Hali beri 2019 yilgi darajaga qaytilmaydi: O‘zbekistonda gaz qazib olish kelgusi yillarda qanday bo‘ladi?

23.02.2026 | 21:532 daqiqa

Prognozlarga ko‘ra, mamlakatda gaz qazib olish 2026-yilda 40,2 mlrd metr kubgacha kamayadi. Qazib olish 2030 yilgacha o‘sishi kutilmoqda, ammo bu rekord darajaga yaqin ham kelmaydi. Gaz importi yuqori darajada qolayotgan bo‘lsa, eksport so‘nggi yillardagi eng past ko‘rsatkichlardan birida turibdi.

Hali beri 2019 yilgi darajaga qaytilmaydi: O‘zbekistonda gaz qazib olish kelgusi yillarda qanday bo‘ladi?

O‘zbekistonda gaz qazib olish ko‘rsatkichi 2026 yilda 1,5 mlrd metr kubga qisqarib, 40,2 mlrd metr kubni tashkil qilishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston-2030 strategiyasida ma’lum qilingan.

Rejaga ko‘ra, 2026 yildan keyin gaz qazib olish o‘sishni boshlaydi — 2030 yilga kelib 48,5 mlrd metr kubga yetadi. 

E’tiborli jihati strategiyada 2025 yilda qazib olingan gaz hajmi 41,7 mlrd metr kubni tashkil qilgan. Statistika agentligi esa avvalroq 2025 yil davomida 42,3 mlrd metr kub gaz qazib olinganini ma’lum qilgandi. 

Agentlik 2024 yildagi gaz qazib olish ko‘rsatkichini ham 3,3 mlrd metr kubga kamaytirib ko‘rsatgandi. Eski hisobotda gaz qazib olish hajmi 44,6 mlrd metr kub qilib ko‘rsatilgan bo‘lsa, yangisida bu 41,3 mlrd metr kubgacha pasaytirilgan. 

Kelgusi yillarda gaz qazib olish quyidagidek bo‘lishi kutilmoqda (metr kubda):

2027 yil — 42,9 mlrd (+6,7 foiz);

2028 yil — 44,5 mlrd (+3,7 foiz);

2029 yil — 45,5 mlrd (+2,2 foiz);

2030 yil — 48,5 mlrd (+6,6 foiz).

Shunga qaramay, 2030 yilga kelib ham gaz qazib olish hajmi 2019 yilgi yuqori ko‘rsatkichga yaqinlashmaydi. O‘shanda mamlakatda 60 mlrd metr kubdan oshiq gaz ishlab chiqarilgandi. 

1

Aslida gaz qazib olish ko‘rsatkichini yanada ko‘paytirish reja qilingandi. 2023 yilgi O‘zbekiston-2030 strategiyasida qazib olish hajminini yana 60 mlrd metr kubdan oshirish vazifasi qo‘yilgandi. 

Amalda hukumat uchun hozircha bu marra real ko‘rinmayapti. 

Gaz oldi-sotdisi qanday bo‘lyapti? 

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda gaz qazib olish kamayishi fonida importga ehtiyoj oshib boryapti. 2025 yilda 1 mlrd 670 mln dollarlik gaz import qilindi. Bu 2024 yilga qaraganda 1,2 foizga kamroq. 

Ammo 2024 yilda gaz importi qariyb 2,5 barobarga keskin oshib, 1,69 mlrd dollargacha o‘sgandi. 2020 yilgacha mamlakatda gaz importi deyarli umuman amalga oshirilmagan. 

Gaz eksporti 2020 yilgacha juda jiddiy raqamlarda amalga oshirilgan. Eksport 2018–2019 yillarda 2,2 mlrd dollardan oshiq bo‘lgan. 

Keyin esa gaz taqchilligi fonida eksport keskin tushib ketdi. 2025 yilda 629 mln dollarlik eksport amalga oshirilib, o‘sish ko‘rsatkichi 1,4 foizni tashkil qildi.

Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 130

Barchasi

Mavzuga oid