Germaniyada ommaviy firibgarlik: Bank hisoblaridan yashirincha 99 yevro yechib olinmoqda

Bugun 09:232 daqiqa

Kiberjinoyatchilar Yevropaning avtomatik to‘lov tizimidagi nozik nuqtani topishdi. Ular hech qanday ruxsatsiz mijozlarning kartalaridan pul o‘g‘irlamoqda.

Germaniyada ommaviy firibgarlik: Bank hisoblaridan yashirincha 99 yevro yechib olinmoqda © gettyimages.com

«Bild» nashrining xabar berishicha, kiberjinoyatchilar Germaniya fuqarolarining bank hisoblaridan bildirmasdan pul o‘g‘irlashning yangi va samarali usulini o‘ylab topishdi. Mablag‘lar hisob egasining hech qanday tasdig‘isiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri soxta kompaniyalar foydasiga yechib olinmoqda.

Tarmoqlarda hisobidan kutilmaganda roppa-rosa 99 yevro g‘oyib bo‘layotganidan shikoyat qiluvchi foydalanuvchilar soni keskin ortib bormoqda. Pulni qabul qilib oluvchilar sifatida Bolgariyada ro‘yxatdan o‘tgan «Lunero EOOD» va «Lenoxal Limited EOOD» kabi noma’lum kompaniyalar ko‘rsatilmoqda.

O‘g‘irlik qanday ishlaydi?

Jinoyatchilar to‘g‘ridan to‘g‘ri debetlash mexanizmidan foydalanmoqda. Bu — kompaniyalarga muntazam xizmatlar yoki obunalar uchun mijoz hisobidan avtomatik ravishda pul yechib olish imkonini beruvchi funksiya.

Asosiy muammo shundaki, banklar ko‘pincha mijoz haqiqatan ham mablag‘ yechib olishga ruxsat bergan yoki yo‘qligini tekshirmaydi. Firibgarlarga faqat hisob raqami (IBAN) va jabrlanuvchining ismi kerak bo‘ladi.

Bu ma’lumotlarni ular odatda global ma’lumotlar sizib chiqishi orqali qo‘lga kiritadi yoki darknetdagi xufiyona forumlardan sotib oladi.

Nega aynan 99 yevro?

Bu sxema bozor uchun yangilik emas. Fevral oyida ham «Megatipp Emergency Call Services» nomli tashkilot foydasiga ommaviy pul yechish holatlari kuzatilgan edi. Jinoyatchilar ataylab 99 yevro kabi miqdorni tanlashadi, chunki ular bunday to‘lov kundalik maishiy xarajatlar orasida bilinib qolmasligiga va egasining darhol e’tiborini tortmasligiga umid qilishadi.

Pulni qaytarish mumkinmi?

Mutaxassislar bank ko‘chirmalarini doimiy va diqqat bilan tekshirib borishni maslahat bermoqda. Agar mijoz noma’lum to‘lovni aniqlasa:

Tranzaksiyani bekor qilish talabi bilan darhol o‘z bankiga murojaat qilishi kerak.

Standart qoidalarga ko‘ra, ruxsat etilgan to‘lov bo‘yicha 8 hafta ichida nizolashish mumkin. Biroq, mijozning roziligisiz noqonuniy pul yechib olingan hollarda, bu muddat qonunchilikka ko‘ra 13 oygacha uzaytiriladi.

Shuningdek, bunday qaytarishlar firibgarlarning o‘ziga ham moliyaviy zarar keltiradi: har bir majburiy pul qaytarish uchun bank ulardan qo‘shimcha jarima komissiyasini undiradi.

Teglar

Mavzuga oid