add

Eronda qurg‘oqchilikdan qutulish uchun sun’iy yomg‘ir yog‘dirildi

Bugun 14:161171

Urmiya ko‘li ustida sun’iy to‘yintirilgan bulutlar yog‘dirildi, suv tanqisligi yanada chuqurlashsa, aholi evakuatsiya qilinishi mumkin.

Eronda qurg‘oqchilikdan qutulish uchun sun’iy yomg‘ir yog‘dirildi

Eron hukumati mamlakatdagi chuqur qurg‘oqchilikka qarshi kurashish maqsadida bulutlarni sun’iy to‘yintirish — ya’ni ularga yomg‘ir yog‘dirish uchun maxsus moddalar sepish amaliyotini boshladi. Bu haqda rasmiy IRNA agentligi xabar berdi.

Seshanba kuni samolyotlar orqali Urmiya ko‘li havzasidagi bulutlarga kaliy yoki kumush yodidi kabi moddalar sepildi. Bu bulutlar ichidagi suv bug‘i tezroq kondensatsiya bo‘lib, yomg‘ir ko‘rinishida yerga tushishiga yordam beradi. Urmiya — mamlakatdagi eng yirik ichki ko‘l hisoblanadi, ammo keyingi yillarda qurg‘oqchilik tufayli uning katta qismi qurib, tuzli cho‘lga aylangan.

Bu jarayon yaqin kunlarda mamlakatning Sharqiy va G‘arbiy Ozarboyjon viloyatlarida ham davom etadi. Har ikki viloyat Urmiya ko‘li bilan chegaradosh bo‘lib, suv tanqisligidan og‘ir jabr ko‘rmoqda.

Eron Meteorologiya xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatdagi yog‘ingarchilik miqdori so‘nggi yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 89 foizga kamaygan. Tehrondagi suv omborlari esa to‘lish darajasining atigi 10 foizigacha tushib ketgan. Prezident Mas’ud Pizishkiyon aholiga suv taqsimotini cheklash yoki hatto evakuatsiya qilish ehtimolini istisno etmagan.

Bulutlarni sun’iy to‘yintirish — yangi texnologiya emas. U BAAda muntazam qo‘llaniladi. Qator mamlakatlarda esa bu usul bayram kunlari yomg‘irning oldini olish yoki ekologik muammolarni hal qilish maqsadida ishlatiladi.

Teglar

Mavzuga oid

Eronda qurg‘oqchilikdan qutulish uchun sun’iy yomg‘ir yog‘dirildi | Vaqt.uz