Logo

FIFA jahon chempionatidagi terma jamoalar sonini 64 tagacha oshirishni ko‘rib chiqmoqda

Bugun 08:003 daqiqa

Janni Infantino erkaklar o‘rtasidagi futbol bo‘yicha jahon chempionati ishtirokchilari sonini 64 ta jamoagacha oshirish masalasi ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.

FIFA jahon chempionatidagi terma jamoalar sonini 64 tagacha oshirishni ko‘rib chiqmoqda

FIFA prezidenti Janni Infantino erkaklar o‘rtasidagi futbol bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etuvchi terma jamoalar sonini 64 tagacha oshirish taklifi ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi. Hozirda AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qilayotgan turnirda 48 ta terma jamoa ishtirok etmoqda.

«Butun dunyo uchun» turnir

Infantino bu tashabbusni jahon chempionatini «butun dunyo uchun» tashkil etish istagi bilan izohladi. U Shveysariyaning Blue Sport telekanaliga bergan intervyusida ishtirokchilar sonini 64 tagacha oshirish haqidagi savolga javoban:

«Bularning barchasi jahon chempionatidan keyin ko‘rib chiqiladigan masalalar», — dedi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jahon chempionati faqat Yevropa yoki Janubiy Amerika uchun emas, balki butun dunyo uchun tashkil etilishi kerak.

«Istisnosiz barcha mamlakatlar jahon chempionatida ishtirok etishni orzu qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim. Terma jamoalar saviyasi butun dunyo bo‘ylab oshib bormoqda. Agar kichik mamlakatlarga jahon chempionatlarida qatnashish imkoniyati berilmasa, ularda yanada rivojlanish uchun rag‘bat bo‘lmaydi», — dedi Infantino.

FIFA rahbari 48 ta terma jamoa ishtirok etayotgan birinchi jahon chempionatini «ulkan muvaffaqiyat» deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Afrikadan qatnashgan 10 ta terma jamoaning 9 tasi guruh bosqichidan chiqqan. Avvalgi jahon chempionatida esa Afrikadan atigi beshta terma jamoa pley-off bosqichiga chiqqan edi.

2017 yilda FIFA Kengashi jahon chempionati ishtirokchilari sonini 32 tadan 48 taga oshirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

2025 yil aprel oyida Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi (KONMEBOL) 2030 yilgi jahon chempionatida ishtirokchilar sonini 64 tagacha oshirish taklifini rasman ilgari surgan.
2030 yilgi jahon chempionati asosan Ispaniya, Portugaliya va Marokashda o‘tkaziladi.

Turnirning dastlabki uch uchrashuvi esa Argentina, Urugvay va Paragvayda bo‘lib o‘tadi. Bu orqali ilk jahon chempionati o‘tkazilganining 100 yilligi nishonlanadi. Birinchi jahon chempionati 1930 yilda Urugvayda bo‘lib o‘tgan.

Taklifga nisbatan UEFA prezidenti Aleksander Cheferin qarshi chiqib, buni ham turnir, ham saralash bosqichi uchun «yomon g‘oya» deb atadi.

Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim Ol Xalifa ham ishtirokchilar sonining oshishi «tartibsizlik»ka olib kelishi mumkinligini bildirdi.

Shimoliy va Markaziy Amerika hamda Karib havzasi mamlakatlari futbol konfederatsiyasi (KONKAKAF) prezidenti Viktor Montalyani esa taklif «to‘g‘ri emas»ligini aytib, ishtirokchilar sonining ortishi «butun futbol ekotizimiga» salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.

Shu bilan birga, AQSH Oq uyining jahon chempionatini tashkil etish bo‘yicha ishchi guruhi ijrochi direktori Endryu Juliani mamlakat 2038 yilgi jahon chempionatiga mezbonlik qilish uchun nomzodini qo‘yishi mumkinligini va 64 jamoali turnirni qabul qilish imkoniyatiga ega ekanini bildirdi.

FIFAning rasmiy siyosatiga ko‘ra, tashkilot Kengash a’zolari tomonidan ilgari surilgan barcha kengaytirish takliflarini ko‘rib chiqishi va ularni manfaatdor tomonlar bilan muhokama qilishi shart. Yakuniy qarorni FIFA Kengashi qabul qiladi. Hozircha bu masala yaqin vaqt ichida hal etilishi kutilmayapti.

Infantino 2016 yilda FIFA prezidenti etib saylanganida jahon chempionati ishtirokchilari sonini 32 tadan 40 tagacha oshirishni va’da qilgan edi. Biroq oradan bir yil o‘tmasdan ishtirokchilar soni 48 taga yetkazildi va bu format 2026 yilgi chempionatdan joriy etildi.

2034 yilgi jahon chempionatiga Saudiya Arabistoni mezbonlik qiladi. Agar turnir 64 ta terma jamoa ishtirokida o‘tkazilsa, mezbon mamlakat 128 ta uchrashuvni qanday tashkil etishi hozircha noma’lum.

Teglar

Mavzuga oid