add

Endi ekologiyaga zarar keltirgan korxonalarga moliyaviy sanksiyalar joriy etiladi

Kecha 18:581472 daqiqa

Qonunchilik palatasi deputatlari tabiatni muhofaza qilish talablarini buzgan yuridik shaxslarga javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.

Endi ekologiyaga zarar keltirgan korxonalarga moliyaviy sanksiyalar joriy etiladi

17-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qonun tashabbusi amaldagi ekologik qonunchilik talablarining bajarilishini ta’minlash, tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanish va atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirishga qaratilgan. Hujjat bilan «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida», «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunlar hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qonun loyihasiga ko‘ra, daryo o‘zanlarida noruda materiallarni noqonuniy qazib olish, suv resurslarini ifloslantirish, daraxt va butalarni g‘ayriqonuniy kesish yoki yo‘q qilish, ularni muhofaza qilish choralarini ko‘rmaslik uchun yuridik shaxslarga nisbatan jarima tarzida moliyaviy sanksiyalar joriy etiladi. Shuningdek, mazkur jazo chorasi atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalarni belgilangan me’yordan ortiq chiqarish, qurilish maydonlarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini cheklamaslik holatlarida ham qo‘llaniladi.

Shuningdek, loyihada yoqish uchun mo‘ljallanmagan joylarda yoqilg‘i, moddalar, materiallar yoki chiqindilarni yoqish, shuningdek, sanoat va boshqa chiqindilarni to‘plash, tashish, saqlash, zararsizlantirish, utilizatsiya qilish va qayta ishlash jarayonlarida ekologik talablarni buzganlik uchun ham sanksiyalar belgilash nazarda tutilgan.

Muhokamalar yakunida qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Teglar

Mavzuga oid