Logo

Haftalik narxlar tahlili: qaysi mahsulot qimmatlab, qaysi arzonladi?

Meva va sabzavotlar bozorida yangi hosilning ko‘payishi hisobiga narxlar turlicha shakllangan bo‘lsa, go‘sht va kundalik mahsulotlar narxlarida biroz pasayish kuzatildi. Shu bilan birga, mol go‘shtining eng yuqori narxi Toshkent shahri va Jizzax viloyatida qayd etildi.

Haftalik narxlar tahlili: qaysi mahsulot qimmatlab, qaysi arzonladi?

22-iyul holatiga ko‘ra, sabzavotlar rastasida taklif ortishi evaziga bodring, baqlajon va bulg‘or qalampiri narxi arzonlashgan bo‘lsa, pomidor aksincha qimmatladi. Meva segmentida umumiy ko‘rsatkichlar nisbatan barqaror saqlanayotgan bir paytda, uzum va limon narxi o‘sishda davom etmoqda. Go‘sht mahsulotlari narxi esa biroz pasaydi. 

Vaqt.uz  Markaziy bankning «narxtahlil»  platformasidagi haftalik oziq-ovqat mahsulotlar narxini an’anaviy tarzda o‘rganib boradi.

Asosiy mahsulotlar

Har kungi ro‘zg‘or uchun zarur bo‘lgan yog‘, un va shakar kabi asosiy mahsulotlar narxida hafta davomida sezilarli o‘zgarish kuzatilmadi.

Xususan, paxta va kungaboqar yog‘i ketma-ket uch haftadirki deyarli bir xil narxda sotilmoqda. Hozirda paxta yog‘ining o‘rtacha narxi 20 ming 202 so‘m, kungaboqar yog‘i esa 21 ming 434 so‘mni tashkil qiladi.

Un mahsulotlari narxida ham keskin tebranishlar kuzatilmadi. Birinchi navli un o‘rtacha 6 ming 233 so‘mdan bo‘lsa, oliy navli un 9 ming 375 so‘mni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, o‘tgan haftada ushbu mahsulotlar 0,1 foizga arzonlagan edi.

Un narxining bunday barqarorligi kunlik ro‘zg‘orning ajralmas qismi bo‘lgan non va non mahsulotlariga ham ta’sir ko‘rsatib, ularning narxi ham 0,1 foizga tushgan. Hozirda bozorda oddiy non narxi 4 ming so‘mdan boshlanib, turi va naviga qarab undan yuqori narxlarda sotilmoqda.

Shakar va guruch narxlarida ham biroz pasayish sezildi. Bir hafta ichida shakar 0,4 foizga arzonlab, 13 ming 073 so‘mga tushdi. Guruch narxi esa 0,2 foizlik pasayish bilan 15 ming 064 so‘mni tashkil qildi.  O‘tgan haftada ushbu mahsulot 0,4 foizga qimmatlab, 15 ming 090 so‘mga yetgan edi.

Sut va tuxum yo‘nalishida narxlarning arzonlashishi ancha sezilarli bo‘ldi. Ikki haftadan buyon narxi tushayotgan sutning litri 7 ming 754 so‘mga yetdi.

Tuxum esa boshqa oziq-ovqatlarga nisbatan eng ko‘p arzonlagan mahsulotga aylandi. Uning narxi birdaniga 1,7 foizga tushib, 11 ming 001 so‘mni tashkil etdi. O‘tgan haftadagi 0,7 foizlik pasayish bilan solishtirganda, bozordagi narx bosimi yanada yumshayotganini ko‘rsatadi.

Go‘sht mahsulotlari bozorida ham kichik arzonlashuv kuzatildi. Biroq bu haftadagi 0,1 foizlik pasayish 120–130 ming so‘mlik go‘sht narxida atigi 100–150 so‘mlik farqni anglatadi. Shu sababli narxlarning haftalik pasayishi statistikada aks etgan bo‘lsa-da, oddiy xaridor uchun deyarli sezilmaydi.

Masalan, hafta davomida mol go‘shti 0,1 foizga pastlab, bir kilosi o‘rtacha 122 ming 479 so‘mni tashkil qildi.

Qo‘y go‘shti esa ketma-ket ikkinchi hafta pasayishda davom etib, u ham 0,1 foizga arzonladi va 133 ming 087 so‘mga tushdi. Ya’ni, arzonlashuv raqamlarda bor, lekin amalda bozorga kirgan xaridor uchun narxlar deyarli o‘sha-o‘sha.

