Dubay lyuksni yo‘qotmoqda: «Apple», «Louis Vuitton» va «Gucci» ishini to‘xtatdi
Yaqin Sharqdagi mojaro keskinlashuvi biznes va sayohat sohasida beqarorlikka sabab bo‘lmoqda. Mintaqadagi yirik savdo markazlarida jahon brendlarining ko‘plab do‘konlari yopildi.

Dubay va Yaqin Sharqning boshqa yirik savdo markazlarida jahon brendlarining ko‘plab do‘konlari yopildi yoki cheklangan xodimlar bilan ishlamoqda. Mintaqadagi mojaro keskinlashuvi biznes va sayohat sohasida beqarorlikka sabab bo‘lmoqda, deb yozadi «Reuters».
Nima ma’lum?
«Chalhoub Group» mintaqa bo‘ylab «Versace», «Jimmy Choo» va «Sephora» kabi brendlarning 900 ta do‘konini boshqaradi. Kompaniya ma’lum qilishicha, uning Bahrayndagi do‘konlari yopilgan. Boshqa bozorlar, jumladan Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va Iordaniyada do‘konlar ochiq qolgan, biroq xodimlar faqat o‘z xohishiga ko‘ra ishga chiqmoqda.
«Amazon» Abu Dabidagi logistika markazini yopdi va mintaqada yetkazib berish xizmatini vaqtincha to‘xtatdi.
«Gucci» egasi bo‘lgan «Kering» o‘z do‘konlarini BAA, Quvayt, Bahrayn va Qatarda vaqtincha yopganini va Yaqin Sharqqa xizmat safarlarini to‘xtatganini ma’lum qildi.
«Reckitt» ham Bahrayndagi zavodini vaqtincha to‘xtatib, xodimlarni masofaviy ishga o‘tkazdi.
«Apple»ning Dubaydagi do‘konlari kamida payshanbaga qadar yopiq bo‘ladi. «H&M» esa Isroil va Bahraynda faoliyatini to‘xtatdi. Xalqaro kompaniyalar xodimlar xavfsizligini ta’minlash uchun favqulodda choralar ko‘rmoqda.
Shu bilan birga, «Primark» bu bahorda Dubayda yirik kengayish rejalashtirgan edi, ammo xavfsizlik bilan bog‘liq beqaror vaziyat sababli yangi nuqtalar ochilish muddatini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lmoqda.
Kompaniyalar aksiyalari qanday reaksiya bildirdi?
«LVMH», «Hermès» hamda «Richemont» («Cartier»ning egasi) aksiyalari 2-mart kuni tushdan keyin 4 foizdan 5,7 foizgacha pasaydi. Investorlar mintaqadagi mojaro oqibatlarini baholamoqda.
«RBC Capital Markets» tahlilchisi Piral Dadxaniya ma’lumotiga ko‘ra, hozircha Yaqin Sharq jahon lyuks mahsulotlariga sarf-xarajatlarining nisbatan kichik ulushini – taxminan 5–10 foizni tashkil etadi. Biroq «Bain & Company» ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili aynan shu mintaqa lyuks bozorida «eng yorqin ko‘rsatkich» bo‘lgan, dunyo bo‘ylab qimmatbaho sumkalar savdosi sekinlashgan bir paytda Yaqin Sharqda o‘sish kuzatilgan.
Turizm to‘xtagan holatda
Nashrning yozishicha, hozirda yopiq aeroportlar mintaqada turistik oqimni keskin to‘xtatdi. Shuningdek, «Fairmont Palm» kabi besh yulduzli mehmonxonalarga zarba bergan raketa hujumlari sayohatchilarni qo‘rqitish ehtimoli yuqori, ayniqsa mojaro uzoq davom etsa.
«Agar bu bozor (sayohat savdosi) 5–6 milliard dollar qiymatga ega bo‘lsa va aytishim kerak, bir oyga yopilsa, bu sotlab million dollarlarning xavf ostida ekanini anglatadi», – deydi «Kearney» konsalting kompaniyasi hamkori Viktor Dijon.
Uning ta’kidlashicha, agar Yaqin Sharqdan mijozlar Parij yoki Milanga sayohat qila olmasa, bu Yevropa bo‘ylab lyuks mahsulotlar savdosiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.





