add

IIV akademiyasiga o‘qishga kirish tartibi yangilandi

Bugun 16:302 daqiqa

Qabul jarayonida kunduzgi ta’lim kvotalari, masofaviy o‘qish, sertifikat imtiyozlari va yosh talablariga oid yangi tartiblar joriy etildi.

IIV akademiyasiga o‘qishga kirish tartibi yangilandi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Ichki ishlar vazirligi akademiyasi bakalavriatiga nomzodlarni tanlash va o‘qishga qabul qilish tartibiga qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Yangilangan qoidalar qabul jarayonini maqsadli yo‘naltirish va kadrlar sifatini oshirishga qaratilgan.

Qarorga muvofiq, akademiya bakalavriatining kunduzgi ta’lim shakliga ajratilgan qabul kvotasining 80 foizi faqat idoraviy akademik litseylar, harbiy akademik litseylar bitiruvchilari hamda ichki ishlar organlari xodimlari hisobidan to‘ldiriladi. Faqat «Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati» ta’lim yo‘nalishi bundan istisno etildi.

Shuningdek, 2025–2026 o‘quv yilidan boshlab ichki ishlar organlarida kamida uch yil ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar uchun masofaviy ta’lim shakli joriy etiladi. Ushbu ta’lim turida oliy ma’lumotga ega bo‘lmaganlar to‘rt yil, oliy ma’lumotli xodimlar esa to‘lov-kontrakt asosida uch yil tahsil oladi.

Qabul jarayonida fan sertifikatlariga ega nomzodlar uchun imtiyozlar saqlab qolindi. Matematika, fizika va kimyo fanlari bo‘yicha milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikat egalariga tegishli fanlardan maksimal yoki proporsional ball beriladi. 2024 yil 1-martgacha olingan milliy sertifikatlar bo‘yicha esa oldingi imtiyozlar amal qiladi.

IT sohasidagi xalqaro professional sertifikatlarga ega bo‘lib, «Raqamli texnologiyalar» yo‘nalishiga hujjat topshirgan nomzodlarga qo‘shimcha ball taqdim etiladi. Bundan tashqari, maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi suhbatda eng yuqori natija ko‘rsatgan bitta nomzod ikkinchi kursga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilinishi mumkin.

Yangi tartibda informatika fanidan imtihonlar ham yangilandi. Biletlarda bir nazariy savol va ikki amaliy topshiriq bo‘ladi, tayyorlanish uchun 30 daqiqa ajratiladi va javoblar 60 ballik tizimda baholanadi. Shu bilan birga, yoshga oid talablarda «qabul yilida 41 yoshga to‘ladigan» degan me’yor «40 yoshdagi» iborasi bilan almashtirildi.

Teglar

Mavzuga oid