
HONOR’ning «Robot Phone» smartfoni 2026 yilda bozorda paydo bo‘ladi
HONOR kompaniyasi ikki yil ichida robot kamerali ilk smartfon — Robot Phone modelini bozorga chiqarishini ma’lum qildi. Yangi qurilma SI texnologiyalari bilan to‘liq jihozlanadi.

Ko‘plab konsept telefonlar faqat namoyishda qolib ketadi. Ammo xitoylik HONOR brendi o‘zi ishlab chiqqan futuristik «Robot Phone» modelini ommaviy ishlab chiqarish rejasini e’lon qildi. Kompaniya rahbari Li Jian bu smartfon 2026 yilda iste’molchilarga taqdim etilishini ma’lum qildi.
Chip.com.trʼning yozishicha, qurilmaning eng katta yangiligi — uning korpusidan mustaqil harakatlanuvchi kichik gimbal kameraga ega bo‘lishi. U turli burchaklardan suratga olish imkonini beradi. Hozircha kamera harakatlarini foydalanuvchi qay darajada boshqarishi mumkinligi haqida aniq ma’lumot yo‘q.
Telefon sun’iy intellekt asosidagi ko‘plab funksiyalar bilan jihozlanadi. HONOR bu smartfon orqali global SI qurilmalari bozorida yetakchi o‘rinni egallashni ko‘zlamoqda.
Biroq gimbal mexanizmini ingichka smartfon korpusiga joylashtirish muhandislik jihatdan jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi. Shu bilan birga, mustaqil harakatlana oladigan kamera qurilma ishlamayotgan paytda ham tasvirga olishi mumkinligi xususiylik masalasida xavotir uyg‘otmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, HONOR qatlanuvchi telefonlarda bo‘lganidek, bu texnologiyani ham muvaffaqiyatli joriy eta oladi. Bu qurilma nafaqat kamera jihozlari, balki smartfon konsepsiyasiga bo‘lgan yondashuvni ham o‘zgartirishi mumkin.





