Gazsiz hududlardagi elektr uchun 350 kVt/soatlik me’yordan kimlar foydalana oladi?
Siz qishda kommunal to‘lovlarga qancha pul sarflaysiz? Sovuq kunlarda uyni qanday isitish va buning uchun qancha pul sarflash kerak, degan savol bugun shaharda yashovchilarni ham, gaz yetib bormaydigan joylarda istiqomat qiladiganlarni ham birdek o‘ylantiradi. Gaz ta’minoti bo‘lmagan yoki gaz yetib borishi qiyin joylarda yashovchilar uchun isitish mavsumida elektr energiyasining bazaviy me’yori 200 dan 350 kVt/soatga oshirildi. Vaqt.uz bu o‘zgarish kimlarga tegishliligi, 350 kVt/soat qanday hisoblanishi, me’yordan ortiq elektr ishlatilsa, qancha to‘lanishi-yu, yangi tartib oilalarga qanchalik yengillik berishini tahlil qildi.
Nega elektr me’yori oshirildi ?
Avvalo, bu tartib o‘zi nega joriy qilinganiga to‘xtalsak. Gaz yetib bormaydigan yoki qishda gaz ta’minotida uzilishlar bo‘ladigan hududlarda aholi uyini isitish uchun tabiiyki elektr energiyasidan ko‘proq foydalanadi. Natijada elektr uchun komunal to‘lovlar ham karrasiga qimmatlashadi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshid Mustafoyevning ma’lum qilishicha, bunday hududlardagi xonadonlarning qishki elektr iste’moli o‘rganilgan. 2025-yilning dekabridan 2026-yilning martigacha o‘tkazilgan tahlil natijasida aholining 60 foizi qishda oyiga 300 kVt·soatgacha elektr energiyasi ishlatishi aniqlangan. Shu ma’lumotlar asosida isitish mavsumida bazaviy me’yorni 200 dan 350 kVt/soatga oshirish taklif qilingan.
Xurshid Mustafoyevning aytishicha, hozirda deyarli 4 million xonadon tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan. Yana 600 mingdan ortiq xonadonda gaz bir kelsa, bir kelmaydi. Shu sababli yangi tartib gazsiz yoki qishda gaz yetkazib berish qiyin bo‘lgan hududlarda yashovchilarning elektr xarajatini kamaytirishga qaratilgan.
200 kVt/soatlik me’yor qanday ishlaydi?
Xo‘sh, bu belgilangan limit o‘zi qanday ishlaydi? Deylik siz bir oyda 200 kVt/soat elektr ishlatsangiz, har bir kilovatt-soat uchun 650 so‘m to‘laysiz. Jami to‘lov 130 ming so‘m bo‘ladi. Agar iste’mol 200 kVt/soatdan oshsa, ortiqcha qism har bir kVt/soat uchun 900 so‘mdan hisoblanadi. Bu degani bir oyda 300 kVt/soat elektr ishlatsangiz, dastlabki 200 kVt/soat uchun 130 ming so‘m, qolgan 100 kVt/soat uchun esa 90 ming so‘m to‘laysiz. Jami — 220 ming so‘m xarajat bo‘ladi.
Endi 350 kVt/soatlik me’yor nimani o‘zgartirishiga to‘xtalamiz. Yangi tartib qo‘llanadigan hududlarda isitish mavsumida dastlabki 350 kVt/soat elektr energiyasi 650 so‘mdan hisoblanadi. Siz bundan ko‘proq elektr ishlatsangiz, faqat 350 kVt/soatdan oshgan qism uchun 900 so‘mlik tarifda pul to‘laysiz. Masalan, bir oyda 300 kVt/soat elektr ishlatgan xonadon endi butun sarfi uchun 650 so‘mdan to‘laydi. Jami 195 ming so‘m. Avvalgi tartibda esa to‘lov 220 ming so‘m bo‘lardi. Bunday vaziyatda 25 ming so‘m tejaladi.
Shunday qilib, 350 kVt/soatlik me’yor elektr iste’molini cheklamaydi. U faqat pastroq tarif qo‘llanadigan miqdorni oshiradi. Bir oylik iste’molga 200, 300, 350 va 400 kVt/soat uchun to‘lov qancha bo‘lishi va 350 kVtlik me’yordagi narx tafovutini quyidagi jadvalda ko‘rishingiz mumkin.
Oylik iste’mol | 200 kVt/soat me’yorida | 350 kVt/soat me’yorida | Tejaladigan mablag‘ |
200 kVt·soat | 130 000 so‘m | 130 000 so‘m | 0 |
300 kVt·soat | 220 000 so‘m | 195 000 so‘m | 25 000 so‘m |
350 kVt·soat | 265 000 so‘m | 227 500 so‘m | 37 500 so‘m |
400 kVt·soat | 310 000 so‘m | 272 500 so‘m | 37 500 so‘m |
350 kVt/soatlik me’yor kimlarga tegishli?
Ana endi eng asosiy joyiga keldik: 350 kVt/soatlik me’yor kimlarga tegishli? Bu yengillik faqat tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan yoki qish mavsumida gaz yetkazib berish qiyin bo‘lgan hududlardagi ayrim xonadonlarga tegishli. Bunda aholi ikki toifaga bo‘linadi.
