«Forbes» dunyo boylari reytingini yangiladi: unda Markaziy osiyoliklar ham bor

11.03.2026 | 10:352 daqiqa

«Forbes» jurnalining 2026-yilgi hisobotiga ko‘ra, dunyodagi milliarderlar soni rekord darajada oshib, 3428 nafarga yetgan. Ularining umumiy boyligi ilk bor 20 trillion dollardan oshgan.

«Forbes» dunyo boylari reytingini yangiladi: unda Markaziy osiyoliklar ham bor

Amerikaning «Forbes» jurnali 2026 yil uchun jahon milliarderlari reytingini tuzdi. Unga ko‘ra, dunyodagi eng boy insonlar soni va ularning umumiy kapitali tarixiy rekordni yangiladi. Sun’iy intellekt sohasidagi portlash, moliya bozorlaridagi o‘sish va qulay iqtisodiy siyosat natijasida ro‘yxatdan 3428 nafar milliarder o‘rin oldi. Ularning umumiy boyligi 20,1 trillion dollarga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 4 trillion dollarga ko‘paygan.

Reytingning eng yuqori pog‘onasini yana «Tesla», «SpaceX» va «xAI» kompaniyalari rahbari Ilon Mask band qildi. Uning sof boyligi 839 milliard dollarga baholanib, qolgan raqobatchilaridan sezilarli darajada o‘zib ketgan.

Dunyoning eng boy besh kishisi qatorini faqatgina texnologiya sohasi vakillari tashkil qilgan:

• Larri Peyj («Google») — 257 milliard dollar;

• Sergey Brin («Google») — 237 milliard dollar;

• Jeff Bezos («Amazon») — 224 milliard dollar;

• Mark Sukerberg («Facebook») — 222 milliard dollar.

Kuchli o‘nlikdan, shuningdek, «Oracle» asoschisi Larri Ellison (190 milliard dollar), «LVMH» moda imperiyasi egasi Bernar Arno (171 milliard dollar), «Nvidia» rahbari Jensen Xuang (154 milliard dollar), sarmoyador Uorren Baffet (149 milliard dollar) hamda «Zara» brendi asoschisi Amansio Ortega (148 milliard dollar) kabi taniqli milliarderlar ham o‘rin olgan.

Alisher Usmanov

Asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmanov bu yilgi reytingda 14,5 milliard dollar boyligi bilan 199-o‘rinni egalladi. 72 yoshli tadbirkorning asosiy kapitali metallurgiya, telekommunikatsiya va investitsiya sohalariga, xususan «USM Holdings» kompaniyasiga tayanadi. U reytingda Rossiya vakili sifatida qayd etilgan.

Markaziy Osiyo milliarderlari

Markaziy Osiyodan reytingda asosan Qozog‘iston tadbirkorlari ishtirok etmoqda. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, «Kaspi.kz» hamasoschisi Vyacheslav Kim 477-o‘rinni egallagan bo‘lib, uning boyligi 7,8 milliard dollarga baholanmoqda. «Kazakhmys» bilan bog‘liq Vladimir Kim 712-o‘rinda qayd etilgan va uning boyligi 5,9 milliard dollarni tashkil etadi. Shuningdek, tadbirkorlar Timur Kulibayev, Dinara Kulibayeva va Bulat Utemuratov 780-o‘rinni bo‘lishib turibdi. Ularning har biri taxminan 5,4 milliard dollar boylikka ega. «Freedom Holding Corp.» rahbari Timur Turlov 823-o‘rinni egallagan bo‘lib, uning boyligi 5,2 milliard dollar deb baholanmoqda. Reytingda Qozog‘istondan yana ikki tadbirkor — Nurlan Smagulov 2858-o‘rinda (1,3 mlrd dollar) va Aydin Rahimbayev 3185-o‘rinda (1,1 mlrd dollar) qayd etilgan.

Qaysi davlat yetakchi?

Davlatlar kesimida qaraydigan bo‘lsak, Amerika Qo‘shma Shtatlari hamon yaqqol yetakchi. AQSHda 989 nafar milliarder yashaydi va dunyoning eng boy 20 kishisidan 15 nafari aynan shu davlat fuqarolaridir. Keyingi o‘rinlarni 610 nafar milliarder bilan Xitoy (Gonkongni qo‘shib hisoblaganda) va 229 nafar milliarder bilan Hindiston egallagan.

Qayd etilishicha, bu yilgi ro‘yxatga 390 nafar yangi milliarder qo‘shilgan. Bu holat asosan sun’iy intellekt tarmog‘ining kengayishi va texnologik kompaniyalar aksiyalarining keskin ko‘tarilishi bilan izohlanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid