
Endi o‘zbekistonliklar AQSHga ko‘chib keta olmaydi: Ularga doimiy yashash uchun viza berish to‘xtatildi
Tramp ma’muriyati O‘zbekiston, Qozog‘iston kabi 75 ta davlat fuqarolari uchun immigrant vizalar berishni to‘xtatdi.

AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati dunyoning 75 ta davlati, jumladan, O‘zbekiston fuqarolari uchun immigrant vizalari berishni noma’lum muddatga to‘xtatish haqida qaror qabul qildi, bu mamlakatga qonuniy migratsiya yo‘llarini cheklash yo‘lidagi eng keskin qadamlardan biri bo‘ldi, deya xabar bermoqda «The Guardian».
Donald Tramp ma’muriyati tomonidan joriy etilgan yangi cheklovlar 21-yanvardan boshlab kuchga kiradi va asosan hukumat tomonidan «ijtimoiy yuk» bo‘lishi mumkin deb topilgan arizachilarni nishonga oladi.
Davlat departamentining Guardian nashri ixtiyoriga tushgan hujjatlariga ko‘ra, bu ro‘yxatga Afrika, Osiyo, Lotin Amerikasi va Sharqiy Yevropaning o‘nlab mamlakatlari kiritilgan. Ushbu chora Amerika soliq to‘lovchilarining mablag‘larini tejash va milliy manfaatlarni himoya qilish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Mazkur keng ko‘lamli taqiqqa tushgan davlatlar orasida Markaziy Osiyo mintaqasidan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston nomlari qayd etilgan bo‘lsa, Tojikiston, Turkmaniston fuqarolari uchun hozircha bunday cheklov ko‘zda tutilmagan.
Shuningdek, Kavkaz mintaqasidan Ozarboyjon, Armaniston va Gurjiston ham ro‘yxatdan joy olgan. Cheklovning asosiy mezoni sifatida arizachining kelajakda AQSH hukumati nafaqalariga qaram bo‘lib qolish ehtimoli olingan.
Yangi tartibga ko‘ra, agar arizachining vizasi tasdiqlangan, ammo hali pasportga chop etilmagan bo‘lsa, konsullik xodimlari ishni ko‘rib chiqishni rad etishi shart qilib belgilandi. Bu jarayonda faqat istisno holatlargina mavjud bo‘lib, ular ikki fuqarolikka ega shaxslarga (agar ikkinchi davlat ro‘yxatda bo‘lmasa) taalluqlidir. Shuningdek, arizachi o‘z tashrifi AQSHning «Birinchi navbatda Amerika» milliy strategiyasi manfaatlariga bevosita xizmat qilishini isbotlab berishi kerak bo‘ladi.
Ro‘yxatdan Rossiya, Belarus, Moldova kabi Sharqiy Yevropa davlatlari bilan bir qatorda, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyoning Pokiston, Bangladesh kabi yirik migratsiya markazlari ham joy olgan. Bu qaror AQSHning uzoq yillik ittifoqchilari va migratsiya aloqalari mavjud bo‘lgan davlatlarga ham birdek ta’sir ko‘rsatadi.
Davlat departamentining ko‘rsatmasiga binoan, konsullik bo‘limlari yangi tartibni ijro etish uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda va cheklovning amal qilish muddati hozircha noma’lum qolmoqda.
Hujjatda aytilishicha, mazkur chora Amerika iqtisodiyotini himoya qilish va kelayotgan shaxslarning moliyaviy mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan strategik qadamdir.
Mana urushdan jabr ko‘rgan davlatlar, AQSH ittifoqchilari va Amerika bilan uzoq yillik migratsiya aloqalariga ega mamlakatlarni o‘z ichiga olgan to‘liq ro‘yxat:
Afg‘oniston
Albaniya
Jazoir
Antigua va Barbuda
Armaniston
Ozarboyjon
Bahama orollari
Bangladesh
Barbados
Belarus
Beliz
Butan
Bosniya va Gertsegovina
Braziliya
Myanma
Kambodja
Kamerun
Kabo-Verde
Kolumbiya
Kot-d'Ivuar
Kuba
Kongo Demokratik Respublikasi
Dominika
Misr
Eritreya
Efiopiya
Fiji
Gambiya
Gurjiston
Gana
Grenada
Gvatemala
Gvineya
Haiti
Eron
Iroq
Yamayka
Iordaniya
Qozog‘iston
Kosovo
Kuvayt
Qirg‘iziston
Laos
Livan
Liberiya
Liviya
Shimoliy Makedoniya
Moldova
Mongoliya
Qoratog‘ (Chernogoriya)
Marokash
Nepal
Nikaragua
Nigeriya
Pokiston
Kongo Respublikasi
Rossiya
Ruanda
Sent-Kits va Nevis
Sent-Lyusiya
Sent-Vinsent va Grenadin orollari
Senegal
Siyerra-Leone
Somali
Janubiy Sudan
Sudan
Suriya
Tanzaniya
Tailand
Togo
Tunis
Uganda
Urugvay
O‘zbekiston
Yaman





