Elektr hisoblagichlar honadondan tashqariga o‘rnatish talabiga rasmiy izoh berildi
Bu tartib nazoratchilarning hisoblagichlarni ko‘zdan kechirishi oson bo‘lishi uchun yo‘lga qo‘yilayotgani ma’lum qilindi.

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 1-martidan boshlab elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi — ASKUEga mos elektron hisoblagichlar uylarning tashqi fasadi yoki simyog‘ochlarga o‘rnatilishi haqida xabarlar tarqaldi.
«Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining rasmiy izohiga ko‘ra, mazkur amaliyot yangi tartib emas. U Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 31-mayda qabul qilingan «Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaroriga asosan bir necha yildan buyon qo‘llanib kelinmoqda.
Qarorning 63-bandiga muvofiq, ko‘p kvartirali uylarda har bir xonadon uchun hisoblagichlar maxsus ajratilgan joylarga o‘rnatilishi shart. Shuningdek, yakka tartibdagi uy-joylarda hisoblagichlar binodan tashqarida — fasad, tayanch ustunlar yoki boshqa qulay nuqtalarga joylashtirilishi mumkin.
Qonun va talablar
Bu tartibning asosiy maqsadi — elektr ta’minoti korxonasi xodimlari uchun hisoblagichlarni to‘siqsiz ko‘zdan kechirish imkonini yaratishdan iborat.
Ya’ni, nazorat jarayonini soddalashtirish, inson omilini kamaytirish va hisob-kitoblarda shaffoflikni ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Ayrim iste’molchilar bu amaliyot qulaylik va xavfsizlik nuqtai nazaridan savollar uyg‘otayotganini bildirmoqda.
Biroq kompaniya ushbu talab amaldagi qonunchilikka muvofiq ekanini va barcha o‘rnatish ishlari belgilangan texnik me’yorlar asosida amalga oshirilishini ta’kidladi.





