Logo

Dunyo «elektr energiyasi davri»ga kirmoqda: bu jarayon iqtisodiyotni qanday o‘zgartiradi?

Bugun 15:305 daqiqa

Xalqaro energetika agentligiga ko‘ra, 2030 yilgacha elektr energiyasiga bo‘lgan talab keskin o‘sadi. Sun’iy intellekt, elektromobillar va konditsionerlar bu jarayonni yanada tezlashtirmoqda.

Dunyo «elektr energiyasi davri»ga kirmoqda: bu jarayon iqtisodiyotni qanday o‘zgartiradi? © Foto: Louai Beshara/AFP/Getty Images

Dunyo energetikasida yangi bosqich boshlanmoqda. Sanoat inqilobidan keyingi davr ko‘mir, neft va gaz bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan bo‘lsa, endilikda elektr energiyasi iqtisodiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biriga aylanmoqda. Elektromobillar, ma’lumotlar markazlari, sun’iy intellekt, elektr isitish tizimlari va sanoatning yalpi elektrlashtirilishi bu jarayonni tezlashtirmoqda.

Xalqaro energetika agentligi (XEA) ijrochi direktori Fotih Birol «The Guardian» nashriga bergan intervyusida dunyo rasman «elektr energiyasi davri»ga kirganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, keyingi o‘n yil ichida jahon energetika tizimiga qo‘shiladigan yangi elektr ishlab chiqarish quvvatlari so‘nggi o‘n yillikdagi ko‘rsatkichdan ikki barobar ko‘p bo‘lishi mumkin.

Birolning qayd etishicha, so‘nggi o‘n yilda dunyo bo‘yicha taxminan 5 000 gigavatt elektr ishlab chiqarish quvvati yaratilgan. Kelgusi o‘n yillikda esa yana taxminan 12 000 gigavattlik yangi quvvatlar joriy etilishi kutilmoqda.

Elektr energiyasiga talab tez o‘smoqda

Xalqaro energetika agentligining joriy yil 22-sentabrda e’lon qilingan «Electrification» maxsus hisobotiga ko‘ra, 2015–2025 yillarda jahonda elektr energiyasiga talab yiliga o‘rtacha 3 foizdan ko‘proq o‘sgan. Bu umumiy energiya iste’molining o‘sish sur’atidan ikki barobar tez degani.

Agentlik buni bir nechta omil bilan izohlaydi: havoni sovitishga ehtiyojning ortishi, maishiy texnikalar sonining ko‘payishi, sanoat, raqamli xizmatlar, sun’iy intellekt va transport sohasining elektrlashtirilishi.

Bundagi eng muhim o‘zgarish shuki, elektr energiyasi ilgari asosan neft yoki gazga qaram bo‘lgan iqtisodiyot tarmoqlariga ham kirib bormoqda.

Birinchidan, transport elektrlashmoqda. Elektromobillar bozorining kengayishi talabning asosiy drayverlaridan biridir. XEA hisobotiga ko‘ra, 2025 yilda elektromobillar dunyoda sotilgan yangi avtomobillarning qariyb 25 foizini tashkil etdi (2015 yilda bu ko‘rsatkich 1 foizdan ham kam edi). Fotih Birolning ta’kidlashicha, so‘nggi to‘qqiz oyda hatto Xitoydan tashqari boshqa davlatlarda ham elektromobillar savdosi 60 foizga oshgan. Elektr transportining yana bir muhim ustunligi — uning energiya samaradorligidir. Elektromobil ichki yonuv dvigatelli avtomobilga qaraganda ikki-to‘rt barobar samaraliroq harakatlanadi va bir xil masofa uchun kamroq energiya sarflaydi.

Ikkinchidan, sun’iy intellekt va data-markazlar ko‘proq energiya talab qilmoqda. Sun’iy intellektning rivojlanishi faqat texnologik kompaniyalar bilan cheklanib qolmaydi. Katta til modellarini o‘qitish, ma’lumotlarni saqlash va sun’iy intellekt xizmatlarini uzluksiz ishlatish uchun yirik ma’lumotlar markazlari zarur. Bunday markazlar serverlar va sovitish tizimlari orqali ulkan miqdorda elektr iste’mol qiladi. XEAning baholashicha, data-markazlarning elektr iste’moli 2025 yildagi 485 teravatt-soatdan 2030 yilga borib 950 teravatt-soatgacha (qariyb ikki barobar) ko‘payadi. 2030 yilda data-markazlar jahondagi jami elektr energiyasi iste’molining taxminan 3 foizini tashkil qilishi kutilmoqda.

Uchinchidan, konditsionerlar va sovitish tizimlariga ehtiyoj ortmoqda. Iqlim o‘zgarishi oqibatida issiq to‘lqinlarning kuchayishi hamda aholi daromadlarining oshishi konditsionerlarga bo‘lgan talabni karrasiga oshirmoqda. Masalan, AQSHda xonadonlarning qariyb 90 foizida konditsioner mavjud bo‘lsa, Hindistonda bu ko‘rsatkich 20 foizdan, Nigeriyada esa 5 foizdan kam. Bu raqamlar rivojlanayotgan davlatlarda konditsionerlar sonining keskin ko‘payishi kutilayotganini va bu elektr tizimlariga juda katta qo‘shimcha yuklama tushirishini ko‘rsatadi.

