Dollar urushdan yutdi, ammo tezda pozitsiyalarini yo‘qotishi mumkin – «Reuters»

05.03.2026 | 14:513 daqiqa

Yaqin Sharqda urush boshlanganidan beri dollar mustahkamlangan bo‘lsa-da, AQSH aktivlarining «xavfsiz panoh» maqomiga doir shubhalar saqlanib qolayotgani sabab bu o‘sish qisqa muddatli bo‘lishi mumkin.

Dollar urushdan yutdi, ammo tezda pozitsiyalarini yo‘qotishi mumkin – «Reuters»

Tahlilchilar prognozi

«Reuters» tomonidan o‘tkazilgan oylik tadqiqotda ishtirok etgan 60 nafar tahlilchining median prognoziga ko‘ra, dollar umuman olganda yanada zaiflashishi kutilmoqda.

Tahlilchilar fikricha, mart oyi oxirigacha dollar yevroga nisbatan taxminan 2 foizga qadrsizlanib, 1,18 dollarga tushishi mumkin. Keyin esa uch oy ichida 1,19 dollargacha, olti oydan so‘ng esa 1,20 dollargacha mustahkamlanishi prognoz qilinmoqda. «Reuters» qayd etishicha, bu baholar o‘tgan oydagi prognozlardan deyarli o‘zgarmagan.

Agentlik ta’kidlashicha, bir yillik prognozlar yuqori noaniqlikni aks ettirmoqda. Median bahoga ko‘ra, yevro bir yil ichida 1,21 dollargacha mustahkamlanishi mumkin. Biroq prognozlar orasidagi farq taxminan 18 sentni tashkil etadi – bu «Reuters» so‘rovlarida oktabr oyidan beri eng keng diapazonlardan biri hisoblanadi.

Mart oyi oxirigacha bozor pozitsiyalari qanday o‘zgarishi haqidagi savolga javob bergan valuta strateglarining qariyb yarmi (45 nafardan 21 nafari) sezilarli o‘zgarishlar bo‘lmasligini yoki dollarga qarshi qisqa pozitsiyalar hajmi hatto oshishini aytgan. 19 nafar respondent esa sof qisqa pozitsiyalar qisqarishini taxmin qilgan, faqat besh nafar tahlilchi sof uzun pozitsiyalarga o‘tishni prognoz qilgan.

«Rabobank» banki valuta strategiyasi rahbari Jeyn Folining aytishicha, ular o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmagan.

«Biz bu yil yevro-dollar juftligi va dollarga bog‘liq boshqa kross-kurslar bo‘yicha volatil va notekis dinamikani kutmoqdamiz. Ammo dollar avvalgidek xavfsiz aktivmi? Ehtimol, yo‘q. Aks holda, so‘nggi bir yarim yil davomida bu masalani muhokama qilmagan bo‘lar edik», – deydi u.

«Citi» bankining «G10 FX» bo‘limi rahbari Den Tobon esa AQSH iqtisodiyoti, ayniqsa mehnat bozorining kelajak rivoji borasida noaniqlik juda katta ekanini ta’kidladi.

«Mumkin bo‘lgan ssenariylar diapazoni juda keng. Aynan shu noaniqlik hozircha yevro–dollar juftligini nisbatan tor savdo diapazonida ushlab turibdi», – deydi u.

Tobon umumiy konsensusga qarshi fikr bildirgan kam sonli tahlilchilardan biri bo‘lib, u aksincha, dollar mustahkamlanishini kutmoqda.

Dollar bilan nima sodir bo‘lmoqda?

2-mart kuni dollar taxminan 1,5 foizga mustahkamlandi. «Reuters» ta’kidlashicha, bu asosan dollarga qarshi ochilgan qisqa pozitsiyalar yopilishi hisobidan sodir bo‘lgan. Harakatning asosiy katalizatori esa neft narxlarining keskin o‘sishi bo‘lgan.

Biroq 4-mart kuni «The New York Times» nashri Eron vakillari AQSH va Isroil bilan urushni tugatish shartlarini muhokama qilishni taklif qilgani haqida xabar berganidan keyin dollar qariyb bir oy ichidagi eng keskin pasayishni ko‘rsatdi. Shu fonda «Bloomberg» agentligi hisoblaydigan «Bloomberg Dollar Spot» indeksi (dollarning asosiy jahon valutalari savatiga nisbatan kursi) 0,4 foizga tushdi, garchi keyinchalik qisman tiklangan bo‘lsa-da.

«Reuters» qayd etishicha, dollarning mustahkamlanishi klassik «himoya aktivlariga qochish» holatiga o‘xshamaydi. Chunki 28-fevral kuni urush boshlanishidan oldin bozor ishtirokchilari AQSH valutasi bo‘yicha katta hajmda qisqa pozitsiyalar egallab turgan.

«JPMorgan» valuta strateglari ham bu tendensiyaga e’tibor qaratgan.

«Ikki hafta oldin kapital oqimlari haqidagi ma’lumotlarimizda leveredjning kamayishiga doir signallar paydo bo‘layotganini aytgan edik. Bu ehtimol AQSH va Eron atrofidagi xavflar bilan qisman bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shuning uchun dushanba kuni bu kabi pozitsiyalar yopilishi bizni hayratga solmadi», – deyiladi ularning bayonotida.

Ularning ta’kidlashicha, agar dollarga qarshi qisqa pozitsiyalar keng ko‘lamda yopilib, neytral darajaga qaytsa, bu valutaga hozirgi darajalardan qo‘shimcha 1,5–2 foiz atrofida qo‘llab-quvvatlash berishi mumkin. Biroq bu ko‘p jihatdan yangi mojaroning qanday rivojlanishiga bog‘liq bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid