Endi boj mahsulot sotilganda to‘lanadi: O‘zbekistonda bond omborlari tizimi joriy etiladi

Prezident ishtirookidagi yig‘ilishda ta’kidlanishicha, tovar uchun boj to‘lovlarini uni sotish paytida amalga oshirish tizimini joriy etish orqali kamida 500 million dollar investitsiya jalb qilish uchun sharoit yaratish mumkin.

Endi boj mahsulot sotilganda to‘lanadi: O‘zbekistonda bond omborlari tizimi joriy etiladi © Foto: president.uz

Bugun, 9-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev elektron tijoratni rivojlantirish va bond omborlar faoliyatini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi sakkiz yilda mamlakatda elektron tijorat hajmi 20 barobar o‘sib, 1,3 milliard dollarga yetdi. Raqamli platformalar soni 120 tadan ziyodni tashkil etmoqda. O‘zini o‘zi band qilish tartibining kengaytirilgani, litsenziyalash va soliqqa tortishning soddalashtirilgani hisobiga sohada 750 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratilgan, budjetga esa har yili 200 milliard so‘m qo‘shimcha soliq tushumlari ta’minlanmoqda.

Yig‘ilishda mazkur yo‘nalishda hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘pligi ta’kidlandi. Xususan, O‘zbekistonda elektron tijoratning chakana savdodagi ulushi 4-4,6 foizni tashkil etib, jahondagi o‘rtacha 22 foizlik ko‘rsatkichdan 5 barobar kam ekani ko‘rsatib o‘tildi. Mamlakatimizda ushbu ulushni 9-11 foizga yetkazish uchun yetarli salohiyat mavjud.

«Import – bond ombori – iste’molchi»: Yangi mexanizm biznesga nima beradi?

Taqdimotda elektron tijorat infratuzilmasini rivojlantirishda import tovarlarini bojxona to‘lovlari va soliqlarini kechiktirilgan tartibda to‘lash sharti bilan bojxona nazorati ostida saqlashga mo‘ljallangan maxsus ombor – bond omborlar tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Ta’kidlanishicha, tovar uchun boj to‘lovlarini uni sotish paytida amalga oshirish tizimini joriy etish orqali kamida 500 million dollar investitsiya jalb qilish uchun sharoit yaratish mumkin. Bunday amaliyot Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Birlashgan Arab Amirliklari, Buyuk Britaniya, Germaniya va Singapur kabi mamlakatlarda keng qo‘llanilayotgani qayd etildi.

5 yilda 2,5 million kvadrat metr ombor quriladi

Bugungi kunda O‘zbekistonda omborlarning umumiy maydoni 634 ming kvadrat metrni tashkil qilib, shundan 72 foizi Toshkent shahri va viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi. Mavjud omborlarning atigi 34 foizi zamonaviy “A” toifasiga mansub. Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakatda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun keyingi besh yilda 2,5 million kvadrat metr zamonaviy omborlar talab etiladi.

Shu munosabat bilan O‘zbekistonda yirik xalqaro marketpleyslarning zamonaviy omborlar tarmog‘ini kengaytirish taklif etildi.

Raqamli platformalarni hamda bond omborlarni soliq va bojxona tizimlari bilan chuqur integratsiya qilish zarurligi ta’kidlandi. Taqdimotda 2026-2028 yillar davomida tajriba tariqasida “import – bond ombori – maxsus elektron savdo platformasi – iste’molchi” zanjiri asosida yangi mexanizmni joriy etish taklifi bildirildi.

Unga ko‘ra, tovarlar bond omboriga joylashtiriladi, maxsus elektron savdo platformasi orqali sotiladi, bojxonada deklaratsiyalash va boj to‘lovlari esa bevosita sotuv bosqichida amalga oshiriladi. Bunday platformalar va omborlar tegishli reyestrlarga kiritilib, Bojxona qo‘mitasida hisobga qo‘yiladi.

Shuningdek, bond omborlari mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun tashqi bozorlarga chiqishni yengillashtirishi, aylanma mablag‘larga tushadigan yukni kamaytirishi, logistika xarajatlarini pasaytirishi va eksport raqobatbardoshligini oshirishi ta’kidlandi.

Davlat rahbari elektron tijoratni iqtisodiyotning muhim drayverlaridan biriga aylantirish, mazkur sohada zamonaviy infratuzilmani yaratish, raqamli platformalar faoliyati uchun qulay va shaffof muhit shakllantirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Teglar

Mavzuga oid