Dushanbe va Moskva o‘rtasida poyezd qatnovi qayta tiklanadi

Bugun 18:052 daqiqa

Tojikiston va Rossiya temiryo‘l idoralari kelishuviga ko‘ra, pandemiya davrida to‘xtatilgan Dushanbe–Moskva poyezd qatnovi yana tiklanadi. Poyezd ikki haftada bir marta harakat qiladi.

Dushanbe va Moskva o‘rtasida poyezd qatnovi qayta tiklanadi © Интернетдан олинган

«Tojik temir yo‘llari» davlat unitar korxonasi va Rossiya temiryo‘llari hamkorlikda olti yillik tanaffusdan so‘ng Dushanbe va Moskva o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘lovchi poyezd qatnovini qayta yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda «Asia plus» xabar berdi.

Marshrut jadvali

Tojikiston Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, №423/424 raqamli «Dushanbe – Moskva» yo‘lovchi poyezdining ilk reysi 21-iyun kuniga belgilangan. 21-iyun kuni Dushanbedan yo‘lga chiqadigan birinchi reys uchun chiptalar sotuvga chiqarilgan.

Jadvalga muvofiq, poyezd Dushanbedan har yakshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 03:25 da jo‘nab ketadi va chorshanba kuni soat 22:08 da Moskvaning Paveletskiy vokzaliga yetib boradi.

Moskvadan birinchi reys 25-iyun kuniga rejalashtirilgan. Poyezd har payshanba kuni Moskva vaqti bilan soat 06:05 da jo‘naydi va Dushanbe shahriga dushanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 02:48 da yetib keladi.

To‘xtash bekatlari

Safar vaqti qariyb to‘rt sutkani tashkil etadi. Marshrut Tojikiston, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya hududlari orqali o‘tadi.

Poyezd Buxoro, Nukus, Qo‘ng‘irot, Qandiag‘ash, Aqto‘be, Sol-Iletsk, Orenburg, Samara, Sizran, Kuznetsk, Penza, Ryajsk, Skopin, Ojerele va boshqa aholi punktlarida yo‘lovchilarni chiqarish va tushirish uchun to‘xtaydi.

Chipta narxi

21-iyun kunigi reys uchun chipta narxi platskart vagonda 2 617,6 somoni (20 089 rubl), kupe vagonda esa 3 713,42 somoni (28 499 rubl) etib belgilangan.

Yo‘lovchilar chiptalarni jo‘nash sanasidan 45 kun oldin rasmiylashtirishlari mumkin. Dushanbedan qatnaydigan reyslar uchun chiptalar savdosi boshlangan, Moskvadan qatnaydigan reyslar uchun esa keyinroq ochiladi.

«Dushanbe – Moskva» yo‘lovchi poyezdi ikki haftada bir marta harakatlanadi.

Rossiya temiryo‘llari xabariga ko‘ra, Moskva va Dushanbe o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri temiryo‘l qatnovi Tojikiston temiryo‘l ma’muriyati iltimosiga binoan hamda Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan kelishilgan holda tiklangan.

Ayni paytda Tojikiston va Rossiya o‘rtasida «Tojik temir yo‘llari» tarkibidagi uchta yo‘lovchi poyezdi ham qatnamoqda: №319/320 «Ko‘lob – Voljskiy», №329/330 «Dushanbe – Voljskiy» va №359/360 «Xo‘jand Voljskiy». Ularning har biri haftasiga bir marta reys amalga oshiradi.

Eslatib o‘tamiz, Dushanbe va Moskva o‘rtasidagi yo‘lovchi poyezd harakati 2020-yilda koronavirus pandemiyasi sabab to‘xtatilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid

Dushanbe va Moskva o‘rtasida poyezd qatnovi qayta tiklanadi | Vaqt.uz