Logo

«iPhone Duo»ni sinab ko‘rgan jurnalistlar hayratda: «Apple» nimani uddaladi?

Bugun 10:004 daqiqa

«Apple»ning ilk buklanadigan ayfoni taqdim etilgach jurnalistlar qurilmaning ayrim jihatlarini kutilganidan ancha yuqori baholadi. Hatto bunday smartfonlarni odatda ma’qullamaydigan jurnalistlar ham «iPhone Duo»ni jiddiy xarid varianti sifatida ko‘rib chiqishga majbur bo‘lgan. Biroq qurilma narxining 1999 dollardan boshlanishi — bu masalaning yana bir muhim tomoni bo‘lib qolmoqda.

«iPhone Duo»ni sinab ko‘rgan jurnalistlar hayratda: «Apple» nimani uddaladi?

9-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan «Apple» taqdimotida boshqa yangi qurilmalar qatorida uzoq kutilgan buklanadigan ayfon ham namoyish etildi. Kompaniya tarixida birinchi marta ishlab chiqarilgan bunday smartfon «iPhone Duo» nomini oldi. Mazkur qurilma G‘arb jurnalistlarini asosan ikki jihati — mukammal texnik yechimi va o‘ta qimmat narxi bilan hayratda qoldirdi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, smartfonni ilk bor qo‘liga olgan foydalanuvchi unga haqiqatan ham ehtiyoji bor-yo‘qligi haqida o‘ylab qolishi mumkin.

1

Versiyasiga qarab, «iPhone Duo» narxi 1999 dollardan 3199 dollargacha baholanmoqda. «Bloomberg» nashrining ta’kidlashicha, garchi raqobatchilarning narxlari ham undan keskin farq qilmasa-da, bu mazkur turdagi qurilmalar uchun rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Masalan, «Google Pixel 11 Pro Fold» yoki «Samsung Galaxy Z Fold8» ning boshlang‘ich modellari atigi 100 dollarga arzonroq. Ammo eng ilg‘or modellar o‘rtasidagi tafovut sezilarli: eng qimmat «Fold8 Ultra» 2700 dollar tursa-da, uning xotirasi «Duo» ga qaraganda ikki barobar kichik.

Nashrning yozishicha, buklanadigan ayfonning bozorga chiqarilishi xaridorlar smartfon uchun shuncha katta mablag‘ sarflashga qanchalik tayyor ekanini ko‘rsatuvchi o‘ziga xos sinov bo‘ladi. Yuqori narx nafaqat so‘nggi paytlarda ehtiyot qismlar qimmatlashgani va tanqisligi, balki muhandislik yechimlarining o‘ta murakkabligi bilan ham izohlanadi. Shunga qaramay, «Apple» boshlang‘ich narxni ikki ming dollarlik «psixologik chegara»dan pastroq ushlab qolishning uddasidan chiqqan.

Yangi ayfonni sinab ko‘rishga ulgurgan G‘arb jurnalistlari hozircha qurilma haqida juda iliq fikr bildirmoqda. Xususan, «The Verge» nashri tahlilchilari smartfonning texnik ijrosini yuqori baholagan. Ularning ta’kidlashicha, ichki ekranning jilosiz qoplamasi nur qaytishini ajoyib tarzda bartaraf etadi, buklash mexanizmi esa o‘ta ravon ishlaydi.

2

«Engadget» tahlilchisi Sem Razerford «iPhone Duo»ni «Apple»ning so‘nggi o‘n yillikdagi eng hayratlanarli qurilmasi» deb atadi. «The Verge» muxbirlari kabi u ham tashqi displeydan ichkisiga o‘tishdagi ravon animatsiyaga qoyil qolgan. Razerfordning so‘zlariga ko‘ra, bu — «haqiqiy san’at asari».

Jurnalistning qayd etishicha, yangi ayfonning titan korpusi anchagina salmoqli — og‘irligi 254 gramm. Unga qiyoslaganda, 201 grammlik Galaxy Z Fold8 sezilarli darajada yupqa va yengil ko‘rinadi. Qolaversa, smartfon qay darajada buklanganini aniq ilg‘aydi va hatto yarim ochiq holatda ham benuqson ishlayveradi.

