Dunyo nega hamon AQSH dollariga ishonmoqda? — eng ahamiyatli asosiy 3 ta sabab

Bugun 14:402 daqiqa

Trampning siyosati dollar nufuziga zarba berayotgan bir paytda, nega jahon bu valutadan voz kecha olmayapti? Ekspertlar buning kutilmagan va yashirin sabablarini ochiqladi.

Dunyo nega hamon AQSH dollariga ishonmoqda? — eng ahamiyatli asosiy 3 ta sabab © hl.co.uk

AQSH dollari jahon moliya bozoridagi mutlaq gegemonligini saqlab qolmoqda. «Bloomberg» agentligining xabar berishicha, Amerika valutasining global maqomi uchta asosiy omil bilan mustahkamlangan: dunyodagi eng yirik iqtisodiyot ko‘lami, moliya bozorining chuqurligi va dollarga bo‘lgan kuchli institutsional ishonch.

Tahlilchi va investitsiyalar bo‘yicha direktor Sonal Desaining ta’kidlashicha, hozirgi kunda dollarga munosib va ishonchli muqobilning o‘zi yo‘q. Bunday qudratli valutani qo‘llab-quvvatlash uchun zarur bo‘lgan institutsional infratuzilmani yaratishga esa o‘nlab yillar talab etiladi.

Raqobatchilar nega ortda qolmoqda?

So‘nggi paytlarda AQSH prezidenti Donald Trampning noizchil savdo, geosiyosiy va fiskal siyosati Amerika aktivlarining jozibadorligini pasaytirmoqda. Buning ortidan dollarning ustunligi borasidagi bahslar yana avj oldi.

Ayrim mutaxassislar yevro, oltin va raqamli aktivlar muqobil zaxira vositasiga aylanishi mumkinligini bashorat qilmoqda.

Biroq, ekspertlar bunga shubha bilan qaraydi:

Yevrohudud yetarli hajmda yagona va global ishonchli aktiv yarata olmaydi.

Xitoy yuani kapital harakati ustidan qat’iy nazorat ostida ishlaydi va erkin konvertatsiya qilinmaydi.

Shu sababli, mutaxassislarning fikricha, AQSH dollari bilan bo‘ladigan haqiqiy va teng huquqli raqobat hali uzoq kelajakda yuz berishi mumkin.

Raqamlar nima deydi?

Xalqaro hisob-kitoblar bankining 2025 yilgi tadqiqotlariga ko‘ra, birjadan tashqari valuta aylanmasining 89 foizi aynan dollar hissasiga to‘g‘ri keladi. Taqqoslash uchun, uning asosiy raqobatchilaridan biri sifatida ko‘riluvchi Xitoy yuanining ulushi bor-yo‘g‘i 8,5 foizni tashkil etadi.

Tahlilchilarning xulosasiga ko‘ra, dollarning hozirgi kundagi zaiflashuvi tarkibiy emas, balki shunchaki siklik xususiyatga ega. Real savdo operatsiyalarini hisobga olganda, dollar 1990-yillar o‘rtalari va 2000-yillar oxiridagi eng past ko‘rsatkichlardan hamon sezilarli darajada yuqori. Uning biroz qadrsizlanishi esa jahon zaxira valutasi maqomiga va global iqtisodiy jarayonlarga to‘la mos keladi.

Teglar

Mavzuga oid