Haj-2026: mavsumda Makkaga kimlar kira olishi ma’lum qilindi

Bugun 09:252 daqiqa

2026 yilda Qurbon Hayiti taxminan 26 yoki 27-may sanalariga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda. Saudiya hukumati millionlab ziyoratchilarni kutib olish va Haj mavsumini xavfsiz, tartibli o‘tkazish uchun qator muhim choralarni e’lon qildi.

Haj-2026: mavsumda Makkaga kimlar kira olishi ma’lum qilindi © Sputnik / Михаил Воскресенский

2026 yilda Haj mavsumi may oyining oxirgi o‘n kunligiga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda. Qurbon hayiti taxminan 26–27-may sanalarida nishonlanadi. Shu munosabat bilan Saudiya Arabistoni hukumati Makka shahrida tartib va xavfsizlikni ta’minlash uchun keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlarini boshladi. Bu jarayonda asosiy e’tibor millionlab ziyoratchilarni tizimli qabul qilish va noqonuniy kirishlarni cheklashga qaratilgan.

Makkaga kirish cheklovi

2026 yil 13-apreldan boshlab Makkaga kirish qoidalari kuchaytirildi. Endi faqat uch toifadagi shaxslar shaharga kirishi mumkin.

Amaldagi Haj ruxsatnomasi ega;

Makka shahrida yashash guvohnomasiga ega;

Makkada ishlash ruxsatnomasiga ega bo‘lganlar.

Qolgan barcha shaxslarga, hatto turli vizalar bilan kelgan bo‘lsa ham, kirish taqiqlanadi. Umra vizasi egalari esa 18-aprelga qadar mamlakatni tark etishi shart qilib belgilangan.

Noqonuniy haj uchun javobgarlik

Saudiya Ichki ishlar vazirligi ruxsatnomasiz Haj qilishga qarshi qat’iy jazo choralarini e’lon qildi.

Xususan, bunday qoidabuzarlik uchun taxminan 5300 dollar miqdorida jarima qo‘llaniladi. Noqonuniy ziyoratchilarga yordam bergan shaxslarga esa 26 ming dollargacha jarima solinadi. Bu jazolar 18-apreldan 31-maygacha amal qiladi.

Bundan tashqari, noqonuniy ziyoratchilarni tashish, yashirish yoki ularga boshqa ko‘mak ko‘rsatish holatlari ham qattiq jazolanadi. Bunday hollarda transport vositalari musodara qilinishi mumkin.

Ruxsatnomasiz Haj qilish uchun Makkaga yashirincha kirganlar o‘z mamlakatlariga deportatsiya qilinadi va Saudiya Arabistoniga kirishlari 10 yil muddatga taqiqlanadi.Rasmiylarga ko‘ra, o‘tgan yilda 75 mingdan ortiq qoidabuzar ushlangan.

Ka’bada rejali ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda

Ka’baning metall qismlari, g‘isht va burchaklari tekshirilib, tozalanadi;

Ka’ba kisvasi (yopinchig‘i) tekshirilib, mustahkamlanadi;

Ka’ba poydevori qismi ham tozalab, ta’mirlanmoqda.

O‘zbekistondan necha kishi Hajga boradi

O‘zbekistonda ham Haj mavsumiga tayyorgarlik boshlangan. Mamlakatga ajratilgan 15 ming kishilik kvota doirasida tashkiliy ishlar olib borilmoqda. Musulmonlar idorasida 300 nafardan ziyod ellikboshi saralab olinib, ziyoratchilar bilan ishlash bo‘yicha seminarlar o‘tkazilgan.

Teglar

Mavzuga oid