Farg‘ona xalqaro aeroporti kengaytiriladi

Bugun 07:552 daqiqa

Farg‘ona xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish orqali uning o‘tkazuvchanligi oshirilib, sayyohlar va parvozlar oqimiga mos zamonaviy infratuzilma yaratiladi.

Farg‘ona xalqaro aeroporti kengaytiriladi © Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasida Farg‘ona xalqaro aeroportini rivojlantirish konsepsiyasi taqdimoti bilan tanishdi. Unda mavjud infratuzilmani yangilash va hududning o‘sib borayotgan ehtiyojlariga moslashtirish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Hozirgi kunda aeroport terminali 30 yildan ortiq vaqt davomida faoliyat yuritib kelmoqda. Uning o‘tkazuvchanlik quvvati va xizmat ko‘rsatish darajasi zamonaviy talablarga to‘liq javob bermay qolgan. Shu bois yo‘lovchilar uchun qulayliklarni oshirish va aviatsiya xizmatlarini kengaytirish zarurati yuzaga kelgan.

Rejaga ko‘ra, uchish-qo‘nish yo‘lagini uzaytirish va kengaytirish, aerodrom infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shuningdek yangi yo‘lovchi va yuk terminallarini qurish ko‘zda tutilgan. Bu esa aeroportning texnik imkoniyatlarini sezilarli darajada oshiradi.

Yangi yo‘lovchi terminali maydoni 20 ming kvadrat metrni tashkil etishi rejalashtirilgan. Uning xizmat ko‘rsatish quvvati hozirgiga nisbatan ikki barobar oshirilib, soatiga 1,2 ming nafargacha yo‘lovchi qabul qilish imkoni yaratiladi. Shuningdek, samolyotlar uchun qo‘shimcha turargohlar qurilib, ularni qabul qilish quvvati 10 tagacha yetkaziladi.

Yangi terminalda keng kutish zallari, zamonaviy servis nuqtalari, qulay ro‘yxatdan o‘tish va nazorat tizimlari joriy etiladi. Shu bilan birga, yuqori martabali mehmonlar uchun alohida xizmat ko‘rsatish sharoitlari ham yaratiladi.

Prezident aeroport har qanday hududning “darvozasi” ekanini ta’kidlab, bu yerda zamonaviy servisni tashkil etish va transport bilan bog‘liq qo‘shimcha xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Loyihani amalga oshirishda xalqaro standartlar asosida ish yuritish, shuningdek tajribali xorijiy operatorlarni jalb etish muhimligi qayd etildi. Ushbu tashabbus Farg‘ona vodiysida transport bog‘liqligini kuchaytirish, sayyohlar oqimini oshirish va hududning logistika markazi sifatidagi ahamiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Teglar

Mavzuga oid