add

Har bir harbiy xizmatchi uning ortida 38 millionlik xalq tog‘dek tayanch bo‘lib turganini doimo his etishi kerak — Mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyev Qurolli Kuchlar tashkil etilganining 34 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan munosabati bilan harbiylarga bayram tabrigi yo‘lladi.

Har bir harbiy xizmatchi uning ortida 38 millionlik xalq tog‘dek tayanch bo‘lib turganini doimo his etishi kerak — Mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy xizmatchilarga bayram tabrigi yo‘lladi. Prezident o‘z murojaatida askar va serjantlar, ofitser va generallar, shuningdek, Qurolli Kuchlar faxriylarini ushbu qutlug‘ sana bilan samimiy muborakbod etdi.

Tabrikda Vatan himoyasi kabi g‘oyat sharafli va mas’uliyatli burchni sidqidildan ado etib kelayotgan harbiylarga yuksak hurmat va ehtirom izhor etildi. Davlat rahbari mamlakat mustaqilligi, tinchligi va hududiy yaxlitligini ta’minlash yo‘lida xizmat qilayotgan harbiylarni ona yurtning ishonchli posbonlari sifatida alohida e’tirof etdi.

Shuningdek, xizmat burchini bajarish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan harbiylar xotirasi chuqur ehtirom bilan yodga olindi. Prezident bunday fidoiylik va jasorat Vatan tarixida abadiy qolishini ta’kidladi.

Murojaatda qayd etilishicha, Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida Qurolli Kuchlar muhim o‘rin tutadi. Mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mudofaa sohasini ham qamrab olib, milliy armiyaning jangovar salohiyatini oshirishga qaratilgan.

Xususan, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida harbiy qudratni mustahkamlash, boshqaruv va ta’minot tizimlarini takomillashtirish, zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish ishlari izchil davom ettirilayotgani ta’kidlandi. Qo‘shinlar jangovar saflari malakali ofitser va serjantlar bilan to‘ldirilmoqda.

«Har bir harbiy xizmatchi xalq bilan armiya – bir tan-u bir jon ekanini, uning ortida 38 millionlik xalq tog‘dek tayanch bo‘lib turganini doimo his etishi, shundan cheksiz kuch, ruh va madad olishi kerak. G‘ayrat-shijoatda tengsiz bo‘lgan harbiylarimiz yovlar oldida hech qachon bosh egmagan qo‘rqmas va o‘tyurak ajdodlarimizning o‘lmas merosini o‘rganib, ulardan ibrat va saboq olib, Vatan oldidagi muqaddas burchini bundan buyon ham sharaf bilan ado etadilar, deb ishonaman», — deyiladi tabrikda.

Prezident harbiy xizmatchilarning jangovar ruhi, kasbiy va ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ustuvor vazifa ekanini qayd etib, harbiylar Vatan oldidagi muqaddas burchini bundan buyon ham sharaf bilan ado etishlariga ishonch bildirdi.

Teglar

Mavzuga oid