Logo

Futbolning «go‘zalligi» o‘ldimi? So‘nggi Jahon chempionatlari — biznes va taktik pragmatizm qurboni

Kecha 23:204 daqiqa

Oxirgi 50 yil ichida futbol maydonidagi «go‘zal o‘yin» o‘z o‘rnini tinimsiz yugurish, qat’iy taktik rejalar va «nima qilib bo‘lsa ham g‘alaba qozonish» falsafasiga bo‘shatib berdi.

Futbolning «go‘zalligi» o‘ldimi? So‘nggi Jahon chempionatlari — biznes va taktik pragmatizm qurboni

«Ularni go‘zal o‘yin qiziqtirmaydi. Ular futbolning nafosati haqida qayg‘urmaydi. Bizning davrimizda maydonda fikrlardik va kichik tomosha ko‘rsatardik».

Barcha davrlarning eng зўр futbolchisi sanalgan Pelening 2014 yili Braziliyada o‘tgan Jahon chempionati oldidan aytgan bu so‘zlari dunyodagi eng ommabop o‘yinning bugungi holati haqida ko‘p narsani anglatadi.

O‘sha musobaqa Braziliya uchun burilish nuqtasi edi: u Neymar, Oskar va Xalk kabi futbolchilarning individual iqtidorini butun dunyoga namoyish etishi kerak edi. Biroq Braziliya yarim finalda «shafqatsiz» Germaniya terma jamoasidan 7:1 hisobida sharmandali mag‘lubiyatga uchradi. Bu alamli мaғлuбиятning izi hamon millat xotirasidan o‘chgani yo‘q.

Germaniyaning muvaffaqiyati futbolda individual mahoratga boy, erkin o‘ynaydigan va tomoshabinni xushnud etishni g‘alaba bilan teng ko‘radigan jamoalar emas, balki tinimsiz yuguradigan, jismonan baquvvat va qat’iy taktik rejaga amal qiladigan jamoalar asosiy kuchga aylanganini isbotlovchi yorqin misol bo‘ldi.

1

Futbol yirik biznesga aylandi

Pelening 1970 yili Meksikada chempionlikni qo‘lga kiritgan jamoasi ko‘plab futbol tarixchilari tomonidan Jahon kubogini yutgan so‘nggi yorqin jamoa hisoblanadi va u «go‘zal o‘yin»ning mukammal namunasidir.

To‘rt yil o‘tib, G‘arbiy Germaniyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida Braziliya taktik jihatdan Niderlandiya terma jamoasidan va ularning «total futbol» g‘oyasidan ortda qoldi.

1974 yil o‘yinning korporatsiyalashuvi boshlangan burilish nuqtasi bo‘ldi. O‘sha yili Joao Avelanjning FIFA prezidenti etib saylanishi serdaromad global homiylik shartnomalarining yangi davrini boshlab berdi. Bungacha bo‘lgan kelishuvlar mahalliy va mustaqil edi, biroq 1970 yillarning o‘rtalariga kelib, «Adidas» va «Coca-Cola» kabi jahonga mashhur brendlar FIFAning tijoriy hamkorlariga aylandi va bu aloqalar shu kungacha davom etmoqda.

Televizion translyatsiya huquqlari ham shu tendensiyani takrorladi: milliy teletarmoqlar bilan tuzilgan shartnomalar, so‘ngra 1980 yillar atrofida sport kabel televideniyesining paydo bo‘lishi bilan translyatsiya huquqlari narxi keskin oshib ketdi.

Ҳозирda futbol katta biznesga aylangan va natijada maydondagi talablar yanada kuchaygan. Homiylik va translyatsiyadan keladigan daromadlar o‘sishi jamoalar uchun moliyaviy mukofotlarni ilgari tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajaga olib chiqdi.

Futbolda «nima qilib bo‘lsa ham g‘alaba qozonish» asosiy maqsadga aylandi va o‘yinning qay tarzda o‘tkazilishi borgan sari ikkinchi darajali qarash sifatida qabul qilina boshladi.

2

Go‘zallikning qayta tiklanishi: Niderlandiya-74 va Braziliya-82

Sport yirik biznesga aylanganiga qaramay, hamon futbolni go‘zal tarzda o‘ynaydigan jamoalar topilardi. Jahon chempionatlaridagi eng yorqin ikki misol — 1974 yilgi finalchi Niderlandiya va 1982 yilgi Braziliya terma jamoalaridir.

