
Elektromobillar uchun imtiyozli avtokreditlar beriladi
O‘zbekistonda ekologik transportni ommalashtirish uchun arzon kreditlar, subsidiyalar va yangi cheklovlar paketi ishga tushiriladi.

O‘zbekistonda ekologik toza transport ulushini oshirishga qaratilgan besh yillik kompleks dastur amalga oshiriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida ma’lum qildi.
Ushbu dastur doirasida elektromobil sotib olish, zaryadlash infratuzilmasini kengaytirish hamda jamoat transportini rivojlantirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. Xususan, mahalliy ishlab chiqarilgan elektromobillar uchun 12 foizli, xorijiy elektromobillar uchun esa 16 foizli imtiyozli avtokreditlar ajratiladi.
Elektromobillarni quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini kengaytirish maqsadida tadbirkorlarga 10 foizli imtiyozli kreditlar beriladi. Shuningdek, bunday infratuzilma uchun yer maydonlarini auksion orqali bozor narxidan ikki baravar arzon sotib olish imkoniyati yaratiladi.
Zaryadlash jarayonida elektr energiyasi narxining 1 kWh uchun 300 so‘mdan oshgan qismi davlat byudjeti hisobidan qoplab berilishi belgilandi. Bu tadbirkorlar va haydovchilar xarajatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.
Elektromobilda taksi xizmati ko‘rsatayotgan fuqarolarga ham qator imtiyozlar taqdim etiladi. Bu orqali shaharlarda havo ifloslanishini kamaytirish va «yashil» taksi xizmatlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.