Birinchi toifaga tabiiy gaz quvurlari umuman mavjud bo‘lmagan yoki gaz tarmog‘idan uzilgan, suyultirilgan gazdan foydalanadigan hududlar kiradi. Ikkinchi toifaga esa gaz tarmog‘i bor, lekin qishda havo harorati keskin pasayganda aholiga yetarli miqdorda gaz yetkazib berish imkoniyati cheklangan hududlar kiradi. Xonadonlar ro‘yxati har yili Energetika vazirligi, «Hududgazta’minot» va «Hududiy elektr tarmoqlari» takliflari asosida shakllantiriladi. Yakuniy ro‘yxatni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tasdiqlaydi. Shu sababli faqat gaz quvurining yo‘qligi yetarli emas. Xonadonlar ushbu tartib qo‘llanadigan tasdiqlangan ro‘yxatga kiritilgan bo‘lishi ham kerak. Shundagina 350 kVt/soatlik imtiyozdan foydalanish mumkin.
Ochiq qolgan savollar
Xo‘sh, xonadoningiz 350 kVt/soatlik me’yor qo‘llanadigan abonentlar ro‘yxatiga kiritilganini qanday bilish mumkin? Agar gaz ta’minoti yo‘q hududda yashasangiz-u, xonadoningiz ushbu ro‘yxatda bo‘lmasa, nima qilishingiz kerak? Yana bir muhim savol, gaz yetkazib berish qiyin deb topiladigan hududlar qanday mezonlar asosida belgilanadi? Bunda havo harorati, gaz bosimi, tarmoqning texnik imkoniyati yoki gaz ta’minotidagi uzilishlar soni hisobga olinadimi?
Vazirlar Mahkamasining 601-sonli qarorida ro‘yxatni shakllantirish va tasdiqlash uchun mas’ul tashkilotlar belgilangan. Biroq yuqoridagi savollarga, xususan, hududlarni ajratishning aniq mezonlari va xonadonlarning ro‘yxatga kirishini tekshirish tartibiga oydinlik kiritilmagan.
Vaqt.uz ushbu savollar yuzasidan Energetika vazirligiga bir necha bor murojaat qildi. Ammo ko‘rsatuv efirga uzatilgunga qadar mas’ul tashkilotlardan aniq javob bo‘lmadi. Shu sababli 350 kVt/soatlik me’yor kimlarga tatbiq etilishi ma’lum bo‘lsa-da, unga kirish va undan foydalanishning ayrim muhim jihatlari hozircha ochiq qolmoqda. Shuning uchun, keling, hozir qishda odamlar gaz va elektr uchun qancha xarajat qilishini ko‘rib chiqaylik.
Odamlar qishda elektr va gaz uchun qancha sarflaydi?
Vaqt.uz 14-oktabrda o‘tkazgan so‘rovnomada qatnashganlarning yarmidan ko‘pi kommunal xizmatlar uchun oyiga 500 ming so‘mdan ortiq pul sarflashini bildirgan. Xo‘sh, qish mavsumida faqat elektr energiyasi va tabiiy gazning o‘zi oilaviy budjetga qanchaga tushadi ? Buni Toshkentdagi xonadon misolida hisoblab ko‘ramiz. Masalan, bir oila oyiga 300 kilovatt-soat elektr va 500 kub metr gaz ishlatsa, 2026-yilgi tariflar bo‘yicha elektr uchun 220 ming, gaz uchun esa 550 ming so‘m to‘laydi. Jami 770 ming so‘m. Xuddi shu miqdordagi elektr va gaz 2025-yilgi tariflarda hisoblanganida, oilaning oylik xarajati 700 ming so‘m bo‘lardi. Demak, iste’mol hajmi o‘zgarmagan taqdirda ham, yangi tariflar sabab bir oyda 70 ming so‘m ko‘proq to‘lashga to‘g‘ri keladi.
Iste’mol ko‘paygan sari bu farq ham ortadi. Masalan, oyiga 450 kilovatt-soat elektr va 700 kub metr gaz ishlatadigan xonadonning to‘lovi yangi tariflarda 1 million 305 ming so‘mga yetadi. Bu o‘tgan yilgi narxlarga nisbatan 125 ming so‘m ko‘p. Agar o‘rtacha iste’mol qiladigan oila to‘rt oy davomida har oy shuncha elektr va gaz ishlatsa, qish mavsumida jami 3 million 80 ming so‘m sarflaydi. Avvalgi tariflarda esa bu xarajat 2 million 800 ming so‘m bo‘lardi. Ya’ni to‘rt oyda 280 ming so‘m farq yuzaga keladi. Albatta, bu rasmiy o‘rtacha iste’mol ko‘rsatkichi emas, balki tariflar o‘zgarishining oilaviy budjetga ta’sirini ko‘rsatadigan taxminiy hisob-kitob. Haqiqiy to‘lov xonadonning maydoni, isitish usuli, ob-havo va energiya sarfiga qarab farq qilishi mumkin.
Teglar






