
Ertaga Toshkentda va ba’zi viloyatlarda qor yog‘ishi mumkin
4-6 noyabr kunlari respublikaning barcha hududlariga sovuq va nisbatan nam havo massalari kirib keladi. Respublika bo‘yicha ob-havoning keskin sovib ketishi kutilmoqda.

O‘zgidromet ayrim hududlarda yomg‘ir yog‘ishi va u qor ko‘rinishida davom etishi mumkinligini ma’lum qildi.
Jumladan, Toshkent shahrida havo o‘zgaruvchan bo‘lib, kechasi yomg‘ir yog‘ishi va qorga aylanishi ehtimol qilinmoqda. Kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol g‘arbdan sekundiga 3–8 metr tezlikda esadi. Harorat kechasi 0...+2 daraja iliq, kunduzi +5...+7 daraja iliq bo‘ladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida havo asosan bulutli bo‘ladi, lekin yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kechasi 0...-5 daraja sovuq, kunduzi +5...+10 daraja iliq bo‘lishi mumkin.
Buxoro va Navoiy viloyatlarida ham shunga o‘xshash ob-havo kuzatiladi — havo bulutli, lekin yomg‘ir yog‘maydi, harorat kunduzi +6...+11 daraja iliq bo‘ladi.
Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida kechasi va ertalab qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, ba’zi joylarda esa qorga aylanishi kutilmoqda. Kunduzi havo asosan musaffo bo‘ladi, harorat +5...+10 daraja iliqni tashkil etadi.
Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kechasi 0...+5 daraja iliq, ayrim joylarda -2 darajagacha sovuq, kunduzi +10...+15 daraja iliq bo‘ladi.
Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida kechasi va ertalab qisqa yomg‘ir yog‘ishi, ayrim joylarda qor ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Kunduzi havo yomg‘irsiz, harorat +5...+10 daraja iliq bo‘ladi.
Respublika tog‘li va tog‘ oldi hududlarining ayrim joylarida esa qor yog‘ishi va tuman tushishi mumkin. Harorat kechasi -5...-10 daraja sovuq, kunduzi -3 daraja sovuqdan +2 darajagacha iliq harorat bo‘ladi.





