Endi texpasportni har 5 yilda almashtirish kerak bo‘ladi

Bugun 11:512 daqiqa

2026-yil 1-apreldan transportni boshqarish huquqi berilgan shaxslarga nisbatan jarimalarni rasmiy o‘tkazish imkoniyati ham ishga tushirildi.

Endi texpasportni har 5 yilda almashtirish kerak bo‘ladi

O‘zbekistonda 2026-yil 1-apreldan boshlab transport vositasini fuqarolik-huquqiy asosda boshqarish huquqini olgan shaxslarga nisbatan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni rasmiy tarzda o‘tkazish imkoniyati joriy etildi. Bu tartib haydovchilar o‘rtasida jarima balllarini adolatli taqsimlashga xizmat qiladi.

Oldindan xabardor qilish zarur

Yangi qoidaga ko‘ra, transport egasi boshqa shaxsga vaqtinchalik boshqarish huquqini bergan bo‘lsa, qoidabuzarlik sodir etilgan taqdirda jarima aynan ushbu shaxs nomiga rasmiylashtirilishi mumkin. Buning uchun Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati organlarini oldindan xabardor qilish talab etiladi.

Nizomga muvofiq:

Xabardor qilish jarayoni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) yoki Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi;

Foydalanuvchi shaxsiy kabinet ochib, maxsus so‘rovnomani to‘ldiradi va boshqarish huquqi berilgan muddatni ko‘rsatadi;

Boshqarish huquqini olgan shaxs esa mazkur so‘rovnomani tasdiqlashi lozim. U elektron raqamli imzo, «Mobile-ID» yoki «Face-ID» orqali roziligini bildirib, kelgusida jarimalar unga nisbatan rasmiylashtirilishiga rozi bo‘ladi.

Pulli xizmat

Mazkur xizmatdan foydalanish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi (41,2 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi. Ushbu mexanizm orqali transport egalari jarima balllaridan asossiz ravishda zarar ko‘rishining oldi olinishi kutilmoqda.

Shuningdek, mazkur qaror bilan qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, avtomototransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish haqidagi guvohnoma 5 yil muddatga rasmiylashtirilishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, 1-apreldan boshlab kamera va radarlar nafaqat jarima soladi, balki yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun avtomatik ravishda ballarni ham belgilaydi.

Teglar

Mavzuga oid