Ichki ishlar organlari xodimlari uchun o‘quv kurslari boshlandi
Uch kunlik mashg‘ulotlar xodimlarning aholi bilan samarali muloqot qilish, murojaatlarni tizimli hal etish, shuningdek kasbiy va psixologik tayyorgarligini oshirishga qaratilgan.
© Uza.uzPrezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 13-mart kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida ichki ishlar organlari xodimlari uchun maxsus o‘quv kurslari boshlandi.
Uch kunlik mashg‘ulot ichki ishlar organlari xodimlarining aholi bilan samarali muloqot qilish, fuqarolar murojaatlarini tizimli va manzilli hal etish, shuningdek, ularning kasbiy kompetensiyalari hamda psixologik tayyorgarligini oshirishga qaratilgan muhim tashabbus sifatida yo‘lga qo‘yilgan.
Kurs dasturiga ko‘ra, tinglovchilar aholi muammolarini chuqur tahlil qilish, ularga manzilli yechim topish, fuqarolar bilan muloqotda zamonaviy yondashuvlarni qo‘llash bo‘yicha nazariy bilimini mustahkamlab, amaliy ko‘nikmani rivojlantiradi.
Shu bilan birga, mashg‘ulotlar jarayonida davlat xizmatchilari odob-axloqi, xizmat intizomi, aholi bilan ishlashning ilg‘or usullariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
«Mazkur o‘quv-trening mashg‘ulotlari davomida xalqaro tajribalarga asoslangan hamda milliy uyg‘unlikdagi maxsus o‘quv dasturi ishlab chiqildi. Asosiy maqsad – korrupsiyaga toqatsiz hamda fuqarolarning dardini tinglay oladigan, murojaatlarni yangi tartibda hal qiladigan, har bir masalani bevosita o‘ziga daxldor, ya’ni shaxsiy bir murojaat sifatida qabul qiladigan xodimlarni tayyorlashga qaratilgan», - deydi akademiya prorektori Nosirjon Asqarov.
Shuningdek, o‘quv dasturi doirasida tergov va surishtiruv jarayonlarida qonuniylikni ta’minlash, huquqbuzarlikning oldini olish mexanizmlari, korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy yondashuvlari kabi dolzarb mavzular qamrab olinadi.
Bu ishtirokchilarning nafaqat kasbiy, balki ma’naviy-ma’rifiy salohiyatini ham yuksaltirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
O‘quv kursi mashg‘ulotlariga Prezident Administratsiyasi, Oliy Majlis Senati, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Advokatlar palatasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi vakillari, shuningdek, malakali professor-o‘qituvchilar, olimlar va ekspertlar jalb etilgan.
Ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalari dastlab kirish testlari orqali baholanib, natijalarga ko‘ra guruhlarga ajratilgan hamda har bir tinglovchi bilan individual yondashuv asosida ish olib borilyapti.
Amaliy mashg‘ulotlarda real keyslar, simulyatsion vaziyatlar orqali qaror qabul qilish, stressga chidamlilik, xizmat samaradorligini oshirish kabi muhim ko‘nikmalar shakllantiriladi.
Umuman olganda, mazkur maxsus kurs ichki ishlar organlari xodimlari kasbiy mahoratini oshirish, ularning aholi bilan muloqot madaniyatini yuksaltirish, murojaatlar bilan ishlash samaradorligini ta’minlash orqali joylarda fuqarolar ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.





