Germaniya «Rosatom» bilan qo‘shma yadroviy loyihaga «yashil chiroq» yoqdi
Germaniya hukumati Rossiyaning «Rosatom» davlat korporatsiyasi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikni nazarda tutuvchi bahsli sanoat tashabbusini ma’qulladi. Loyiha Germaniyaning Quyi Saksoniya yerida amalga oshiriladi.

Ekologik va urushga qarshi tashkilotlarning keskin noroziliklariga qaramay, tashabbus tegishli tekshiruvlar o‘tkazilgandan so‘ng federal hukumat tomonidan dastlabki tasdiqni oldi. Bu haqda «Politico» nashri xabar berdi.
Kelishuvning mohiyati
Loyiha tashabbuskori «Advanced Nuclear Fuels GmbH» kompaniyasi bo‘lib, u Fransiyaning davlat energetika giganti «Framatome»ning sho‘’ba korxonasi hisoblanadi. Kompaniya Germaniyaning Lingen shahridagi zavodida Rossiya chizmalari asosida yadroviy yoqilg‘i elementlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi.
Buning uchun fransuz tomoni Rossiyaning «Rosatom» korporatsiyasiga qarashli sho‘’ba tuzilma – «TVEL» bilan hamkorlik qiladi va undan tegishli litsenziya sotib olishni rejalashtirmoqda.
Germaniya federal idoralari, jumladan Atrof-muhit vazirligi hamda milliy xavfsizlik organlari yaqinda ushbu tashabbus bo‘yicha ekspertiza bahosini yakunladi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, Berlin loyihani amalga oshirishga ruxsat berishga qaror qildi, biroq muayyan cheklovlar bilan.
Endi so‘nggi qaror Quyi Saksoniya yerining Atrof-muhit vazirligiga bog‘liq. U yakuniy qarorni qabul qilish uchun markaziy hukumatdan siyosiy ruxsat kutayotgan edi.
Josuslik xavfimi yoki energetik xavfsizlik?
Qo‘shma ishlab chiqarish rejalari jamoatchilikda keskin norozilik uyg‘otdi. Faollar va ekologlarning ta’kidlashicha, Rossiyaning Ukrainaga qarshi to‘liq ko‘lamli urushi va Yevropa miqyosida Moskvadan energetik mustaqillikka intilish fonida Rossiya davlat kompaniyalariga Germaniyadagi strategik obyektlarga kirish imkonini berish diversiya va sanoat josusligi xavfini keltirib chiqaradi.
O‘z navbatida, Fransiyaning «Framatome» kompaniyasi rahbariyati biznes-rejani himoya qilmoqda. Rasmiy bayonotda qayd etilishicha, loyiha «yoqilg‘i to‘plamlari bilan mustaqil Yevropa ta’minoti»ni ta’minlaydi va elektr energiyasi yetkazib berishdagi uzilishlar hamda YIdan tashqari importga qaramlikning oldini oladi.
Kompaniyada ta’kidlashlaricha, Rossiya litsenziyalari asosida yoqilg‘ini Germaniya zavodida yig‘ish faqat majburiy vaqtinchalik chora hisoblanadi. Bu Yevropa muhandislari sovet tipidagi reaktorlar (suv-suv energetik reaktorlari) uchun Rossiya texnologiyalariga muhtoj bo‘lmagan o‘z yoqilg‘i to‘plamlarini ishlab chiqqunga qadar o‘tish bosqichi bo‘lishi kerak.





