add

«Honda» yangi logotipini taqdim etdi: u o‘zgarishlar ramzini anglatadi

Bugun 18:402 daqiqa

Yaponiyaning avtogiganti «Honda» 2027 yildan boshlab yangi logotipga o‘tadi. Ilk bosqichda emblema barcha modellarda emas, balki elektromobillar va strategik ahamiyatga ega gibridlarda qo‘llaniladi.

«Honda» yangi logotipini taqdim etdi: u o‘zgarishlar ramzini anglatadi

Yangi emblema joriy etilishi «Honda»ning transformatsiya jarayonidagi navbatdagi muhim qadami sifatida baholanmoqda. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, 2027 yildan e’tiboran brend logotipi bosqichma-bosqich yangilanadi va avvalo elektr transport vositalari hamda asosiy hibrid modellarda paydo bo‘ladi. Birinchi bo‘lib yangi belgini «Honda»ning yangi avlod elektromobillari — «Honda 0» oilasi qabul qiladi. An’anaviy benzinli modellar esa hozircha amaldagi emblema bilan qoladi.

Yangi logotip vizual jihatdan soddalashtirilgan: u an’anaviy «H» harfini saqlab qolgan holda, hajmli ramkadan voz kechgan, tekis va minimalistik uslubda ishlangan. Bunday yondashuv so‘nggi yillarda avtomobil sanoatida keng tarqalgan trendga mos keladi — brendlar raqamli muhit va intellektual interfeyslarga mos, yengil o‘qiladigan belgilarni tanlamoqda.

Kompaniya bu o‘zgarishni faqat dizayn yangilanishi sifatida emas, balki mazmunli ramz deb hisoblaydi. «Honda» ta’kidlashicha, yangi emblema nafaqat kompaniyaning, balki butun avtomobil sohasining o‘zgarib borayotganini aks ettiradi. Elektrlashtirish, sun’iy intellekt, avtonom boshqaruv tizimlari va raqamli texnologiyalar avtomobillarning asosiy tarkibiy qismiga aylanmoqda.

«Honda» logotipi ilk bor 1963 yilda yaratilgan bo‘lib, shundan beri bir necha bor qayta ishlangan. Dastlabki dizayn konsepsiyasi «ikki qo‘l» ramziga asoslangan bo‘lib, u inson imkoniyatlarini kengaytirish va harakat erkinligini ta’minlash g‘oyasini ifodalagan. Yangi emblema ham shu mafkurani saqlab qolgan holda, uni zamonaviy texnologik davr talablariga moslashtiradi.

Tahlilchilarga ko‘ra, logotipni aynan elektromobillardan boshlab joriy etish «Honda»ning strategik ustuvorliklarini aniq ko‘rsatadi. Bu qaror brendning kelajakni ichki yonuv dvigatellaridan ko‘ra, «aqlli» va ekologik toza texnologiyalar bilan bog‘layotganini anglatadi.

Teglar

Mavzuga oid