
Gulistonda «O‘zbekiston – Shanxay hamkorlik tashkiloti» savdo va sanoat zonasi ochiladi
Bu bo‘yicha prezident topshiriq berdi. Tashkil qilinadigan ushbu savdo va sanoat zonasida kamida 5 ming ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida viloyat va tuman hokimlari sanoat zonasiga qo‘shib berilgan 1 ming gektarda kamida 4 milliard dollarlik loyihalarni boshlashi muhim ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Buning uchun loyihalarning samaradorligini hisob-kitob qilib, investorlarga taqdimot qilish uchun Sirdaryo, Boyovut, Guliston, Mirzaobod, Oqoltin, Xovos tumanlari, Yangiyer, Guliston, Shirin shaharlari hokimlaridan iborat delegatsiyani Xitoyga yuborish topshirildi.
Ta’kidlanishicha, qurilish materiallari bo‘yicha Xitoyning Szyansu, Shandun va Guandun provinsiyalari, kimyo sanoatida Tyanszin shahri, elektrotexnikada Fuszyan, Honkong, yengil sanoatda Shandun va Shinjon, farmatsevtikada Shanxay, Szyansi hududlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik o‘rnatish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, Xitoyning Sindao shahrida «Xitoy – Shanxay hamkorlik tashkiloti» maxsus iqtisodiy pilot zonasidagi imtiyozlar, ularni qo‘llash mexanizmlari, amalga oshirilayotgan loyihalarni puxta o‘rganib, Guliston shahrida kamida 5 ming ish o‘rinli «O‘zbekiston – Shanxay hamkorlik tashkiloti» savdo va sanoat zonasini tashkil qilish topshirildi.
Bu yerdagi ob’ektlar tayyor loyiha sifatida tadbirkorlarga sanoat ipotekasi yoki lizing asosida taqdim etiladi.
Shuningdek, Honkong maxsus administrativ rayoni ham juda katta investitsiyaviy va moliyaviy imkoniyatlarga ega ekani ta’kidlanib, mutasaddilarga Honkongdagi yirik kompaniyalarni Sirdaryoga taklif qilish hamda investitsiya forumini o‘tkazish, Sirdaryo viloyati va Honkong o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.





