Eronda bombalangan o‘quvchi qizlar: hujum qurbonlari bugun tuproqqa qo‘yiladi
Eron OAV Amerika va Isroillik kuchlar zarbasidan keyin Minob shahridagi maktabda halok bo‘lgan qizlar uchun 165 ta qabr aks ettirilgan ramziy suratni e’lon qildi. Qurbonlarning aksariyati 7 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar ekani aytilmoqda.

28-fevral kuni Eron janubidagi qizlar maktabiga berilgan havo zarbasi oqibatida halok bo‘lgan 165 nafar eronlik maktab o‘quvchisi va muassasa xodimlari seshanba, 3-mart kuni dafn etiladi. Bu haqda «RIA Novosti» xabar berdi.
«Seshanba kuni Eron janubidagi Hurmuzgon viloyati Minob shahrida joylashgan «Shajare Tayebe» maktabining 165 nafar o‘quvchisi hamda ushbu shaharning bir necha begunoh fuqarolarini dafn etish marosimi bo‘lib o‘tadi», — degan agentlik suhbatdoshi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, maktab o‘quvchilari va voyaga yetgan mahalliy aholi AQSH va Isroilning Eronga hujumining ilk soatlarida maktabga havodan berilgan zarba oqibatida halok bo‘lgan.
Dafn marosimida jamoatchilik vakillari, qurbonlarning oila a’zolari, shuningdek, rasmiy shaxslar ishtirok etishi kutilmoqda.
Urush
AQSH va Isroil shanba kuni Eron hududidagi obyektlarga, jumladan Tehronga zarbalar berishni boshladi, vayronagarchiliklar va tinch aholi orasida qurbonlar borligi xabar qilinmoqda. Eron Isroil hududiga, shuningdek, mintaqadagi AQSH harbiy obyektlariga javob zarbalarini bermoqda.
Eronga zarbalar Vashington va Tehron o‘rtasidagi Eron «yadroviy dosesi» bo‘yicha muzokaralarga qaramay berildi, ularning oxirgi bosqichi 26-fevral kuni Jenevada bo‘lib o‘tgan edi.
Hujum oqibatida Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xomanaiy o‘ldirildi. Mamlakatda 40 kunlik motam e’lon qilingan.
O‘zbekistonning diplomatik reaksiyasi
2026 yilning 1-mart kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharqdagi, xususan, Isroil va Eron o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy to‘qnashuvlar va raketa zarbalari ortidan vaziyat keskinlashgani munosabati bilan rasmiy bayonot berdi. Mintaqada keng ko‘lamli urush harakatlari boshlangani fonida, rasmiy Toshkent tomonlarni zudlik bilan vazminlikka va harbiy amaliyotlarni to‘xtatishga chaqirdi. O‘zbekiston pozitsiyasiga ko‘ra, nizoning yanada avj olishi nafaqat mintaqa, balki butun dunyo xavfsizligiga tahdid soladi va muammoni faqat diplomatik muzokaralar yo‘li bilan hal etish lozim.
Vaziyatning harbiy bosqichga o‘tishi munosabati bilan, 2-mart, dushanba kunidan boshlab O‘zbekiston fuqarolariga Yaqin Sharq mamlakatlariga, xususan, Eron va Isroilga safarlarni noma’lum muddatga qoldirish tavsiya qilindi. Shu kunning o‘zida Saudiya Arabistoniga Umra dasturi doirasidagi parvozlar xavfsizlik nuqtai nazaridan to‘xtatildi hamda Jidda va Madina shaharlaridagi o‘zbekistonliklarni tizimli ravishda olib chiqish boshlandi. Isroil va Eronda bo‘lib turgan fuqarolarga esa maksimal darajada hushyor bo‘lish va imkon qadar ushbu mamlakatlarni tezroq tark etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Hozirda O‘zbekistonning Tehron, Tel Aviv va mintaqadagi boshqa diplomatik vakolatxonalarida 24 soatlik tezkor aloqa va ishonch telefonlari ishlab turibdi. TIV vatandoshlardan faqat rasmiy ma’lumotlarga tayanishni, hujjatlarni tartibda saqlashni va mahalliy hukumatlarning xavfsizlik bo‘yicha talablariga qat’iy rioya qilishni so‘ramoqda.





