add

Eng ko‘p e’tirozlarga sabab bo‘layotgan nodavlat ta’lim xizmatlari ro‘yxati e’lon qilindi

Kecha 20:45632 daqiqa

Raqobat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024–2025 yillar davomida nodavlat ta’lim xizmatlari bo‘yicha 1 200 ga yaqin murojaatlar qabul qilingan.

Eng ko‘p e’tirozlarga sabab bo‘layotgan nodavlat ta’lim xizmatlari ro‘yxati e’lon qilindi

Iste’molchilarning eng ko‘p e’tirozlarga sabab bo‘layotgan nodavlat ta’lim xizmatlari ro‘yxati shakllantirildi, deb xabar bermoqda Raqobat qo‘mitasi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Raqobat qo‘mitasi tomonidan nodavlat ta’lim xizmatlari sohasida iste’molchi murojaatlari bo‘yicha tizimli monitoring va tahlil ishlari olib borilgan. Tahlillar natijasiga ko‘ra, 2024–2025 yillar davomida nodavlat ta’lim xizmatlari bo‘yicha 1 200 ga yaqin murojaat qabul qilingan.

Ularning asosiy qismi:

«NEWTON ACADEMY», «NewTone school»;

«MyTeacher» onlayn ingliz tili kursi;

«Prep.uz» onlayn rus tili kursi;

«Badavlat ayol» loyihasi;

«Qadam Education» o‘quv markazi;

«Lerna», «Skillbox», «Geekbrains»;

«Interno Edu» MCHJ;

«Englify» MCHJ;

«Niyat Education»;

«Sevenedu» onlayn til markazi kabi o‘quv markazlari va onlayn ta’lim platformalari faoliyatiga taalluqli ekani aniqlangan.

Murojaatlar tahliliga ko‘ra, qator nodavlat ta’lim xizmatlarida ta’lim sifati qoniqarsizligi, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun to‘lov undirilishi, shartnoma shartlari va pulni qaytarish tartibi bo‘yicha yetarli ma’lumot berilmasligi kabi holatlar kuzatilgan.

Shuningdek, «Uzum Nasiya», «Shaffof Moliya», «Paylater» va boshqa muddatli to‘lov platformalari orqali tuzilgan shartnomalarni bekor qilishda qiyinchiliklar yuzaga kelayotgani, reklamada berilgan va’dalar amalda bajarilmayotgani haqida ham e’tirozlar bildirilgan.

Qo‘mita yuqoridagi kabi ta’lim markazlarini qonunchilikka, litsenziya talablariga, shu jumladan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etishga chaqirgan holda, har qanday huquqbuzarlik uchun javobgarlik nazarda tutilganligini eslatib o‘tadi.

Iste’molchilarga ta’lim xizmatlaridan foydalanishdan oldin markazning litsenziyasi va faoliyatini tekshirish, shartnoma shartlarini, ayniqsa to‘lov va pulni qaytarish tartibini diqqat bilan o‘rganish tavsiya etildi. Qo‘mita shoshma-shosharlik bilan onlayn tasdiqlash va to‘lov qilishdan saqlanishga chaqirmoqda.

Avvalroq Raqobat qo‘mitasi bayram oldidan aksiya va chegirmalar ko‘paygani sabab, Raqobat qo‘mitasi tadbirkorlarni chegirma qoidalariga rioya qilishga chaqirib, ular buzilsa moliyaviy jarimalar qo‘llanishini ma’lum qilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid