Logo

Imtiyozli kreditlarni talon-toroj qilgan hokim yordamchilari qo‘lga olindi

Bugun 16:441 daqiqa

Andijon va Sirdaryo viloyatlarida hokim yordamchilari va boshqa mansabdorlar ishtirokida imtiyozli kredit mablag‘larini o‘zlashtirish bilan bog‘liq bir nechta holatlar fosh etildi.

Imtiyozli kreditlarni talon-toroj qilgan hokim yordamchilari qo‘lga olindi © Foto: news.tut.by

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Andijon va Sirdaryo viloyatlarida imtiyozli kredit mablag‘larini talon-toroj qilish bilan bog‘liq uchta holatni aniqladi.

442 million so‘mlik firibgarlik

Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida o‘tkazilgan tekshiruvda «U.T.» va «Q.A.» MCHJlar mas’ullari, «Qayirma» mahallasi hokim yordamchisi hamda boshqa shaxslar o‘zaro til biriktirgani aniqlangan.

Ular fuqarolarga issiqxona faoliyatini kengaytirish uchun ajratilgan 442,3 million so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘ini xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar bajarmagan ishlarni hujjatlarda bajarilgan deb rasmiylashtirish orqali firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Yana bir holat Andijon shahrida qayd etilgan. Tergovga ko‘ra, «L.A.» MCHJ rahbari hamda «Forobiy» mahallasi sobiq hokim yordamchisi fuqarolarga ajratilgan 163 million so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘ini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirgan.

Sirdaryoda ham qonunbuzilish aniqlandi


Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanidagi tekshiruv davomida esa «Toshkent» mahallasi sobiq hokim yordamchisi va boshqa shaxslar 8 nafar fuqaroga ajratilgan 248 million so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘ini ta’minotchi korxonalar orqali talon-toroj qilgani ma’lum bo‘lgan.

Departament ma’lumotiga ko‘ra, barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Andijon va Buxoro viloyatlarida kredit mablag‘larini o‘zlashtirgan bankirlar qo‘lga olinganligi xabar qilingandi.

Teglar

Mavzuga oid