«G‘ishtko‘prik» va «Dovut ota» bojxona postlari dekabr oyida ochilishi mumkin
Qozog‘iston bilan chegaradagi «G‘ishtko‘prik» va «Dovut ota» postlari qayta ishga tushiriladi. Shuningdek, Tojikiston bilan chegarada yana uchta postda qurilish ishlari boshlanadi.
© Foto: bojxona qo'mitasiO‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasida joylashgan «G‘ishtko‘prik» hamda «Dovut ota» bojxona postlari joriy yilning dekabr oyida to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, Tojikiston bilan chegaradagi «Oybek», «Farhod» va «Bekobod» chegara bojxona postlarida ham yangi qurilish ishlari boshlanadi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Otabek Ibrohimov ma’lum qildi.
Otabek Ibrohimov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ta’kidlashicha, bojxona infratuzilmalarini takomillashtirishga qaratilgan ushbu aniq vazifalar 13-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilab berilgan.
«Shundan kelib chiqib, keng ko‘lamli qurilish tadbirlari doirasida G‘ishtko‘prik (Qozog‘iston tomonidan — Jibek Joli) va Dovut ota (Tajen) chegara bojxona postlarimiz yaqin kunlarda ochiladi va to‘liq ishga tushadi», — dedi Otabek Ibrohimov.
Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining «Spot» nashriga aniqlik kiritishicha, mazkur ikkita yirik chegara postining ochilishi joriy yilning dekabr oyiga mo‘ljallangan.
Ma’lumot uchun, «Chernyayevka» nomi bilan ham tanilgan «G‘ishtko‘prik» chegara posti 2025-yilning 5-fevralidan boshlab ta’mirlash ishlari sababli yopilgan edi. Dastlab ushbu jarayon to‘rt oy davom etishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan chegarada «One Stop» tizimini joriy etish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani xabar qilingandi.