2030 yilgacha elektr iste’moli qanchaga o‘sadi?

XEA prognozlariga ko‘ra, 2026–2030 yillarda global elektr energiyasiga talab yiliga o‘rtacha 3,6 foizga o‘sadi (bu so‘nggi o‘n yildagi o‘rtacha o‘sishdan 50 foizga yuqori).

Agentlik hisob-kitobiga ko‘ra, 2025 yilda jahon bo‘ylab 28 200 teravatt-soat elektr energiyasi iste’mol qilingan. 2030 yilga borib bu ko‘rsatkich 33 600 teravatt-soatga yetishi kutilmoqda. Bu o‘sishning asosiy qismi (qariyb 80 foizi) rivojlanayotgan iqtisodiyotlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Xitoy ushbu o‘sishning eng yirik manbai bo‘lib qolishi (global o‘sishning yarmi) taxmin qilinmoqda. Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyoda ham sanoat rivojlanishi va konditsionerlardan foydalanish ko‘lami ortishi hisobiga iste’mol keskin oshadi.

COP31 sammitida 2035 yilgacha yangi maqsad ilgari surildi

Elektr energiyasiga o‘tish masalasi 2026 yil 9–20-noyabr kunlari Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tayotgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha COP31 sammitida ham asosiy mavzulardan biriga aylandi.

Sammit doirasida elektr energiyasining energiya iste’molidagi ulushini bugungi taxminan 23 foizdan 2035 yilga borib 35 foizga yetkazish taklifi ilgari surildi. Bu tashabbus «35x35» deb nomlanmoqda.

11-noyabr kuni COP31 rahbarlar sammitida bir guruh mamlakatlar ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan.

IEA mazkur maqsadning iqtisodiy imkoniyatlarini ham baholagan. Agentlik hisobotiga ko‘ra, bugungi kunda mavjud va raqobatbardosh narxga ega elektr texnologiyalaridan kengroq foydalanilsa, 2035 yilga borib elektr energiyasi energiya iste’molining 33 foizini ta’minlashi mumkin.

Agentlikning yuqori elektrlashtirish ssenariysida esa 35 foizlik ko‘rsatkichga erishish nazarda tutilgan.

IEA hisob-kitoblariga ko‘ra, import yoqilg‘ilariga bog‘liq mamlakatlar elektrlashtirishni tezlashtirsa, 2035 yilga borib ularning energiya importi uchun xarajatlari 2025 yildagi darajaga nisbatan 400 mlrd dollardan ko‘proq kamayishi mumkin.

O‘zbekiston ham elektr talabi keskin o‘sayotgan davrni boshdan kechirmoqda

Global miqyosdagi bu jarayonlar O‘zbekiston uchun ham dolzarbdir. Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonda jami 69,6 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan (bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,4 foizga ko‘p). Iste’mol esa 68,1 milliard kilovatt-soatni tashkil etgan (6,3 foiz o‘sish).

Ishlab chiqarishda issiqlik elektr stansiyalari (49,1 mlrd kVt/soat) hamon asosiy o‘rinni egallamoqda. Biroq qayta tiklanuvchi manbalarning ulushi tez o‘smoqda: quyosh va shamol stansiyalari 10,5 mlrd, GESlar 6,6 mlrd, kichik quyosh panellari esa 2,5 mlrd kilovatt-soat elektr bergan.

E’tiborlisi, yirik quyosh va shamol stansiyalari 2026 yilning dastlabki to‘qqiz oyidayoq butun 2025 yil davomida ishlab chiqarilgan energiya hajmiga yetib olgan.

Elektr energiyasi eksporti 3,4 mlrd kilovatt-soatni, importi esa 1,9 mlrd kilovatt-soatni tashkil qilgan.

Joriy yil yakuniga qadar mamlakatda jami 94,6 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 7,7 mlrd kVt⋅soat yoki 8,8 foiz ko‘pdir.

Shuningdek, yil yakuniga qadar respublika iste’moli 92,2 mlrd kVt⋅soatni tashkil etishi kutilmoqda. Bu o‘tgan yilgi natijaga nisbatan 5,7 mlrd kVt⋅soat yoki 6,6 foizga ko‘pdir.

2030 yilgacha O‘zbekiston energetikasida nimalar o‘zgaradi?

O‘zbekistonda elektr energiyasiga talabning o‘sishi yangi generatsiya quvvatlarini qurish va mavjud infratuzilmani yangilashni talab qilmoqda.

2026 yil 16-oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev energetika sohasidagi investorlar bilan muloqot o‘tkazgan. Unda 2030 yilgacha mamlakatda qo‘shimcha 22 ming megavatt yangi generatsiya quvvatlarini ishga tushirish, yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini 129 mlrd kilovatt-soatdan oshirish va qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazish maqsadlari belgilangan.

Shuningdek, uchrashuvda umumiy qiymati 4,7 mlrd dollar bo‘lgan oltita yirik loyiha bo‘yicha kelishuvlar imzolangan. Ular 3 000 megavatt elektr ishlab chiqarish quvvati va 400 megavatt energiya saqlash quvvatini yaratishni nazarda tutadi.

Teglar

Mavzuga oid