Harbiy safarbarlik davrida kredit to‘lovlari kechiktirilishi mumkin

O‘zbekistonda safarbarlik davrida chaqirilgan fuqarolar uchun kredit to‘lovlarini kechiktirish, ish joyini saqlab qolish va zararlarni kompensatsiya qilish kabi ijtimoiy kafolatlar joriy etilishi mumkin.

Harbiy safarbarlik davrida kredit to‘lovlari kechiktirilishi mumkin © ijtimoiy tarmoqlar

Qonunchilik palatasining 13-may kuni bo‘lib o‘tgan majlisida «Safarbarlik tayyorgarligi va safarbarlik to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Hujjat orqali mamlakatda safarbarlik sohasida yagona huquqiy asos yaratish ko‘zda tutilmoqda.

Loyihada safarbarlik tayyorgarligi va safarbarlikning asosiy maqsadlari, prinsiplari hamda ustuvor yo‘nalishlari belgilangan. Shuningdek, davlat organlari, tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlari va majburiyatlari aniqlashtirilmoqda.

Hujjatda «safarbarlik tayyorgarligi» va «safarbarlik» tushunchalari ilk bor kompleks huquqiy mazmunda ifodalanmoqda. Shu bilan birga, umumiy yoki qisman safarbarlikni e’lon qilish mexanizmlari, davlat organlari vazifalari va iqtisodiyot tarmoqlarini urush sharoitida ishlashga o‘tkazish tartibi ham belgilangan.

Loyihada oziq-ovqat, yoqilg‘i, tibbiy xizmat, transport va aloqa kabi muhim tizimlarning barqaror ishlashini ta’minlash choralari ham nazarda tutilgan. Safarbarlik davrida chaqirilgan fuqarolar uchun ish joyini saqlash, kredit to‘lovlarini kechiktirish va yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha kafolatlar mustahkamlanmoqda.

Majlisda deputatlar mazkur qonun mamlakat mudofaa salohiyatini oshirish, Qurolli Kuchlarning jangovar shayligini kuchaytirish va O‘zbekistonning suvereniteti hamda hududiy yaxlitligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Shu kuni «Harbiy xizmatchilar maqomi va ularni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ham birinchi o‘qishda qabul qilindi. Unda harbiy xizmatchilarning huquqlari, imtiyozlari va ijtimoiy kafolatlarini kompleks tartibga solish ko‘zda tutilgan.

Teglar

Mavzuga oid