Logo

Ipoteka subsidiyasiga arizalar qayta qabul qilinmoqda. Kimlar olishi mumkin?

Bugun 14:554 daqiqa

Bugun soat 15:00 dan foydalanilmay qolgan xabarnomalar hisobidan ipoteka subsidiyasiga arizalarni qayta qabul qilish boshlandi. Xabarnomalar soni cheklangani sababli birinchi murojaat qilganlarga ustunlik beriladi. Subsidiya miqdori, daromad chegarasi va asosiy talablar haqida batafsil:

Ipoteka subsidiyasiga arizalar qayta qabul qilinmoqda. Kimlar olishi mumkin? © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Bugun, 27-iyul kuni soat 15:00 dan boshlab, ipoteka subsidiyasi bo‘yicha foydalanilmagan xabarnomalar yuzasidan arizalarni qayta qabul qilish boshlandi. Vaqt.uz subsidiyani qanday olish va bunda nimalarga e’tibor qaratish kerakligini tushuntiradi.

2026 yil davomida aholiga 2,7 trln so‘mlik subsidiya berish reja qilingan. Bu avvalgi yillarda berilgan subsidiyalarga nisbatan ko‘proq.

Subsidiya — bu davlat tomonidan ajratiladigan, qaytarilmaydigan mablag‘ turi hisoblanadi. Ipoteka krediti uchun subsidiyalar orqali uy-joy sotib olishda boshlang‘ich badal yoki foiz to‘lovlarining bir qismi qoplab beriladi.

Subsidiya olish uchun quyidagi usullar mavjud:

— Davlat xizmatlari markazlariga bevosita murojaat qilish;

— myGov mobil ilovasi;

my.gov.uz portalida mazkur havola orqali ariza topshirish mumkin.

Kimlar subsidiya olishi mumkin? Asosiy mezonlar

Ijtimoiy mezonlar asosida baholangan ariza beruvchi 30 va undan yuqori ball to‘plagan bo‘lishi shart. Bunda nomzodlar quyidagi ko‘rinishda baholanadi:

— Butun mamlakatda ariza beruvchi yoki uning oilasiga tegishli mulk yoki turar joy bo‘lmasligi — 20 ball.

— «Labor-migration» dasturida ro‘yxatdan o‘tgan mehnat migranti — 10 ball.

— Olis yoki chekka hududlarda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi mutaxassislar, tibbiyot xodimlari — 5 ball.

— Yosh oilalar, 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar — 5 ball.

— Og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan ayollar — ajrashgan, beva yoki yolg‘iz onalar — 5 ball.

— «Tibbiy ijtimoiy ekspertiza» tizimidan ro‘yxatdan o‘tganlar — 5 ball.

Ariza beruvchining ijtimoiy mezonlarga muvofiqligi mas’ul tashkilotlarning elektron ma’lumotlar bazalari asosida integratsiyalashgan tizim orqali subsidiya.idm.uz dasturiy ta’minot tizimi tomonidan aniqlanadi va ijtimoiy mezonlar asosida baholanadi.

Daromad chegarasi

Subsidiya uchun arizaga ijobiy javob olishda daromad chegarasi ham muhim hisoblanadi. Bunda ariza beruvchi va uning yaqin qarindoshlarining o‘rtacha daromadi quyidagi chegarada bo‘lishi kerak:

— Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda: MHTEKMning 2,7 baravaridan — 3,4 mln so‘mdan — 8 baravarigacha — 10,1 mln so‘m.

— Toshkent shahrida: MHTEKMning 2,7 baravaridan — 3,4 mln so‘mdan — 9,2 baravarigacha — 11,6 mln so‘m.

Bundan tashqari, ariza beruvchi va uning turmush o‘rtog‘i nomida O‘zbekistonning barcha hududlarida mulk huquqi bilan turar joy mavjud bo‘lmasligi lozim.

Subsidiya qanday hisoblanadi?

Ipoteka krediti uchun subsidiya boshlang‘ich badalning bir qismini to‘lash uchun har yilga qat’iy belgilangan miqdorda ajratiladi. Bu miqdor hozirda 30 mln so‘m qilib belgilangan va 2026 yil uchun oshirilmagan.

Bundan tashqari, ipoteka kreditlari bo‘yicha hisoblangan foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun kredit muddatining birinchi besh yili davomida 12 foizdan oshgan qismi ham to‘lab beriladi.

2025 yil va undan keyingi yillar dasturlari doirasidagi kreditlar bo‘yicha esa Markaziy bankning asosiy stavkasi — 14 foizdan oshgan qismiga subsidiya to‘lanadi.

Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaytirilgan taqdirda, banklarning ipoteka kreditlari bo‘yicha foiz stavkalari mutanosib ravishda pasayadi. Asosiy stavka oshirilgan taqdirda esa ipoteka kreditlari bo‘yicha foiz stavkalari o‘zgarishsiz qoladi.

Ipoteka krediti qancha?

O‘zbekistonliklarga subsidiya asosida ipoteka krediti Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 380 mln so‘mgacha, Toshkent shahrida esa 480 mln so‘mgacha beriladi.

Bunda foiz stavkasi banklarga qarab 16–18 foiz atrofida bo‘ladi. Boshlang‘ich to‘lovni ham amalga oshirish talab qilinadi.

Subsidiya olganlar daromad solig‘i to‘lamaydi

Uy-joy uchun subsidiya berilgan fuqarolarning ipoteka kreditlari va ularning foizlari uchun yo‘naltirilgan ish haqi hamda boshqa daromadlari daromad solig‘iga tortilmasligi belgilangan.

Bu imtiyoz qarz oluvchi va birga qarz oluvchilar daromadining bir soliq davrida mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 80 baravaridan — 101,7 mln so‘mdan — oshmagan qismiga tatbiq etiladi.

OneID orqali ruxsat berish kerak

Ariza topshirish va baholash davrida ariza beruvchi OneID tizimidagi shaxsga doir ma’lumotlarni boshqarish paneli orqali ishtirok etuvchi banklarga kredit tarixini baholash maqsadida tegishli ma’lumotlardan foydalanish uchun ruxsat bergan bo‘lishi lozim.

Shuningdek, kredit tarixini olishga vaqtinchalik cheklov o‘rnatilmagan bo‘lishi kerak. Aks holda, ariza beruvchining kredit tarixini o‘rganish imkoniyati cheklanib, bu uning arizasi rad etilishiga sabab bo‘ladi.

Harbiy tuzilmalar xodimlari bevosita Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilgan holda ariza topshirishlari mumkin.

Ariza beruvchining kredit tarixi quyidagi banklarning kamida bittasining ichki qoidalariga muvofiq bo‘lishi kerak:

«Agrobank»

«Aloqabank»

«Asakabank»

«Asia Alliance Bank»

«Biznesni rivojlantirish banki»

«Hamkorbank»

«Ipak yo‘li»

«Ipotekabank»

«Mikrokreditbank»

«Orient Finans»

«Trastbank»

«Turonbank»

«Xalq banki»

«O‘zmilliybank»

«O‘zsanoatqurilishbank»

Qaysi holatlarda subsidiya berilmaydi?

Quyidagi hollarda subsidiya ajratish rad etiladi:

— arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlar ijtimoiy mezonlarga mos kelmaganda;

— ma’lumotlar noto‘g‘ri yoki soxta bo‘lganda;

— ilgari imtiyozli ipoteka kreditlari asosida kvartira yoki uy-joy hamda subsidiya olganlar ariza berganida;

— joriy yilda hudud uchun ajratiladigan subsidiyalar soni tugaganda;

— ariza beruvchi va/yoki oilaning o‘rtacha oylik daromadi yuqorida ko‘rsatilgan miqdordan ko‘p yoki kam bo‘lganda.

Boshqa asoslar bilan rad etish mumkin emas. Ariza rad etilganidan so‘ng yana qayta murojaat qilish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, foydalanilmagan xabarnomalar soni cheklangani sababli birinchi ariza berganlarga ustunlik beriladi.

Teglar

Mavzuga oid

Ipoteka subsidiyasiga arizalar qayta qabul qilinmoqda. Kimlar olishi mumkin? | Vaqt.uz