add

Fransiya TikTok algoritmlariga qarshi jinoiy tergov boshladi

Fransiya prokuraturasi TikTok algoritmlari bolalarni o‘z joniga qasd qilishga undashi mumkinligini tekshirmoqda. Deputat Artur Delaport shikoyatidan so‘ng Parij prokuraturasi rasmiy tergov boshladi.

Fransiya TikTok algoritmlariga qarshi jinoiy tergov boshladi

Fransiyada TikTok platformasiga nisbatan jinoiy tekshiruv boshlandi. Parij prokurori Lor Bekoning ma’lum qilishicha, tergovning asosiy sababi — TikTok algoritmlari bolalar va o‘smirlarning psixologik bardoshiga xavf tug‘dirishi va ayrim hollarda ularni o‘z joniga qasd qilishga olib borishi mumkinligi haqidagi da’volardir, deb yozmoqda BFMTV.

Tergov Fransiya milliy parlamenti deputati Artur Delaportning rasmiy shikoyatidan keyin boshlangan. Uning ta’kidlashicha, platformada yosh foydalanuvchilar uchun «o‘ta oson va cheklovsiz» foydalanish imkoni mavjud. Parij prokuraturasi tekshiruvni «o‘z joniga qasd qilishni vosita sifatida targ‘ib qiluvchi mahsulot yoki kontentni tarqatish» moddasi bo‘yicha olib bormoqda.

Shuningdek, prokuratura TikTok orqali jinoiy guruhlar tomonidan noqonuniy moliyaviy operatsiyalar amalga oshirilgan-oshirilmaganini ham tekshirmoqda. Tergov doirasida platforma foydalanuvchi ma’lumotlariga ishlov berish va avtomatik tavsiya tizimining haqiqiy ishlash usuli ham o‘rganiladi.

Parlament komissiyasi sentyabr oyida ijtimoiy tarmoqlarni 15 yoshgacha bo‘lganlar uchun taqiqlash, 15–18 yoshdagilar uchun esa «raqamli komendantlik soati» joriy etish taklifini ilgari surgan edi.

TikTok’ka nisbatan chegaralovchi choralar boshqa mamlakatlarda ham kengaymoqda. Tayvanda 2025 yil oxiriga qadar boshlang‘ich va o‘rta maktab o‘quvchilari uchun platformani bloklash rejalashtirilgan. AQSH va Kanadada TikTok’ni davlat xizmatchilari qurilmalariga o‘rnatish taqiqlangan, Xitoyda esa faqat mahalliy versiya — Douyin ishlaydi.

Teglar

Mavzuga oid

Fransiya TikTok algoritmlariga qarshi jinoiy tergov boshladi | Vaqt.uz