Dollar mustahkamlangani sababli oltin narxi pasaydi
AQSHning muhim inflatsiya ma’lumotlari e’lon qilinishi arafasida dollar mustahkamlashdi. Bu esa dollarda baholanadigan qimmatbaho metallarni boshqa valuta egalari uchun qimmatlashtirdi.

Bugun, 19-fevral kuni likvidlik past bo‘lgan bozorda oltin narxlari biroz tushdi. Bu holat avvalgi sessiyadagi 2 foizdan ortiq o‘sishdan so‘ng kuzatildi. Asosiy bosim esa AQSHning muhim inflatsiya ma’lumotlari e’lon qilinishi arafasida dollar mustahkamlashgani bilan bog‘liq bo‘ldi. Ushbu ma’lumotlar Federal zaxira tizimining foiz stavkalarini pasaytirish yo‘nalishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin, deb xabar berdi «Reuters» axborot agentligi.
Qayd etilishcha, spot oltin narxi unsiyasi uchun 4 968,10 dollarga tushib, 0,2 foizga pasaygan. AQSHning aprel oyida yetkazib beriladigan oltin fyucherslari esa 0,4 foizga tushib, 4 987,60 dollar bo‘lgan.
«Oltin hozircha konsolidatsiya kayfiyatida. Bu ko‘proq Osiyodagi bayram davrida likvidlik pastligi bilan bog‘liq bo‘lib, fundamental omillarda o‘zgarish borligini anglatmaydi», – deydi OCBC banki strategi Kristofer Vong.
Xitoy, Hongkong, Singapur, Tayvan va Janubiy Koreya bozorlari Oy Yangi yili munosabati bilan yopiq bo‘ldi.
AQSH dollari bir haftadan ortiq vaqt ichidagi eng yuqori darajasiga yaqin barqaror saqlandi. Bu esa dollarda baholanadigan qimmatbaho metallarni boshqa valuta egalari uchun qimmatlashtirdi.
Foiz stavkasi o‘zgarishsiz qoldirilishi
Shu bilan birga, yanvar oyiga oid Fed yig‘ilishi bayonnomalari siyosatchilarning qariyb bir ovozdan foiz stavkalarini o‘zgarishsiz qoldirishga kelishib olganini ko‘rsatdi. Biroq keyingi qadamlar borasida fikrlar turlicha bo‘ldi: «bir nechta» a’zo inflatsiya yuqori darajada saqlansa, stavkalarni oshirishga tayyorligini bildirgan, boshqalar esa inflatsiya pasaysa, qo‘shimcha pasaytirishlarni qo‘llab-quvvatlashga moyil.
CME’ning «FedWatch» vositasiga ko‘ra, bozorlar joriy yildagi ilk foiz stavkasi pasaytirilishi iyun oyida bo‘lishini kutmoqda.
Asosiy e’tibor hisobotlarga qaratilgan
Investorlar bugun e’lon qilinadigan ishsizlik bo‘yicha haftalik arizalar va ertaga, 20-fevral kuni chiqadigan Shaxsiy iste’mol xarajatlari (PCE) hisobotiga e’tibor qaratmoqda. PCE Fed afzal ko‘radigan inflatsiya ko‘rsatkichi hisoblanadi. Foiz daromadi keltirmaydigan oltin odatda past foiz stavkalari muhitida yaxshi natija ko‘rsatadi.
«Yaqin muddatda oltin va kumush narxlari bosqichma-bosqich yuqoriga yo‘nalish olishidan oldin ma’lum bir konsolidatsiya davrini ko‘ramiz. Kumush uchun konsolidatsiya 70–90 dollar oralig‘ida saqlanishi, oltin esa vaqtincha 4 800–5 100 dollar diapazonida savdo qilinishi mumkin», – deydi Vong.
Kecha, 18-fevral kuni 5 foizdan ortiq o‘sganidan so‘ng, spot kumush unsiyasi 77,18 dollar darajasida barqaror qoldi. Spot platina 0,1 foizga tushib, 2 069,58 dollarga yetdi, palladiy esa 1 715,93 dollar darajasida o‘zgarishsiz saqlandi.





