Logo

«Google»ning bosh kompaniyasi «Alphabet» joriy yil uchun kapital xarajatlari prognozini oshirdi

Bugun 16:534 daqiqa

Kompaniyaning choraklik erkin pul oqimi so‘nggi yigirma yildan ortiq vaqt ichida birinchi marta manfiy ko‘rsatkichni qayd etdi — minus 5,9 milliard dollar.

«Google»ning bosh kompaniyasi «Alphabet» joriy yil uchun kapital xarajatlari prognozini oshirdi © Foto: life.ru

«Google»ning bosh kompaniyasi «Alphabet» joriy yil uchun kapital xarajatlari prognozini avvalgi 190 milliard dollardan 195–205 milliard dollargacha oshirdi. Bu haqda «Bloomberg» xabar berdi.

Shuningdek, «Alphabet»ning choraklik erkin pul oqimi (free cash flow) kompaniya birjaga chiqqanidan buyon, ya’ni so‘nggi yigirma yildan ortiq vaqt ichida birinchi marta manfiy ko‘rsatkichni qayd etdi — minus 5,9 milliard dollar. Kompaniya bu o‘zgarishni sun’iy intellekt uchun hisoblash quvvatlarini tezroq kengaytirish va bulutli xizmatlar mijozlaridan tushadigan daromadni oshirish istagi bilan izohladi.

«Alphabet» texnologiya gigantlari ichida choraklik hisobotini birinchi bo‘lib e’lon qildi. «Meta», «Microsoft» va «Amazon» esa o‘z natijalarini kelasi hafta taqdim etadi. Aprel oyida ushbu to‘rt kompaniya joriy yilda sun’iy intellektga jami 725 milliard dollargacha sarflashini ma’lum qilgandi. «Alphabet» hisobotiga qaraganda, yakuniy xarajatlar bu raqamdan ham yuqori bo‘lishi mumkin.

Biroq bu sarmoyalardan qay darajada foyda olinishi hali ham noaniqligicha qolmoqda. «Investing.com» katta tahlilchisi Tomas Monteyroning ta’kidlashicha, yangi xarajatlar rejasi unchalik ijobiy ko‘rinmaydi. Uning fikricha, foiz stavkalari oshishi va sun’iy intellekt infratuzilmasi taqchilligi sharoitida kompaniya o‘zini faqat ichki pul oqimlari hisobidan uzoq muddat moliyalashtirishi mumkinligi haqidagi tasavvur tobora zaiflashmoqda.

«Google Cloud» daromadi kutilganidan yuqori bo‘ldi

Shunga qaramay, choraklik natijalar ijobiy ko‘rsatkichlarni ham namoyon qildi. «Google Cloud»ning 30-iyun kuni yakunlangan chorakdagi daromadi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 82 foizga o‘sib, 24,77 milliard dollarga yetdi. Bu tahlilchilar kutgan 22,46 milliard dollardan yuqori bo‘ldi. Shuningdek, tuzilgan, ammo hali daromad sifatida hisobga olinmagan shartnomalar portfeli avvalgi chorakdagi taxminan 460 milliard dollardan 514 milliard dollargacha ko‘paydi.

Kompaniya bosh direktori Sundar Pichay bu o‘sishni sun’iy intellekt infratuzilmasi va AI yechimlariga bo‘lgan yuqori talab bilan izohladi. Hamkorlarga to‘langan mablag‘lar hisobga olinmagan holda «Alphabet»ning umumiy daromadi 103,6 milliard dollarni tashkil etib, Uoll-strit prognozlaridan yuqori bo‘ldi. Bir aksiyaga to‘g‘ri keladigan sof foyda 9,11 dollarni tashkil qildi. Bu ham kutilmalardan ancha yuqori bo‘lib, bunda «Alphabet»ning «Anthropic» va «SpaceX» kompaniyalaridagi ulushlari qiymatining qariyb 100 milliard dollarga qayta baholanishi muhim omil bo‘ldi.

Gemini va sun’iy intellekt bo‘yicha raqobat kuchaymoqda

Qidiruv reklamasidan tushgan daromad 63,27 milliard dollarni tashkil etdi, ammo bu ko‘rsatkich tahlilchilar prognozidan biroz past bo‘ldi. «Bloomberg»ning yozishicha, investorlar uchun asosiy savol — odamlarning axborot bilan ishlash usullari o‘zgarib borayotgan bir paytda «Google»ning Gemini modeli qidiruv bozoridagi ustunlikni saqlab qola oladimi, degan masaladir.

Gemini’ning oylik foydalanuvchilari soni 950 million nafarga yetdi. Bu prognozlardan yuqori bo‘lsa-da, birinchi chorakdagi ko‘rsatkichdan pastdir. Shu bilan birga, Gemini 3.5 Pro modelining chiqarilishi kechiktirilgani uning bozordagi o‘rni haqida savollarni keltirib chiqardi. Ayniqsa, sun’iy intellekt asosidagi dasturlash sohasida ishlab chiquvchilarni Anthropic va OpenAI faolroq jalb qilayotgani qayd etilmoqda.

Bu savollarga javoban Sundar Pichay e’tiborni keyingi avlod modeli — Gemini 4’ga qaratdi. Uning aytishicha, bu ancha yirik va kuchli model bo‘ladi hamda ishga tushirilgandan keyin «Google» unga yangilanishlarni deyarli har oy taqdim etib boradi.

May oyi oxirida Anthropic sun’iy intellekt sohasidagi eng qimmat startapga aylanib, OpenAI’ni ortda qoldirdi. Kompaniyaning 65 milliard dollarlik Series H investitsiya bosqichi yakunlanganidan keyin uning bozor bahosi 960 milliard dollardan oshdi. Shuningdek, kompaniyaning kutilayotgan yillik daromadi 47 milliard dollarga yetdi. Solishtirish uchun, 2025-yil yakuni bo‘yicha bu ko‘rsatkich 10 milliard dollarni tashkil etgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nobel laureatining «Google»dan ketishi «Alphabet» aksiyalari pasayishiga sabab bo‘lgandi.

Teglar

Mavzuga oid

«Google»ning bosh kompaniyasi «Alphabet» joriy yil uchun kapital xarajatlari prognozini oshirdi | Vaqt.uz