
Gulistondagi portlash qurbonlari oilasiga 100 mln so‘mdan beriladi
Prezident ularning oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildirdi.

Guliston shahri Taraqqiyot mahallasidagi buyum bozori hududida joylashgan umumiy ovqatlanish shoxobchalaridan birida gaz ballon portlashi oqibatida halok bo‘lganlarning oilasiga 100 mln so‘mdan beriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 4-dekabr kuni Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qildi.
Prezident ularning oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildirdi. Uch kun muddatda qurbon bo‘lganlarning oilasiga 100 million so‘mdan moddiy yordam ajratish topshirildi.
Topshiriqqa ko‘ra, Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi direktori boshchiligida 10 nafar malakali shifokorlar brigadasi jabr ko‘rganlarga bepul sifatli tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatmoqda.
Mas’ul idoralarga ushbu baxtsiz hodisa sabablarini tez fursatlarda aniqlab, qonun ustuvorligini ta’minlash topshirildi.
Umuman, ushbu fojia favqulodda vaziyatlar tizimi uchun katta saboq bo‘lishi kerakligi qayd etildi. Qish oylarida bunday hodisalarning oldini olish bo‘yicha barcha mas’ullar 24 soatlik ish rejimiga o‘tishi zarurligi aytildi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 2-dekabr kuni Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi «Uz Bek Family» MCHJga qarashli ovqatlanish shoxobchasida gaz va havo aralashmasining chaqnashi tufayli yong‘in yuz bergandi.
Portlash oqibatida 29 kishi jarohatlanib, shundan 26 nafari shifoxonaga yotqizilgan. Jabrlanuvchilardan uch nafari vafot etgan, bir nafari o‘ta og‘ir ahvolda, yana besh kishi jonlantirish bo‘limida qolmoqda.
Sirdaryo viloyat IIB holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi (Odam o‘lishi yoki boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelgan mehnatni muhofaza qilish qoidalarining buzilishi) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atgan va 1 kishi protsessual tartibda qamoqqa olingan.





