
«Formula-1» pilotlari rekord daromad qildi
2025 yilgi «Formula-1» mavsumida eng yuqori maosh oluvchi pilotlar umumiy hisobda 363 mln dollar daromad qilib, seriya tarixida mutlaq rekord o‘rnatdi.

2025 yilgi «Formula-1» mavsumi moliyaviy ko‘rsatkichlar bo‘yicha tarixiy natijalar bilan yakunlandi. Forbes hisob-kitoblariga ko‘ra, chempionatdagi eng yuqori maosh oluvchi 10 nafar pilot trekdagi natijalari hisobidan jami 363 mln dollar daromad olgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 15 foizga, 2021 yilga nisbatan esa 72 foizga yuqori.
Daromadlarning keskin o‘sishi «Formula-1» biznesining umumiy qiymati oshgani va jamoalar uchun joriy etilgan xarajatlar limiti pilotlar maoshiga tatbiq etilmasligi bilan izohlanmoqda. Natijada yetakchi poygachilar uchun maosh va bonuslar sezilarli darajada ko‘paydi.
Moliyaviy reytingda birinchi o‘rinni Red Bull jamoasi piloti Maks Ferstappen egalladi. U 2025 yilda trekda 76 mln dollar ishlab topdi, shundan 65 mln dollari asosiy maosh, 11 mln dollari bonuslarga to‘g‘ri keladi. Ferstappen chempionlikni qo‘ldan boy bergan bo‘lsa-da, mavsumni sakkizta Gran-pri g‘alabasi bilan yakunladi.
Ikkinchi o‘rinda Ferrari jamoasiga o‘tgan Lyuis Hemilton joy oldi. Yetti karra jahon chempioni birinchi mavsumda 70,5 mln dollar daromad qildi. Bu mablag‘ning qariyb barchasi rekord darajadagi asosiy maoshdan iborat bo‘ldi. Biroq, sport natijalari jihatidan bu mavsum Hemilton uchun eng murakkablaridan biri bo‘ldi.
Uchinchi o‘rinni McLaren piloti Lando Norris egalladi. U 57,5 mln dollar daromad qilib, bonuslar bo‘yicha mavsum yetakchisiga aylandi. Norris 2008 yildan beri McLaren’ga ilk chempionlikni olib kelgan pilot sifatida tarixga kirdi.
TOP-10 ro‘yxatidan shuningdek Oskar Piastri, Sharl Lekler, Fernando Alonso, Jorj Rassell va boshqa yetakchi poygachilar o‘rin olgan. Forbes reytingi faqat maosh va bonuslarni qamrab oladi, reklama shartnomalari hisobga olinmaydi.
Avvalroq Toshkent shahrida FIA Awards Ceremony 2025 tantanali marosimi o‘tkazildi, unda «Formula-1» va jahon avtosportining yetakchi yulduzlari ishtirok etgani haqida xabar bergan edik.