Ekranning jilosiz yuzasi nafaqat nur qaytishining oldini oladi, balki buklanish joyini ham ustalik bilan yashiradi. To‘g‘ri, boshqa buklanadigan smartfonlardagi kabi bu qurilmada ham iz mavjud, lekin u deyarli ko‘zga tashlanmaydi. Razerfordning yozishicha, bu izni ko‘zdan ko‘ra, barmoq bilan ushlab ko‘rib his qilish osonroq. Jurnalistga yoqmagan yagona narsa — orqa panelda uchinchi kameraning yo‘qligi bo‘lgan.

 «O‘zining ilk buklanadigan smartfonini yaratishda «Apple» raqobatchilaridagi eng ilg‘or funksiyalar va dasturiy yechimlarni mohirlik bilan umumlashtira olgan. Eng muhimi, ular chinakam «Apple» mahsuloti ekani yaqqol sezilib turadigan nafis korpusga joylashtirilgan», — deya xulosa qiladi jurnalist.

«Gizmodo» muharriri Reymond Vongning fikricha, «Apple» «shu paytgacha yaratilgan buklanadigan smartfonlar ichida eng ko‘p orzu qilingan» qurilmani ishlab chiqqan. U kompaniya yangi smartfonning qo‘shimcha imkoniyatlarini operatsion tizimga qay darajada moslashtira olganidan hayratda qolganini aytadi. Shuningdek, Vong ham bir ekrandan boshqasiga o‘tish animatsiyasini yuqori baholagan.

3

Jurnalist «iPhone Duo» ikki ming yoki undan yuqori narxga arziydimi-yo‘qmi, bu borada hozircha aniq xulosaga kela olmagan. Uning fikricha, bu savolga aniq bir javobning o‘zi yo‘q. Hammasi qurilma funksiyalari ma’lum bir foydalanuvchi uchun qanchalik kerakli ekaniga bog‘liq.

«The Wall Street Journal» muxbiri Nikol Nguyen o‘zini buklanadigan smartfonlarning ashaddiy muxlisi emasligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, bunday qurilmalarning ekrani haddan tashqari katta va texnik jihatdan noqulayliklari ko‘p. Ammo «iPhone Duo» uni baribir buklanadigan smartfon – ehtimol, «iPad mini» plansheti o‘rniga – sotib olish haqida o‘ylab ko‘rishga undagan.

Biroq taqdimot G‘arb jurnalistlarining barchasida ham birdek iliq taassurot qoldirgani yo‘q. Xususan, «Mashable» nashri muxbiri Rebekka Ruis o‘z maqolasida masalaga biroz g‘ayrioddiy yondashib, «Apple»ning «iPhone Duo» yotoqxona tumbasida ajoyib uyg‘otgich vazifasini o‘tashi haqidagi maqtoviga diqqat qaratgan.

Jurnalist Amerika uyqu tibbiyoti akademiyasi tunda smartfonni yonida olib yotishni tavsiya qilmasligini eslatib o‘tgan. Mutaxassislarning fikricha, bu uyqu sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, shu bois telefonni boshqa xonada qoldirgan ma’qul. Ruis yangi ayfon haqida boshqa hech qanday fikr bildirmagan.

4

Shuni ham qayd etish kerakki, uyg‘otgich funksiyasiga bu qadar urg‘u berilgani «Apple»ning «Samsung»dagi raqobatchilarini ham kuldirdi. Kompaniyaning Amerikadagi bo‘linmasi taqdimot vaqtida X ijtimoiy tarmog‘ida bir nechta hazilomuz postlarni e’lon qildi.

«Bu shunchaki yotoqxona soati emas. Bu qanaqadir Sug‘ur kuniga o‘xshab ketyapti», — deya kinoya qilindi.

Katta ehtimol bilan, bu o‘rinda «Apple» o‘zining buklanadigan qurilmasi bilan boshqa ko‘plab ishlab chiqaruvchilar allaqachon bosib o‘tgan eski yo‘ldan yurayotganiga ishora qilingan.

Teglar

Mavzuga oid