Erondagi maktabga qilingan qonli hujum uchun AQSH mas’ul: yangi dalillar paydo bo‘ldi
«Amnesty International» Minobdagi qizlar maktabiga qilingan qonli hujumni diqqat bilan rejalashtirilmagan yoki atayin qilingan urush jinoyati deb atadi.

«Amnesty International» tashkiloti yangi tekshiruv natijalariga tayanib, Erondagi boshlang‘ich maktabga qilingan va kamida 170 kishining, jumladan ko‘plab bolalarning hayotiga zomin bo‘lgan hujum uchun Amerika Qo‘shma Shtatlari javobgar ekanini bildirdi va ushbu hujum uchun javobgarlikka chaqirdi.
Huquq faollari dushanba kuni bergan bayonotida, 28-fevral kuni Eron janubidagi Minob shahrida joylashgan maktabga uyushtirilgan hujumda AQSHda ishlab chiqarilgan «Tomahawk» raketasi qo‘llanilgani ehtimoli yuqori ekanini aytdi.
«Tomahawk» raketalari ushbu mojaroda faqat AQSH kuchlari tomonidan ishlatiladi va ular yuqori aniqlikdagi raketalardir», — deyiladi tashkilot bayonotida.
Sputnik tasvirlari, videolavhalar va ekspertlar bilan suhbatlarga tayangan holda, Amnesti o‘z tekshiruvi maktabning Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) majmuasiga tutash o‘nlab boshqa inshootlar bilan birga «to‘g‘ridan-to‘g‘ri nishonga olinganini» ko‘rsatganini ma’lum qildi.
«Bu AQSH kuchlarining hujum paytida tinch aholiga zarar yetkazmaslik uchun zarur bo‘lgan barcha ehtiyot choralarini ko‘rmaganidan dalolat beradi, bu esa xalqaro gumanitar huquqning jiddiy buzilishidir. Maktab binosining to‘g‘ridan-to‘g‘ri nishonga olingani va ilgari u IIQK majmuasining bir qismi bo‘lgani, AQSH kuchlari eskirgan razvedka ma’lumotlariga tayangan bo‘lishi hamda ko‘zlangan nishon harbiy obyekt ekanini tekshirish majburiyatini bajarmagani haqida xavotirlarni uyg‘otadi», - deydi tashkilot.
Huquq faollari Minobdagi hujumni Isroil va AQSH tomonidan Eronga qarshi olib borilayotgan urushda sodir etilayotgan ehtimoliy urush jinoyatlarining dalili sifatida keltirishmoqda. Huquqshunoslarning fikricha, ushbu urush o‘tgan oyning oxirida xalqaro huquq normalarini buzgan holda boshlangan.
Vashington voqeani tekshirayotganini aytgan bo‘lsa-da, AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati sodir bo‘lgan fojia yuzasidan har tomonlama tekshiruv o‘tkazish va aybdorlarni javobgarlikka tortish borasida kuchayib borayotgan talablarga duch kelyapti.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ekspertlari maktabga qilingan hujumni «bolalarga qarshi og‘ir tajovuz» deb ta’rifladi, AQSH Demokratik partiyasi qonunchilari esa Tramp ma’muriyatini «Amerika xalqi va Kongressiga ushbu fojia qanday va nima uchun sodir bo‘lgani haqida aniq javoblar berishga» chaqirdi.
AQSH-Isroilning Eronga qarshi urushi davom etar ekan, ekspertlar AQSH yuqori martabali mulozimlarining xalqaro huquqni mensimaslik ruhidagi bayonotlaridan xavotir bildirmoqda.
AQSH Mudofaa vaziri Pit Xegset shu oy boshida Vashington Eronga qarshi harbiy hujumda ahmoqona jangovar qoidalarga rioya qilmasligini ta’kidlagan edi.
«Amerika, xalqaro institutlar nima deyishidan qat’i nazar, tarixdagi eng halokatli va aniq havo hujumi kampaniyasini amalga oshirmoqda. Hech qanday ahmoqona jangovar qoidalar, davlat qurish botqog‘i, demokratiya o‘rnatish mashqlari yoki siyosiy jihatdan to‘g‘ri urushlar bo‘lmaydi. Biz g‘alaba qozonish uchun jang qilamiz va vaqtni ham, insonlar hayotini ham behuda sarflamaymiz», — dedi Xegset 2-mart kuni jurnalistlarga.
«Amnesty International»ning dushanba kungi bayonotida aytilishicha, Minobdagi qonli hujumni rejalashtirgan va amalga oshirgan shaxslar javobgarlikka tortilishi kerak.
Tashkilotning tadqiqot va siyosat bo‘yicha katta direktori Erika Gevara-Rosasning aytishicha, agar Vashington binoning maktab ekanini aniqlay olmay zarba bergan bo‘lsa, «bu hujumni rejalashtirishdagi o‘ta beparvolikdan dalolat beradi».
Shuningdek, bu «AQSH harbiylari tomonidan razvedkaning sharmandali muvaffaqiyatsizligi va xalqaro gumanitar huquqning jiddiy buzilishini anglatadi», - dedi u.
Alternativ sifatida, Gevara-Rosas AQSH maktabning harbiy majmua yonida ekanini bila turib, tinch aholi orasidagi qurbonlarni kamaytirish uchun yetarli choralarni ko‘rmasdan hujum uyushtirgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminni ilgari surdi.
«Bunday vaziyatda, mazkur hujum tinch aholining halok bo‘lishi va jarohatlanishiga sabab bo‘lgan mulohazasiz hamda farqlamay berilgan zarba deb baholanadi va urush jinoyati sifatida tekshirilishi lozim», - dedi u.