1974 yilgi Jahon kubogi finaliga chiqqan gollandlar Pelening mashhur Braziliya termasiga xos bo‘lgan ijodkorlik va erkin o‘yinni «total futbol» konsepsiyasi bilan boyitdi. Sodda qilib aytganda, bu — maydondagi hech bir futbolchi doimiy pozitsiyaga bog‘lanmagan, masalan, qanot hujumchisi himoyachi vazifasini ham bajara oladigan tizim edi.

Bu betakror Yoxan Kroyf boshchiligidagi tezkor, moslashuvchan va hujumkor futbol namoyish etadigan jamoani yuzaga keltirdi. Shu tariqa niderlandiyaliklar «go‘zal o‘yin»ni Yevropada ham namoyish etish mumkinligini isbotladi.

Garchi ularning tizimi 1974 yilgi finalda ancha pragmatik harakat qilgan G‘arbiy Germaniya vakillari oldida dosh bera olmagan va taktik kamchiliklari ochilib qolgan bo‘lsa-da, yarim asrdan ko‘proq vaqt o‘tgach ham odamlar haqiqiy g‘oliblardan ko‘ra aynan Niderlandiya terma jamoasini ko‘proq eslashadi.

1982 yili Ispaniyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida Braziliya termasi bilan ham xuddi shunday holat yuz berdi. Sokrates, Ziko, Eder va Junior kabi betakror iqtidorlarga ega jamoa 1970 yilgi Braziliya terma jamoasini yodga soluvchi futbol namoyish etib, ham muxlislarni, ham butun dunyodagi teletomoshabinlarni hayratga soldi.

Biroq 1974 yilgi niderlandiyaliklar kabi, Braziliya ham Jahon kubogini yuta olmadi — ular bo‘lajak chempion Italiya tomonidan musobaqadan chiqarib yuborildi. 1982 yilgi Braziliya termasi muvaffaqiyatsizlikka uchraganiga qaramay, o‘zlarining takrorlanmas o‘yin uslubi bilan futbol tarixida qoldi.

Futbol qimmatlashmoqda

2026 yilga kelib, «xalq o‘yini» deb ataluvchi futbol oddiy muxlislardan yanada uzoqlashdi. Zamonaviy futbol beshigi hisoblangan Angliyada bu sport turi ilgari ishchilar sinfining sevimli mashg‘uloti, oddiy odamlar uchun arzon ko‘ngilochar vosita edi. Bugungi kunda esa Angliya Premer-ligasi o‘yinlariga chipta sotib olish shu qadar qimmatlashdiki, oddiy ishqibozlar ushbu bozordan siqib chiqarilmoqda. Muxlislar guruhlari o‘tkazgan so‘nggi so‘rov natijalariga ko‘ra, Angliyadagi eng yuqori liga o‘yinlariga chiptalar narxi 1990 yildan beri 800 foizga oshgan.

Xalqaro futbolda esa Jahon kubogi FIFA uchun chinakam daromad manbaiga aylandi. Joriy musobaqaga chiptalar narxi 60 dollardan 10 000 dollardan ko‘proqni tashkil etmoqda, bu esa futbolni boshqaruvchi tashkilotga qariyb 9 milliard dollar daromad keltirishga yordam berdi.

AQSH oxirgi marta 1994 yilda Jahon chempionatiga mezbonlik qilganidan beri chiptalar narxi muttasil o‘sib bordi. 1994 yildagi final o‘yinining birinchi toifadagi chiptasi 475 dollar turgan bo‘lsa, inflatsiya hisobga olingan holda uning 2026 yildagi qiymati 1 074,45 dollarni tashkil etishi kerak edi. Statistik jihatdan, chempionatlar o‘rtasidagi eng keskin narx o‘sishi 2022 yildan 2026 yilga o‘tishda kuzatildi: birinchi toifadagi chipta narxi 600 foizga qimmatlashdi. Xulosa qilib aytganda, 2026 yilgi Jahon chempionati o‘yinlarini stadionda kuzatish faqatgina boy qatlam uchun imkoniyatga aylanib qoldi.

Teglar

Mavzuga oid