«Iltimos qilmang, talab qiling»: Energetika vaziri tadbirkorlarni «Elektr tarmoqlari»dan o‘z haqqini talab qilishga chaqirdi
Sherzod Xo‘jayev gaz va elektr ta’minotidagi muammolar, ulanish tartibi va korrupsiya holatlari yuzasidan munosabat bildirdi.
© Foto: t.me/minenergy_uzYangiyo‘l tumanida Energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev va tuman hokimi San’atbek Jumaniyozov ishtirokida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda vazir tadbirkorlarni barcha hujjatlari qonuniy bo‘lsa, ta’minotchi korxonalardan o‘z huquqlarini talab qilishga chaqirdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
«Hamma hujjatingiz to‘g‘ri bo‘lsa, siz «Elektr tarmoqlari»dan iltimos qilmang, talab qiling. Bunga to‘liq haqqingiz bor», — degan Sherzod Xo‘jayev muloqot davomida.
Tadbirda 27 nafar tadbirkor qatnashib, elektr va gaz ta’minotidagi uzilishlar, qish va yoz mavsumidagi quvvat pasayishi, tarmoqlarga ulanish uchun texnik shart olish va qarzdorlik masalalari bo‘yicha o‘z murojaatlarini bildirgan.
Murojaatlarning bir qismi joyida hal etilgan, qo‘shimcha vaqt talab etadigan masalalar bo‘yicha esa mas’ullarga tegishli topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olingan. Shuningdek, noqonuniy foydalanish bo‘yicha qo‘llanilgan moliyaviy sanksiyalarni bekor qilish yoki kamaytirish vazirlik vakolatiga kirmasligi, bunday ishlar faqat sud tartibida ko‘rib chiqilishi ma’lum qilingan.
Korrupsiyaga qarshi murosasizlik va tarmoqqa ulanish tartibi
Tadbirkorlarga elektr va gaz tarmoqlariga ulanish bo‘yicha texnik shartlar faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali elektron tarzda rasmiylashtirilishi eslatib o‘tildi.
Ta’kidlanishicha, bu kabi masalalarni ta’minot korxonalari xodimlari bilan norasmiy tartibda hal etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
«Agar tizim xodimlari tomonidan manfaat evaziga noqonuniy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilgani haqida ma’lumotlar mavjud bo‘lsa, tadbirkorlardan bu haqda tegishli organlarga yoki Energetika vazirligiga murojaat qilish so‘raladi», — deyiladi xabarda.
Bunday holatlarga nisbatan murosasiz choralar ko‘rilishi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilishi qayd etilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu kabi ochiq muloqotlar davom ettiriladi va hozirda Yangiyo‘l hamda boshqa 14 ta tumanda maxsus shtablar faoliyat yuritmoqda.





