
Go‘sht sezilarli qimmatladi: 2025 yilda O‘zbekistonda narxlar qanday o‘zgardi?
O‘tgan yili inflatsiya 7,3 foizgacha pasayib, mamlakat uchun eng past darajaga tushdi. Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari orasida go‘sht narxi yil davomida eng ko‘p oshdi.

O‘zbekistonda 2025 yil inflatsiya ko‘rsatkichi rekord darajada pasayib, 7,3 foizni tashkil qildi. Dekabr oyining o‘zida iste’mol narxlari indeksi 0,9 foiz bo‘ldi.
So‘nggi 10 yildagi eng yuqori inflatsiya 2017 yilda kuzatilgandi — 18,8 foiz. 2024 yilda inflatsiya 9,8 foiz bo‘lgandi.

2025 yilda oziq-ovqat mahsulotlari yillik hisobda 5,5 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari 5,1 foizga va xizmatlar 13,9 foiz qimmatladi.
Asosiy oziq-ovqatlar narxlari quyidagicha ko‘tarildi:
Qo‘y go‘shti — 26,9 foiz;
Suyaksiz mol go‘shti — 25 foiz;
Suyakli mol go‘shti — 23,9 foiz;
Paxta yog‘i — 17,7 foiz;
Tuxum — 14,5 foiz;
Sut — 5,7 foiz;
Non — 1,6 foiz.
Yil davomida narxi pasaygan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari guruch (16,6 foiz), shakar (4,8 foiz) va kungaboqar yog‘i (12,7 foiz) bo‘ldi.
Bundan tashqari, tarmoq gaz narxi 39,2 foizga, sovuq suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari 35,1 foizga, maishiy chiqindilarni olib ketish 32,5 foizga, suyultirilgan gaz 25 foizga, elektr energiyasi 18,8 foizga oshdi.
Issiq suv ta’minoti va isitish xizmatlari esa mos ravishda 11,9 foiz va 11,5 foizga qimmatladi. Benzin narxi 11,9 foizga, propan narxi 10,5 foizga ko‘tarildi.
Ta’lim sohasida ham narxlar o‘sishi kuzatildi. Yil davomida repititorlik xizmatlari va chet tillarida o‘qish kurslari 6,6 foizga qimmatladi. Maktabgacha ta’lim xizmatlari narxlari 17 foizga oshdi. Oliy ta’limdagi narxlar o‘zgarishsiz qolgan.
Markaziy bankning asosiy maqsadi narxlar barqarorligini ta’minlash va 5 foizlik inflyatsion targetga erishish hisoblanadi.
Ayni paytdagi kutilmalarga ko‘ra, 5 foizlik inflatsiya 2027 yilning oxirida bo‘ladi. Biroq, inflyatsion targetga erishish muddati bir necha yildan beri cho‘zib kelinmoqda va bu jarayon yana davom etishi mumkin.
2026 yilda narxlar o‘sishi 6,5 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.





