Ispaniya AQSHga harbiy bazalaridan foydalanishni ta’qiqladi

Ispaniya Eronga qarshi ehtimoliy zarbalarda o‘z hududidagi AQSH bazalaridan foydalanishga ruxsat bermasligini bildirdi.

Ispaniya AQSHga harbiy bazalaridan foydalanishni ta’qiqladi

Ispaniya hukumati AQSHning Eronga qarshi harbiy harakatlari uchun Rota va Moron bazalaridan foydalanishiga rasman taqiq qo‘ydi. Mamlakat tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares bu qaror Madrid suvereniteti va xalqaro huquq tamoyillariga asoslanishini ta’kidladi.

Vazirga ko‘ra, AQSH bilan qo‘shma boshqaruvda bo‘lgan, ammo Ispaniya suvereniteti ostidagi ushbu harbiy obyektlar ikki tomonlama kelishuvlarda nazarda tutilmagan yoki BMT Nizomiga zid harakatlar uchun ishlatilmaydi. Uning aytishicha, bazalar har qanday operatsiyada ishtirok etishi uchun aniq huquqiy asos bo‘lishi shart.

Ispaniya bazalaridan amerika samolyoti havoga ko‘tarilgan

Reuters agentligi ma’lumotiga ko‘ra, AQSH va Isroilning Eronga qarshi zarbalari boshlanganidan so‘ng Ispaniya janubidagi bazalardan kamida 15 ta amerika samolyoti havoga ko‘tarilgan. FlightRadar24 xizmati ulardan yettitasi Germaniyadagi Ramshtayn aviabazasiga qo‘nganini qayd etgan. Gap, jumladan, Ispaniyada doimiy joylashtirilgan Boeing KC-135 Stratotanker yonilg‘i quyish samolyotlari haqida bormoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, to‘qqizta yonilg‘i quyuvchi samolyot Morondan Germaniyaga yo‘l olgan, yana ikkitasi Rotadan Fransiya janubiga uchgan. Qolgan to‘rt reysning manzili ochiqlanmagan.

Bundan avval Buyuk Britaniya ham o‘z bazalarini taqdim etish masalasida ikkilanish bildirgan edi. Biroq 1-mart kuni bosh vazir Kir Starmer «jamoaviy o‘zini o‘zi mudofaa qilish» tamoyilini asos qilib, AQSHga ruxsat berdi. Ispaniya esa AQSH va Isroilning Eron hududiga zarbalarini ochiq tanqid qildi. Bosh vazir Pedro Sanches hukumati pozitsiyasi Madrid va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarni yanada murakkablashtirishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid