Ertadan o‘zbekistonliklar hayotida nimalar o‘zgaradi?

Kecha 23:108 daqiqa

Endi jarima ballarini kamera va radarlar orqali hisoblash boshlanadi. Uy yoki mashina sotib olishda esa naqd pul kamayib, bank bosh rolga chiqadi. Quyida ertadan boshlab kuchga kiradigan eng asosiy yangiliklarni jamladik.

Ertadan o‘zbekistonliklar hayotida nimalar o‘zgaradi?

Davlat tibbiyot muassasalari 5 kunlik ish haftasiga o‘tkaziladi

2026 yil 1-apreldan O‘zbekistonda davlat tibbiyot muassasalarining ish vaqti rejimi olti kunlikdan besh kunlik ish haftasiga o‘tkaziladi. Bu prezidentning tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Hujjatda «tibbiyot muassasalari faoliyatining uzluksizligini ta’minlash maqsadida bayram va dam olish kunlari ularning ishi navbatchilik asosida tashkil etilishi» ma’lum qilingan.

Notarial faoliyat bilan shug‘ullanish yoshining yuqori chegarasi 65 yoshdan 70 yoshgacha oshiriladi

2026 yil 1-apreldan notariuslar faoliyatida bir qator o‘zgarishlar kuchga kiradi. Xususan, O‘zbekistonda notarial faoliyat bilan shug‘ullanish yoshining yuqori chegarasi 65 yoshdan 70 yoshgacha oshiriladi. Bunda Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi tomonidan o‘tkaziladigan suhbat natijasiga ko‘ra notarius o‘z roziligi bilan ish faoliyatini 70 yoshgacha amalga oshirish imkoniga ega.

Shuningdek, davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga tayinlash bo‘yicha tanlov va xususiy notarial faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi malaka imtihoni o‘rniga AKTdan foydalangan holda ikki bosqichli yagona tanlov tartibi joriy etiladi. Bundan tashqari, xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius uzrli sabablarga ko‘ra o‘z kasbiy faoliyatini bajarolmagan taqdirda, uning arizasiga asosan litsenziyaning amal qilish muddati to‘xtatib turilishi mumkin.

Qarorga ko‘ra, shuningdek, 1-apreldan ko‘chmas mulk va undagi ulushlar bilan bog‘liq barcha bitimlar notarius tomonidan «Notarius» axborot tizimi orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun yuboriladi. Ko‘chmas mulk obyekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganda uning yangi mulkdori haqidagi ma’lumotlar kommunal xizmatlar tashkilotlarining elektron axborot tizimlariga avtomatik tarzda yuboriladi va ma’lumotlar bazalarida yangilanadi.

Kamera va radarlar endi jarima ballarini ham hisoblaydi

1-apreldan boshlab kamera va radarlar nafaqat jarima soladi, balki yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun avtomatik ravishda ballarni ham belgilaydi! Qoidabuzarliklarning taxminan 12 turi mavjud: Eng kam ball sababsiz signal chalish va to‘xtash-to‘xtab turish qoidalarini buzish (0,2 ball), tezlikni oshirish (0,5 dan 2 ballgacha), qizil svetofordan o‘tish (1 ball). Hatto noqonuniy to‘xtash ham jarima balli olib kelishi mumkin (0,2 dan 0,5 ballgacha). Eng ko‘p — 2 ball tezlikni 60 km/soatdan ortiq oshirish, qarama-qarshi harakatga chiqish va YTH qatnashchisining hodisa joyidan ketib qolishi uchun beriladi.

Haydovchining hisobidagi jarima ballari 12 oy ichida 12 ballga yetib qolsa, tegishli hujjatlar sudga inson omilisiz, avtomatik yuboriladi va haydovchi SMS orqali xabardor qilinadi. Sud bunday haydovchilarni 6 oydan 3 yilgacha muddatga haydovchilik guvohnomasidan mahrum etadi.

Shuningdek, 12 oy mobaynida yo‘l harakati qoidalarini buzmagan haydovchilarga rag‘batlantirish tariqasida keyingi davrda qoidalarni birinchi marta buzganligi uchun birinchi jarima balli hisoblanmaydi. Haydovchiga jarima balli yozilganidan keyin u 6 oy davomida boshqa qoidabuzarlik sodir etmasa, uning jarima ballaridan 2 jarima balli chegirib tashlanadi.

Avtomobillarga yoqilg‘i quyish shahobchalarida naqd to‘lov to‘xtatiladi

1-apreldan benzin, metan, propan va elektr transport vositalarini zaryadlash uchun naqd pulda to‘lov qilish to‘xtatiladi. Bu talab prezidentning 2025 yil 10-dekabrdagi farmonida belgilab qo‘yilgan. Farmonga ko‘ra, avtoyo‘llarda va shahar hududlarida joylashgan yonilg‘i quyish shoxobchalari neft-gaz mahsulotlarini sotishda hamda elektromobillar uchun zaryadlash xizmatlarini ko‘rsatishda faqat bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlarini qabul qilishi shart bo‘ladi. Naqd pulda to‘lov qilish imkoniyati qoldirilmaydi. Barcha zapravkalar oldiga maxsus kirim apparatlar o‘rnatiladi. Agar plastik kartangiz bo‘lmasa, Siz ushbu apparatga pul solib chek olishingiz va chek bilan yoqilg‘i quyib ketishingiz mumkin bo‘ladi!

Bu qaror soya iqtisodiyoti va «kulrang» sxemalarga qarshi kurash bilan izohlanmoqda: har bir to‘lov qayd etiladi, nazorat kuchaytiriladi. Mamlakat to‘liq raqamli to‘lov tizimiga o‘tmoqda. Bundan tashqari qonunchilikka ko‘ra, davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar; elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvidan foydalanganlik uchun to‘lovlar; alkogol va tamaki mahsulotlari; qiymati 25 mln so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar uchun to‘lovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi.

Naqd pulga uy va mashina oldi-sotdisi bekor qilinadi

1-apreldan yangi tartib kuchga kiradi. Unga ko‘ra, uy-joyni sotish va sotib olishda barcha hisob-kitoblar bank va notarius orqali elektron tarzda amalga oshiriladi, ya’ni oldingidek qo‘ldan-qo‘lga pul berish amaliyoti bekor qilinadi va butun jarayon nazorat ostiga olinadi. Ya’ni oldi-sotdida pul bank orqali o‘tmasa, notarius shartnomani tasdiqlamaydi.

Yangi tartibga ko‘ra:

• xaridor pulni bankdagi eskrou hisobvarag‘iga o‘tkazadi;

• notarius bank ma’lumotlari orqali pul haqiqatdan o‘tganini tekshiradi;

• shundan keyingina shartnoma tasdiqlanadi;

• keyin pul sotuvchining hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

Ya’ni, bank orqali pul aylanmasa, uy yoki mashina oldi-sotdisi notarius tomonidan rasmiylashtirilmaydi. Shuningdek, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transportlar hamda maxsus avtotransport vositalarini oldi-sotdisi elektron tarzda amalga oshiriladi. Ya’ni amalda deyarli barcha turdagi transport vositalari ushbu tartibga tushadi. Agar qandaydir sabab bilan notarius shartnomani tasdiqlamasa, unda xaridor bankka murojaat qilib, eskrou hisobdagi pulni to‘liq qaytarib olishi mumkin, ya’ni uning puli «qotib qolmaydi».

Yangi tartibning asosiy mazmuni shuki, endi pul avval bankda saqlanadi, notarius tekshiradi va faqat shundan keyingina sotuvchiga o‘tadi, bu esa: — firibgarlikni kamaytiradi, hisob-kitoblarni shaffof qiladi, xaridor va sotuvchini bir vaqtning o‘zida himoya qiladi va eng muhimi, uy yoki mashina sotib olish jarayonini xavfsiz va ishonchli qiladi. Markaziy bankka ko‘ra, eskrou hisobraqamlar orqali amalga oshiriladigan bitimlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha davlat banklaridagi komissiyalar ko‘chmas mulk bo‘yicha 0,5 BHM (206 ming so‘m), avtomobil bo‘yicha 0,25 BHM (103 ming so‘m)dan oshmaydi. Agar xaridor va sotuvchiga bitta bankda xizmat ko‘rsatilsa, komissiya faqat bir marta olinadi. Agar xaridor va sotuvchining banklari boshqa-boshqa bo‘lsa, har bir bank komissiyaning yarmidan oshmagan qismini oladi. Xususiy banklar tariflarni mustaqil belgilaydi.

Tax free punktlari barcha xalqaro aeroportlarda paydo bo‘ladi

1-apreldan boshlab chet el fuqarolari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini qisman qaytarish (tax free) tizimi mamlakatning barcha xalqaro aeroportlarida joriy etiladi. Hozir u 9 ta aeroportda (Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona, Urganch, Qarshi, Navoiy, Nukus va Termizda) faoliyat ko‘rsatmoqda.

QQSni qaytarish uchun xaridning minimal qiymati 1 mln so‘mdan 300 ming so‘mga tushiriladi. Tax free tizimi tatbiq etiladigan tovarlarning cheklangan ro‘yxati (oziq-ovqat mahsulotlaridan tashqari) bekor qilinadi. QQSni chet el fuqarolarining bank kartasiga qaytarish tovarlar olib chiqilgan kundan boshlab 3 ish kunidan kechiktirmay amalga oshiriladi.

Pillachilik bilan shug‘ullanuvchilarga subsidiya beriladi

Prezidentning 6-martdagi qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda pilla yetishtiruvchilarga bir qancha subsidiya va soliq imtiyozlari beriladi.

Xususan, 2026 yil 1-apreldan:

• pilla yetishtiruvchilarga (ipak qurti boquvchi va kasanachilarga) «mahalla yettiligi»ning kollegial qarori asosida pillachilik klasteri haqiqatda pilla uchun to‘lab bergan mablag‘larning 35 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi;

• o‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi (O‘rmon agentligi) balansidagi yer maydonlarida tashkil etiladigan tutzorlarda pilla kooperativi tuzish maqsadlari uchun ushbu kooperativ a’zosi hisoblanadigan kambag‘al oilalarga (1 ta oilaning 1 nafar a’zosiga faqat 1-marta) 4 mln so‘mdan subsidiya ajratiladi;

• ipak qurtini parvarishlashda zarur bo‘ladigan asbob-uskuna va jihozlarni xarid qilish uchun kasanachilarga 3 yil muddatga BHMning 50 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda ajratiladi;

• urug‘chilik korxonalariga ipak qurti urug‘larini tayyorlash faoliyatiga jalb etiladigan har bir mavsumiy ishchi oylik ish haqining 50 foizi, biroq mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2 baravaridan oshmagan qismi kompensatsiya qilib beriladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yagona media-portal ishga tushadi

2026-yil 1-apreldan boshlab korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yagona media-portal ish boshlaydi. Bu prezidentning 16-fevraldagi 2026 yilgi davlat dasturi to‘g‘risidagi farmonida ko‘zda tutilgan.

Sun’iy intellekt har yili OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi 10−15 mingta xabarni tahlil qiladi, korrupsiya signallarini aniqlaydi va davlat organlarining reaksiyasini kuzatib boradi.

V1 sertifikati bo‘lgan shaxslar fuqarolikka qabul qilishda davlat tili imtihonidan ozod etiladi

O‘zbek tilini bilish darajasi to‘g‘risida kamida V1 darajadagi malaka sertifikatiga ega chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar 2026 yil 1-apreldan boshlab O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilishda davlat tilini bilish darajasini aniqlash imtihonidan ozod etiladi.

Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, tillarni o‘qitish, o‘rganish va baholash bo‘yicha umumevropa mezonlari (SEFR) talablariga muvofiq chet el fuqarolari uchun o‘zbek tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikatini berish tizimi joriy etiladi.

2026-yil 1-martdan boshlab CEFR mezonlariga muvofiq chet el fuqarolari uchun o‘zbek tilini bilishning A1, A2 va V1 darajalari bo‘yicha, 2027 yil 1-martdan boshlab esa V2, S1 va S2 darajalari bo‘yicha malaka sertifikatini berish uchun imtihonlar joriy etiladi.

Ko‘chmas mulk bitimlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi o‘zgaradi

Ko‘chmas mulk va undagi ulushlar bilan bog‘liq barcha bitimlar notarius tomonidan Notarius axborot tizimi orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun yuboriladi. So‘ng, ko‘chmas mulk obyekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganda uning yangi mulkdori haqidagi ma’lumotlar kommunal xizmatlar tashkilotlarining elektron axborot tizimlariga avtomatik tarzda yuboriladi va ma’lumotlar bazalarida yangilanadi.

Chet el fuqarolariga QQSni qaytarish tizimi takomillashtiriladi

Qonunchilikka ko‘ra, respublikaning barcha xalqaro aeroportlarida chet el fuqarolariga QQSni qaytarish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. QQSni chet el fuqarolarining bank kartasiga qaytarish tovarlar olib chiqib ketilgan kundan keyin 3 ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi.

Chet el fuqarolariga QQSni qaytarishda minimal xarid qiymati QQSni inobatga olgan holda 300 ming so‘m etib belgilanadi.

Ofitserlarning xizmat muddati uchun ustamalari 2 barobar oshiriladi

O‘zbekistonda 1-apreldan boshlab Mudofaa vazirligi ofitserlariga ko‘p yillik xizmati uchun ustama miqdori 2 karra oshiriladi. Kontrakt asosida xizmat qilayotgan oddiy askar va serjantlarning oylik maoshi esa 10 foizga ko‘paytiriladi. Bu haqda Xavfsizlik kengashining 13-yanvar kungi yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qilgan.

Prezidentga ko‘ra, hududiy mudofaa ishlari boshqarmasi va bo‘limlarining harbiy bo‘lmagan xizmatchilarining oyligi bu yil 20 foizga, kelasi yili yana 50 foizga oshiriladi. Qurolli Kuchlar safida 30 yildan ortiq xizmat qilgan harbiylar uchun pensiya hisoblashda inobatga olinadigan oylik miqdori 75 foizdan 100 foizga yetkaziladi. Harbiy xizmatchilar uchun uy-joy qurilishi ham kengaytiriladi. Mas’ullarga harbiy xizmatchilarning pensiya ta’minotini belgilaydigan qonun loyihasini ishlab chiqib, parlamentga kiritish topshirildi.

Teglar

Mavzuga oid