add

iPhone 18 kelgusi yil chiqmaydi: evaziga Apple mutlaqo yangi telefon taqdim etadi

Bugun 08:282222

Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Apple 2026 yilda qatlanuvchi iPhone Fold’ni chiqaradi, iPhone 18 lineykasi esa 2027 yilda taqdim etiladi.

iPhone 18 kelgusi yil chiqmaydi: evaziga Apple mutlaqo yangi telefon taqdim etadi

Apple 2026 yildagi qurilmalar rejasini tubdan o‘zgartirmoqda: iPhone Air 2 va qatlanuvchi iPhone Fold taqdim etiladi, iPhone 18 esa 2027 yilga qoldiriladi.

2026 yilning kuzida Apple’ning kelgusi avlod smartfonlari bilan yangi bosqichga chiqishi kutilmoqda. Jeff Pu tahlilchisi e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya Pro va Pro Max modellaridan tashqari qatlanuvchi iPhone Fold hamda Apple’ning ikkinchi avlod iPhone Air qurilmasini taqdim etishni rejalashtirmoqda.

Apple standart iPhone 18 va iPhone 18e modellarini esa 2027 yil boshiga qoldirish orqali o‘z taqvimini o‘zgartirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu o‘zgarish katta ehtimol bilan Apple’ning qatlanuvchi telefon bozoriga jiddiy qadam tashlashi bilan bog‘liq.

iPhone Air 2 nisbatan arzonroq, lekin flagman darajasidagi qurilma sifatida taqdim etiladi. Unda 6,55 dyuymli ekran, kichikroq Dynamic Island, A20 chipi, 12 GB xotira, 18 MP old kamera va 48 MP asosiy linza bo‘ladi. Shuningdek, titan korpus va yangi C2 5G modem bilan jihozlanadi.

iPhone 18 Pro va Pro Max modellari esa A20 Pro chipi bilan chiqadi. Yangi arxitektura xususida uning ishlash tezligi, energiya tejamkorligi va issiqlikni tarqatish qobiliyati yaxshilanishi ta’kidlanmoqda. Kamera texnologiyasida ham jiddiy o‘sish — 48 MP asosiy linzada o‘zgaruvchan diafragma, tezroq flesh xotira va yangi 5G modem kabi jihatlar kutilmoqda.

Apple’ning yangi, qatlanuvchi telefoni — iPhone Fold, tashqi 5,3 dyuym va ichki 7,8 dyuym ekranga ega bo‘ladi. Unda A20 Pro chipi, Touch ID, ikki 18 megapikselli selfi kamera va ikki 48 MP asosiy kamera, titaniy va alyuminiy aralashmasi korpus bo‘ladi.

Hozircha bular Jeff Pu’ning taxminlari bo‘lib, rasmiy ma’lumot sifatida qaralmasligi kerak. Biroq, ular Apple’ning katta o‘zgarishlarga tayyorlanayotganidan darak beradi.

Teglar

Mavzuga oid

iPhone 18 kelgusi yil chiqmaydi: evaziga Apple mutlaqo yangi telefon taqdim etadi | Vaqt.uz