Tovuq go‘shti narxida ham keskin o‘zgarish bo‘lmadi. O‘tgan haftadagi 0,1 foizlik kichik pasayishdan so‘ng, bu safar ham narxlar meyorda saqlanib  turibdi. 1 kg tovuq go‘shti o‘rtacha 31 ming 973 so‘m atrofida sotilmoqda.

1

Sabzavot

 

Sabzavotlar bozorida mavsumiy arzonlashuv tendensiyasi davom etmoqda. Rastalarga yangi hosilning kirib kelishi ortgani sain, mahsulotlarning aksariyatida narxlar tushmoqda.

Hafta davomida eng katta pasayish bodring narxida qayd etildi. Uning narxi bir haftada 3,1 foizga arzonlab, 1 kg  bodring 5 ming 590 so‘mga tushdi. Taqqoslash uchun, o‘tgan haftada ushbu mahsulot 5 ming 767 so‘mdan sotilayotgan edi. Har kungi ro‘zg‘or uchun zarur bo‘lgan kartoshka narxi ham ketma-ket pasayishda davom etmoqda. Bu safar u 3 foizga arzonlab, 4 ming 217 so‘mni tashkil qildi.

Baqlajon va bulg‘or qalampiri rastalarida ham nisbatan arzonroq narxlar shakllandi. Hafta ichida baqlajon narxi 2,6 foizga pastlab, kilosi 5 ming 225 so‘mga tushgan bo‘lsa, bulg‘or qalampiri 2,2 foizga arzonladi. Natijada 1 kg bulg‘or qalampiri 7 ming 455 so‘mdan sotildi. Bu ikki sabzavot muntazam arzonlashib kelmoqda.

Lekin pomidor rastalarida mutlaqo boshqacha manzara. Pomidor narxi esa so‘nggi bir oy davomida pasayib kelayotgan bo‘lsa-da,  bu hafta uning narxi 7,2 foizga oshdi. Uning 1 kilogrammi 5 ming 089 so‘mga yetdi. Natijada pomidor boshqa mahsulotlarga qaraganda eng ko‘p qimmatlagan mahsulot bo‘ldi.

Xuddi shunday holat piyozda ham kuzatildi. O‘tgan haftada 0,2 foizga pastlagan narx bu safar aksinchasio‘zgardi. Piyoz 2,6 foizga qimmatlab, 2 ming 462 so‘mga ko‘tarildi.

Nisbatan hamyonbop sabzavotlar sirasiga kiruvchi karam va sabzida esa keskin o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. Karam narxi o‘tgan haftadagidan deyarli farq qilmay,— atigi 0,1 foizlik o‘sish bilan 3 ming 776 so‘m atrofida saqlanib qoldi.

Sabzi esa avvalgi haftadagi ko‘tarilishidan so‘ng yana 1,5 foizga qimmatlab, 4 ming 496 so‘mga yetdi. Demak, bodring, kartoshka va bulg‘or qalampiridagi mavsumiy arzonlashuv bozorda umumiy pasayish kayfiyatini ushlab turgan bo‘lsa-da, pomidor, piyoz va sabzidagi o‘sish sabzavotlar bozorida narxlar bir xil emasligini ko‘rsatmoqda.

2

Mevalar

 

Mevalar bozorida bu hafta narxlar bir xil yo‘nalishda o‘zgarmadi. Ayrim mahsulotlarda arzonlashuv kuzatilgan bo‘lsa, ayrim mevalar narxi aksincha oshdi.

Nisbatan hamyonbop narxlar olma va nok rastalarida kuzatildi. Masalan, olma bir haftada 2,6 foizga arzonlab, kilosi 12 ming 890 so‘mga tushdi. Taqqoslash uchun , o‘tgan haftada u 13 ming 238 so‘mdan sotilayotgan edi. Demak, bir hafta davomida bu mahsulot  deyarli 400 so‘mga arzonlagan.

Nok narxi arzonlashishda davom etmoqda. Avvalgi haftadagi 2,3 foizlik arzonlashuvdan so‘ng, bu safar ham narx yana 0,9 foizga tushib, 18 ming 890 so‘mni tashkil etdi. Natijada, bu ikki meva bozorga ko‘proq kirib kelgani sari narxlar xaridor uchun qulaylashmoqda.

