valuta narxi ikki tomonga harakatlanishi mumkinligini ko‘rsatadi. Biroq bir kunlik o‘sish dollar endi yana muntazam qimmatlashadi, degani ham emas.

Valuta kursiga faqat pul o‘tkazmalari emas, import, eksport, oltin narxi, tashqi qarz to‘lovlari va yirik kompaniyalarning valutaga talabi ham ta’sir qiladi.

2

Ayniqsa, import tez o‘smoqda.

2026 yilning yanvar—iyul oylarida O‘zbekiston eksporti 3,6 foizga kamayib, 19,9 mlrd dollar bo‘lgan. Import esa 17,8 foizga o‘sib, 29,6 mlrd dollarga yetgan. Natijada tashqi savdo taqchilligi 9,7 mlrd dollarni tashkil qilgan.

Bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 2,2 baravar ko‘p. Shu bilan birga, oltinsiz tovarlar eksporti 27,7 foizga o‘sganini ham unutmaslik kerak. Ya’ni tashqi savdoda ijobiy va salbiy jarayonlar bir vaqtning o‘zida ketmoqda.

Importning o‘sishi dollarga talabni oshiradi. Agar pul o‘tkazmalari sekinlashsa, eksport tushumlari kamaysa yoki import yana tezlashsa, valutaga talab taklifga yetib olishi mumkin.

Bunday holatda dollar yana qimmatlashadi.

Lekin bu ertaga kurs keskin sakraydi, degani emas. Hozirgi raqamlar yaqin davrda dollarning faqat tushishi yoki keskin ko‘tarilishidan ko‘ra, ma’lum oraliqda tebranib turishi ehtimoli yuqoriroqligini ko‘rsatmoqda.

Dollar yana 12 mingdan oshadimi?

Oshishi mumkin. Hozirgi kurs 12 ming so‘mlik darajadan atigi 186,79 so‘m yoki 1,6 foiz past.

Lekin dollar qachon va qanchaga ko‘tarilishini hozir aniq aytib bo‘lmaydi.

Taqqoslash uchun, dollar 2025 yil 14-fevralda 13 003,95 so‘mga chiqib, tarixiy cho‘qqisini qayd etgandi. Hozirgi kurs bu ko‘rsatkichdan 1 190,74 so‘m yoki 9,2 foiz past.

3

Vaqt.uz hukumatning Fiskal strategiyasi va aholi soni bo‘yicha prognozlar asosida dollarning o‘rtacha kursini hisoblab chiqqandi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘rtacha dollar kursi 2026 yilda 12,16 ming so‘m, 2027 yilda 12,29 ming so‘m, 2028 yilda 12,61 ming so‘m va 2029 yilda 12,8 ming so‘m atrofida bo‘lishi mumkin.

Bu raqamlar so‘m kelgusi yillarda asta-sekin qadrsizlanishi mumkinligini ko‘rsatadi. Biroq 12,16 ming so‘m — 2026 yil oxiridagi kurs emas. Bu yil davomidagi o‘rtacha ko‘rsatkich. Kurs ayrim kunlari undan past yoki yuqori bo‘lishi mumkin.

Qolaversa, hisob-kitob hukumatning iqtisodiy va demografik prognozlariga tayanadi. Import, eksport, pul o‘tkazmalari, oltin narxi yoki tashqi iqtisodiy vaziyat o‘zgarsa, amaldagi kurs ham hisob-kitobdan farq qilishi mumkin.

Shuning uchun hozir «dollar endi faqat tushadi» deyish ham, «ertaga keskin ko‘tariladi» deyish ham asosli emas.

Dollar olish kerakmi?

Bu savolning javobi pulni nima uchun jamg‘arayotganingizga bog‘liq.

Agar kelajakdagi xarajatingiz dollarda bo‘lsa — masalan, chet elda o‘qish, sayohat yoki import tovarini xarid qilish rejasi bo‘lsa — dollarni qismlarga bo‘lib olish mumkin. Bu eng past kursni topishga urinishdan xavfsizroq.

Agar xarajatlaringiz so‘mda bo‘lsa, bor pulni dollarga aylantirish ko‘pincha to‘g‘ri qaror emas.

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yil iyunida aholi uchun so‘mdagi muddatli omonatlarning o‘rtacha yillik stavkasi 19,2 foizni tashkil qilgan. Dollar esa yil boshidan beri so‘mga nisbatan qariyb 1,6 foizga arzonlagan.

Albatta, yillik omonat stavkasini dollarning sakkiz oylik o‘zgarishi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri solishtirib bo‘lmaydi. Lekin bu raqamlar naqd dollarni uyda saqlash hozircha jamg‘arma uchun zararga ishlayotganini ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, «umuman dollarda pul saqlamang» degan maslahat ham to‘g‘ri emas. Jamg‘armaning hammasini bitta valutada saqlash o‘rniga, uni maqsad va muddatga qarab bo‘lib qo‘yish to‘g‘riroq.

Hozir so‘mni pul o‘tkazmalari va valuta taklifining tez o‘sishi qo‘llab turibdi. Importning o‘sishi esa qarshi bosimni kuchaytirmoqda.

Qaysi tomon ustun kelsa, kurs o‘sha tomonga harakat qiladi.

Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 300

Barchasi

Mavzuga oid

Dollar bilan endi nima bo‘ladi? | Vaqt.uz