Eron Xomanaiy halok bo‘lganini tasdiqladi. Tehron buning uchun qasos olmoqchi

Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi Ali Xomanaiyning vafoti tasdiqlanganidan so‘ng, mamlakat «Qurolli kuchlari tarixidagi eng shiddatli hujum operatsiyasi» boshlanganini ma’lum qildi.

Eron Xomanaiy halok bo‘lganini tasdiqladi. Tehron buning uchun qasos olmoqchi

Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xomanaiy 28-fevral kuni Isroil va AQSH hujumlari oqibatida halok bo‘ldi. Bu ma’lumotni Eron davlat televideniyesi tasdiqladi.

«Buyuk Eron xalqi, Eron oliy rahbari imom Xomanaiy halok bo‘ldi», – deyiladi xabarda.

Xomanaiyning o‘limi munosabati bilan mamlakatda 40 kunlik milliy motam va bir haftalik ta’til e’lon qilindi. Xomanaiydan tashqari Isroil va AQSH hujumlari oqibatida uning qizi, kuyovi, nabirasi va kelini ham halok bo‘lgan. Eron davlat televideniyesi oliy rahbar Oyatulloh Xomanaiyning maslahatchisi admiral Ali Shamxoniy va quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni general-mayor Pakpur ham halok bo‘lganini tasdiqladi.

«Oliy rahnamoning o‘limi javobsiz qolmaydi»

Eron prezidenti ma’muriyati «ushbu ulkan jinoyat aslo javobsiz qolmasligini, Eron ushbu jinoyatni tashkil etgan va amalga oshirganlarni pushaymon bo‘lishga majbur qilishi»ni bildirdi.

Eron hukumati va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi ham Xomanaiyning o‘limi uchun qasos olinishini ta’kidladi. Eron hukumati ta’ziyasida Xomanaiy zamonaviy fanlarni puxta biladigan, dono va keng diniy bilimlarga ega, jasoratli shaxs sifatida ta’riflandi.

«Ushbu og‘ir jinoyat hech qachon javobsiz qolmaydi va islom olami hamda shialik tarixida yangi sahifa ochadi. Bu oliy martabali raisning pok qoni buloqdek qaynab, Amerika-sionistik zulm va jinoyatlarini tag-tomiri bilan qo‘porib tashlaydi. Bu safar ham to‘liq kuch va qat’iyat bilan biz bu jinoyatning aybdorlari va tashkilotchilarini qilgan ishlaridan pushaymon qildiramiz», – deyiladi bayonotda.

Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi Ali Xomanaiyning vafoti tasdiqlanganidan so‘ng, mamlakat «Qurolli kuchlari tarixidagi eng shiddatli hujum operatsiyasi» boshlanganini ma’lum qildi.

«Biroz muddatdan so‘ng Eron Islom Respublikasi Qurolli kuchlari tarixidagi Isroil va Amerika terrorchilik bazalariga qarshi eng shiddatli hujum operatsiyasi boshlanadi», – deyiladi bayonotdi.

Hokimiyatni topshirish rejasi

Eron Oliy rahnamosining o‘limi Eron ichidagi va mintaqadagi kuchlar muvozanatini butunlay o‘zgartirib yuborishi kutilmoqda. Xomanaiy nafaqat diniy rahnamo, balki mamlakatdagi barcha strategik qarorlar, jumladan yadroviy dastur va tashqi siyosatning asosiy me’mori edi. Uning yo‘q qilinishi Islom Respublikasi mavjudligi davridagi eng katta siyosiy va harbiy yo‘qotish bo‘ladi.

O‘tgan yilgi Isroil zarbalaridan so‘ng Xomanaiy o‘zi vafot etgan taqdirda hokimiyatni topshirishning maxsus tizimini belgilab qo‘ygan edi. «NYT» nashrining yozishicha, u shaxsan o‘zi tayinlaydigan har bir harbiy va davlat lavozimi uchun to‘rt bosqichli vorislik rejasini ishlab chiqqan. Bu tizim to‘satdan yuzaga kelgan boshqaruv vakuumini to‘ldirish va rejim barqarorligini saqlab qolishga qaratilgan edi. Boshqa yuqori lavozimli rahbarlarga ham o‘zlariga to‘rttagacha voris topish vazifasi topshirilgan.

Bu ro‘yxatga Ali Asg‘ar Hijoziy, parlament spikeri va sobiq Inqilobiy gvardiya qo‘mondoni brigada generali Muhammad Boqir G‘olibof hamda sobiq bosh qo‘mondon Yahyo Rahim Safaviy kiradi. Isroil harbiylari Hijoziy ham halok bo‘lganini ma’lum qilgan.

«NYT» gaplashgan yuqori martabali eronlik amaldorlarga ko‘ra, Xomanaiy afzal ko‘rgan nomzodlar sifatida quyidagilar keltiriladi:

Sud hokimiyati rahbari G‘ulom-Husayn Muhsini-Ejey;

Xomanaiyning devoni rahbari Ali Asg‘ar Hijoziy;

Islohotchi qanot vakili, Oyatulloh Xomanaiyning nabirasi Hasan Humayniy.

Xomanaiyning o‘g‘li Mojtaba ham ayrim guruhlar tomonidan ehtimoliy voris sifatida tilga olinadi. Biroq Xomanaiy oliy rahnamo lavozimi meros tariqasida o‘tishini istamasligini bildirgan.

Oyatulloh Ali Xomanaiy 1989 yildan buyon Eron Oliy rahnamosi lavozimini egallab kelayotgan edi. Uning boshqaruvi davrida Eron G‘arb bilan doimiy qarama-qarshilikda bo‘ldi va yadroviy salohiyatini oshirishga intildi. Isroil bilan o‘n yilliklar davom etgan «sovuq urush» endi ochiq va halokatli to‘qnashuv bosqichiga o‘tdi.

Teglar

Mavzuga oid