Uzum va limon rastalarida esa buning aksi kuzatildi. O‘tgan haftadagi qimmatlashuvdan keyin bu hafta ham uning narxi 1,9 foizga oshib, 1 kilogrammi 14 ming 543 so‘mni tashkil etdi. Natijada uzum mevalar orasida narxi eng ko‘p oshgan mahsulot bo‘ldi.

Limon narxi esa bir oydan ortiq vaqt davomida oshib bormoqda. Bu hafta ham uning qiymati 0,5 foizga ko‘tarilib, 1 kilogrammi 50 ming 475 so‘mga yetdi. Garchi limon kundalik asosiy xaridlar qatoriga kirmasa-da, narxning uzoq muddat davomida oshishi uni muntazam xarid qiladigan iste’molchilar cho‘ntagiga sezilmoqda.

3

Hududlar kesimida mol go‘shti narxlari

Mol go‘shti narxlarida hududlar o‘rtasidagi tafovut saqlanib qolmoqda. 22-iyul holatiga ko‘ra, respublika bo‘yicha o‘rtacha narx 123 ming so‘m atrofida shakllangan bo‘lsa-da, ayrim hududlarda bu ko‘rsatkich yuqoriroq, ayrimlarida esa pastroq bo‘ldi.

4

Eng yuqori narxlar Toshkent shahri va Jizzax viloyatida qayd etildi. Poytaxtda 1 kg mol go‘shtining o‘rtacha narxi 131 ming 395 so‘mni tashkil qilib, hududlar orasida eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Jizzax viloyatida esa bu ko‘rsatkich 126 ming 589 so‘mni tashkil etdi. Jizzax viloyatida narxlar biroz pasaygan bo‘lsa-da, mol go‘shti bu yerda hamon mamlakatdagi eng qimmat narxlardan biri hisoblanadi.

Eng past narxlar esa Xorazm va Buxoro viloyatlarida kuzatildi. Xorazmda 1 kg mol go‘shtining o‘rtacha narxi 117 ming 643 so‘mni, Buxoroda esa 118 ming 108 so‘mni tashkil etdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham narxlar nisbatan past bo‘lsa-da, hafta davomida sezilarli o‘sish qayd etildi. Hududda mol go‘shti narxi 0,38 foizga oshib, 110 ming 990 so‘mga yetdi.

Hafta davomida hududlar kesimida keskin o‘zgarishlar kuzatilmadi. 14 ta hududdan faqat Qoraqalpog‘iston va Toshkent viloyatida narxlar oshgan bo‘lsa, qolgan hududlarning aksariyatida pasayish kuzatildi. Eng katta arzonlashuv Farg‘ona viloyatida qayd etilib, narxlar 0,43 foizga kamaydi.

Shu bilan birga, hududlar o‘rtasidagi narx tafovuti hanuz sezilarli darajada saqlanib qolmoqda. Eng yuqori va eng past narx qayd etilgan hududlar o‘rtasidagi farq qariyb 20 ming 400 so‘mni tashkil etdi. Ya’ni, xaridorning 1 kg mol go‘shti uchun qiladigan xarajati yashash hududiga qarab qariyb 18 foizgacha farq qilishi mumkin. Bu esa go‘sht narxining hududlarda taklif hajmi, ishlab chiqarish va bozor sharoitlariga qarab turlicha shakllanayotganini ko‘rsatadi.

Ma’lumot uchun, avvalroq Vaqt.uz 2026 yil iyun oyidagi inflatsiya ko‘rsatkichlari haqida ham xabar bergandi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyida yillik inflatsiya darajasi 6,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, oziq-ovqat mahsulotlari inflatsiyasi 6,3 foizni qayd etdi.

Hisobotga ko‘ra, oziq-ovqat mahsulotlari orasida narxlar bir xil yo‘nalishda o‘zgarmagan. Yoz mavsumida yangi hosilning bozorga kirib kelishi hisobiga meva va sabzavotlarning aksariyati arzonlashgan. Jumladan, baqlajon, pomidor, bulg‘or qalampiri, bodring va kartoshka narxlarida sezilarli pasayish kuzatilgan.

Ayni paytda go‘sht mahsulotlari oziq-ovqat inflatsiyasining asosiy omillaridan biri bo‘lib qolgan. Xususan, qo‘y go‘shti narxi yillik hisobda 23,1 foizga, suyakli va suyaksiz mol go‘shti 20,6 foizga, go‘sht qiymasi esa 2,9 foizga qimmatlashgan.

Teglar

Mavzuga oid